O‘zbekiston | 23:23 / 17.11.2022
10470
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» tashqi ishlar vazirlari uchrashdi

Uchrashuvda O‘zbekiston TIV rahbari Vladimir Norov global beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyo Yevropa kompaniyalari uchun yangi o‘sish nuqtalariga aylanishi mumkin bo‘lgan istiqbolli bozor bo‘lishi haqida gapirdi. 

Foto: Kun.uz

2022 yil 17 noyabr kuni Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aybek Moldog‘aziyev, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Gajiyevlar qatnashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston tomoni Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanligi, Yevroittifoqning 2019 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Mazkur strategiyani amalga oshirishni tezlashtirish uchun qo‘shma «Yo‘l xaritasi» ni qabul qilish muhimligi ma’lum qilindi.

Vladimir Norov zamonaviy Afg‘oniston nafaqat tahdid va tahdidlar, balki yangi imkoniyatlar manbai ham ekanini ta’kidlab, uning yakkalanib qolishi va e’tibordan chetdan qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, og‘ir gumanitar vaziyatni hal qilish bo‘yicha choralarni ko‘rish muhimligini qayd etdi. Shu bilan birga O‘zbekiston "Tolibon" tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari bajarilishi tarafdori ekanligini bildirdi.

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbarining ta’kidlashicha, global berqarorlik sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa kompaniyalari uchun yangi o‘sish nuqtalariga aylanishi mumkin bo‘lgan qulay va istiqbolli bozorlar bo‘la oladi.

Mavzuga oid