16:16 / 15.12.2022
43015

Fransuzlarda ayolning jamiyatdagi o‘rni, kelin va qaynona obrazi: Fransiyaga kelin bo‘lgan xorazmlik tikuvchi qiz hikoyasi

Bugungi qahramonimiz o‘zbek jamiyatida ham, Fransiyada ham o‘z o‘rniga ega ayollardan. Navbahor Xaniyazova Fransiyada «Bahor» brendiga asos solgan. Muhojirlarga yordam berib, ularning hayotda o‘z o‘rnini topib ketishiga ko‘maklashadi.

Navbahor opa bilan fransuz va o‘zbek jamiyatida ayollarga bo‘lgan munosabat, ikki millatda kelinlik, qaynonalik pozitsiyasidagi farq va o‘xshashliklar haqida suhbatlashdik. Shuningdek, xotin-qizlarning shaxs sifatida rivojlanishida jamiyatning tutgan o‘rni haqida fikrlashdik.

— Navbahor opa, Fransiyaga borishingiz, «Bahor» brendining haqiqiy brendga aylangunga qadar bosib o‘tgan yo‘lingiz haqida so‘zlab bersangiz.

— Xorazmda oddiy oilada dunyoga kelganman. Baliqchi va tikuvchining qiziman. Yoshligimdan til o‘rganishga qiziqardim. Maktabda bizga fransuz tilini o‘qitishardi. Paxta dalasida, sholipoyalarida Fransiya madhiyasini yodlab, akalarimga aytib yurardim.

Shu qiziqish sabab O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga fransuz tili yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga topshirdim. Konraktga o‘qishga kirdim, lekin bilardimki, o‘sha vaqtda meni o‘qitishga ota-onamning imkoni yetmasdi.

Onamdan dizaynerlik kursiga borishga ruxsat berishlari va kelgusi yil yana o‘qishga topshirish uchun ruxsat so‘radim. O‘zlari ko‘p qiynalganliklari uchunmi, onam meni qo‘llab-quvvatladilar. Bir yil davomida bir nechta joyda ishlab, tikuvchilikni o‘rgandim. Kelgusi yil yana kontraktga o‘qishga kirdim.

Onam nima qilib bo‘lsa ham o‘qishimga pul topishlarini, otamni o‘zlari ko‘ndirishlarini faqat yuzlarini yerga qaratmasligim kerakligini aytib, meni o‘qishga jo‘natdilar.

O‘qish davomida ham ko‘p joylarda ishladim. Lekin baribir eng ko‘p kuchimni yaxshi o‘qishga qaratardim. Chunki mening baho olish uchun pora berishga imkonim yo‘q edi. Jamiyatda o‘z o‘rnimni topolmaganim va ishga joylashish uchun tanish-bilishlarim yo‘qligi sabab ketishga qaror qildim.

2007 yilda madaniy almashinuv dasturi bo‘yicha Fransiyaga ketdim. Vaqt o‘tgani sari tushunib yetdimki, men onamning kasbini — tikuvchilikni rivojlantirishim kerak. Qarz ko‘tarib, tikuv mashinasi sotib oldim. Asta-sekin hunarim ortidan pul topa boshladim.

2009 yilda Nikolya bilan tanishdim. U O‘zbekistonga keldi. Uch hafta gazsiz, suvsiz qishloq hayotida yashadi. Men chidolmasa kerak, aniq qochib ketadi, deb o‘ylagan edim. Lekin u chidadi. Uydagilarimning sinovidan o‘tganidan so‘ng, biz oila qurdik.

Farzandli bo‘ldik. Hayotimiz yaxshi edi, lekin doim miyamda nimadir qilish kerak, degan fikr aylanardi. Qayerdadir ish boshlasam, ko‘nglim to‘lmasdi. O‘zbekistondan shuning uchun kelganmiding, sen yaxshiroq nimadir qilishing kerak, degan fikr tinchlik bermasdi.

Tikadigan liboslarimga paxta guli belgisi bilan «Bahor» deb yozib emblema qo‘yadigan bo‘ldim. Shu mening brendim bo‘ladi, dedim. Tikyapman, narsalar sotilyapti, ketyapti, lekin «vauv» deydigan narsa bo‘lmayapti. Demak, hali ishlab chiqarayotgan mahsulotlarim brend darajasiga yetmadi, deganman. Brend bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligini u paytda bilmasdim.

Fransiyaning ayrim joylarida chet elliklarning konsentratsiyasi bor. Ular bilan gaplashib ko‘rsangiz hayotni faqat qora ranglarda ko‘radi. Chunki uyi va bozordan boshqa joyni ko‘rmagan. Jamiyatga aralashmagan. Til bilmaydi, qo‘lida hunari yo‘q.

Bir kuni turmush o‘rtog‘im Nikolya aytib qoldi: «Sen shu ayollar bilan nimadir qilsang bo‘ladi-ku, sen tikishni bilasan, ularga hunaringni o‘rgatishing mumkin, til bilasan, til o‘rgatishing mumkin». Qanday qilaman, dedim. O‘sha paytda 2014-2015 yillarda assotsiatsiyalarni bilmasdim. Hokimiyatga borib nima qilmoqchiligimni tushuntirdim.

Ular g‘oyamga qiziqib qolishdi. Qayerga borishni tushuntirishdi. O‘sha paytda xalqaro maktabga grand yutib oldim. 6 oy davomida biznes reja qanday qilinadi, loyihaning ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatlarini rivojlantirishni batafsil tushuntirib berishdi.

— Loyihangizning ijtimoiy va ekologik ahamiyati nimada?

— Onam tikuvchi edi. Qishloqda barcha qiynalgan ayollar onamning oldiga kelardi. Eridan kaltak yeganmi, moddiy jihatdan qiynaladimi, hammasi onamning oldiga kelardi. Onam shu ayollar uchun kerakli joylarga borib yordam berardi.

Olti oylik o‘qishni tamomlaganimda o‘zimga aytdimki, «Bahor» brendi mana shu bo‘ladi, jamiyatda qiynalgan ayollarga yordam beradi. Haqiqiy kadrlar tayyorlaydi, ayollarning o‘z o‘rnini topishiga yordam beradi.

Oldimga bir necha vazifalar qo‘ydim: birinchidan, nafaqat ish berish, ayollarni ichdan rivojlantirish. Ayollarga birinchi navbatda til o‘rgatish. Kut-kultura, deyiladi chet elda. Til bilmaganidan keyin fransuzlar bilan aloqa yo‘q. Aloqa bo‘lmaganidan so‘ng jamiyatda o‘rnini topishga qiynaladi.

Til va madaniyatini o‘rgatib, keyin tikish-bichish sohasida ularni professional qilish. Shundan so‘ng ularni ishga joylashga yordam berish yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman desa, kuzatib borish. Birdan ularni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki tadbirkorlikning boshi hamisha qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ularning yonida turish, bir-ikki yil muammosini yechishga yordam berish kerak.

Siz qilib bermaysiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatasiz, o‘zi qiladi. Shu orqali tajriba orttiradi. Bu — ijtimoiy tarafi.

Ekologik tomoni bu, bilasizki, tekstil sohasi dunyoda ekologiyani ifloslash jihatidan neft sohasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Tabiatga zarari katta, bo‘yoqlar, yana suv sarfining ko‘pligi jihatidan. Ayniqsa, Fransiyada lyuks sohani ushlab turganidan keyin ularda chiqindi ko‘proq.

Chiqindilarni tashlashadi yoki yoqib yuborishadi. Men borib o‘sha chiqindilarni olib, o‘shalardan kiyim yarataman, dedim. Shu jihatidan ham «Bahor» brendi ekologik mas’uliyatli brend hisoblanadi.

— Matoning chiqindisi deganda odatda hech narsaga yaramaydigan mayda qiyqimlar tushuniladi. Siz aytayotgan chiqindi qanday?

— Chiqindi deganim uchun Fransiyada ham boshida juda yomon qabul qilishgan, omma tomonidan. Aslida, ko‘pchilik korxonalar lyuksga ishlagani uchun matoning tarkibida bitta ham tola uzilmagan bo‘lishi kerak. Bitta tola uzilgan bo‘lsa ham u chiqindiga tashlanadi. Biz o‘shalarni tannarxida sotib olamiz. Bu uncha-muncha davlatlarnikidan sifatli bo‘ladi.

— Fransuz va o‘zbek jamiyatining ayolga bo‘lgan qarashlarida qanday farq bor?

— Fransiyada ayol ancha qadrlanadi va ayolning xohishi hurmat qilinadi. O‘zbekistonda ham tashqaridan qaralganda bunga siyosiy xohish bilinyapti. Lekin hali qilinadigan ishlarimiz ancha ko‘p. Ayniqsa, tarbiyaga e’tibor qiladigan bo‘lsak, qizlarni yoshligidan uy ishlarini qiladigan odam emas, balki ulardan kadr, injyener chiqarishga harakat qilsak, albatta hayoti chiroyli bo‘ladi. Qiz bolaga ham, o‘g‘il bolaga ham bir xil ishonch bildirishimiz kerak. Hozircha o‘zgarishning boshlanishi sezilyapti.

— Fransuz va o‘zbek ayollarining dunyoqarashida farq sezasizmi?

— Albatta seziladi. Chunki fransuz ayollari ko‘proq mustaqil fikrlaydi. Qo‘shnim gapiradi, odamlar nima derkin, demaydi. O‘zi xohlaganini qiladi va buning uchun afsuslanmaydi.

Bizda ko‘proq ayollarimiz ota-onam nima deydi, odamlar nima deydi, deb o‘zini jamiyat qurboniga aylantiradi. Birovni istagini bajarish uchun o‘zi baxtli bo‘lmaydi. Ko‘pchilik qizlarda, ayniqsa viloyatlarda seziladi. Bu men uchun achinarli hol.

Baxt deganda men faqat oila, farzand ko‘rishni tushunmayman. Oilada ham, jamiyatda ham o‘z o‘rnini topish men uchun muhimroq. Mana shu muammolarda ishlarimiz ko‘proq.

— Jamiyatning qurboniga aylanadi, deb aytib o‘tdingiz. So‘nggi paytda suitsid darajasi ko‘payib ketdi. Buning ko‘p qismi oilali ayollarga to‘g‘ri kelmoqda. Sabab qilib, eri yoki qaynonasi tomonidan bosimga uchrashi ko‘rsatilmoqda. Fransiyada qanday?

— Ayollarga zo‘ravonlik butun dunyoda mavjud illat. Fransiyada ham bor. Har bir millat vakillari orasida bor bu narsa. Lekin O‘zbekistonga nisbatan ancha kam. Chunki u yoqda haqiqiy assotsiatsiyalar, davlat idoralari ularga hech qachon befarq qarashmaydi. Kichkinagina muammo bo‘ldimi, bu tezda inobatga olinadi. Ayniqsa, farzandli ayollarga.

Bu O‘zbekistonda qanchalik kuchga kirgan men bilmayman. Boya aytganimdek yoshligidan ta’limni qurol qilish, qizlarda o‘ziga ishonchni shakllantirish kerak. Ayrimlarda eshitaman, uyga qaytib kelma, yuzimni qora qilasan, deyishadi.

Shundaylarga qizim, sen hunar o‘rgangin, qizim sen o‘qigin, shu vaziyatdan chiqib ketasan, deb tayyorlasa, bunday vaziyatlar ancha kamayadi. Keyingi avlod ham onasiga qarab harakat qiladi. Ming afsus, ba’zilar juda konservativ oilalarga tushib qolgach, kelinning suyanadigani yo‘q, eri balki ishlagani chet davlatga ketgandir, balki xotini bilan ishi yo‘qdir, balki ular illyuziyada turmush qurgandir.

Haqiqiy muhabbat bu ich-ichidan bir-birini tushunish, hurmat qilish men uchun. Qanday bo‘lsa, shundayligicha, kamchiligi bilan qabul qilish. Sevgi — bu snapchatda yurakchalar qo‘yish emas. Bir-birini tushunish, yordam berish. Urush yoki, haqoratlash emas.

Men hech qachon birov mening hayotimni hal qilishini istamaganman. O‘zingiz javobgarsiz hayotingiz uchun. Uni chiroyli qilish, tushgan vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilish ham o‘z qo‘lingizda.

— Aytganingizdek, aksar oilalarda kelinning suyanchig‘i yo‘q. Kelinga past nazar bilan qarash bor. O‘zbek qaynonasi deganda zug‘umkor ayol ko‘z oldiga keladi ko‘proq. Fransiyada kelin, qaynona obrazi qanday?

— Mana olti oydan buyon O‘zbekistonda ishlayapman. Haqiqatan ham qaynona desa, ayrim kelinlar titrab ketadi. Kobra eslanadi. Albatta, qaynonalarning hammasi ham unday emas.

Fransiyada bu tabiiy qabul qilinadi. Munosabatlar o‘zaro hurmat bilan qurilgan. O‘z hayotim misolida gapiradigan bo‘lsam, biz qaynona bilan birga yashamaymiz. 18–20 yoshdan bolalar mustaqil yashashga o‘rgatiladi. Shu vaqtgacha ko‘rmadim, bir tom ostida yashagan qaynona-kelinni.

Albatta, ko‘rishib turamiz. Jamiyat, muammolar, ishlar haqida gaplashamiz. Qaynonam nabiralarini ko‘rganidan xursand bo‘ladi. Totuvlik, hamjihatlik bor oramizda. Qaynonam men uchun, men qaynonam uchun xizmat qilishimiz mumkin. Bunga tabiiy qaraladi. Kelin shaxs sifatida qabul qilinadi.

Avtoritar qaynonalar ham bor. Lekin ancha kam.

— Urf-odatlar, to‘y marosimlari, quda-andachilik munosabatlari qanday?

— Turmush qurayotganda avvalo yigit bilan qiz qaror qabul qilishadi. Hamma sharoitidan kelib chiqqan holda harakat qiladi. Xarajatlar uchun kelin va kuyov ham birdek hissa qo‘shishadi. U jamiyatda hamma ishlaydi. To‘y uchun hech kim qarz olmaydi.

Shundan so‘ng hech qanday urf-odatlar, chorladi, beshik to‘y kabilar yo‘q. Tug‘ilgan kunlarda, birlashtiradigan bayramlarda yig‘ilishamiz, bo‘ldi. Qo‘y so‘ygin, u qil, bu qil degan narsalar yo‘q.

— Ayol kishining shaxs sifatida rivojlanishi uchun qaysi omillar rol o‘ynaydi?

— “Botqoq”qa tushib qolgan ayol ikki kunda o‘ziga kelmaydi. Bu judayam uzun protsedura. Yillar ketadi bunga. Shuning uchun psixologlardan, boshqalardan diagnozini olib, hayoti xavf ostida turibdimi, muammolarini darhol hal qilish kerak.

Hayoti xavf ostida turibdimi, avvalo aniqlashadi, u uchun nima muhim? Nima qilishni xohlaydi, qayerga yo‘naltirish kerak, balki unga haqiqiy psixologik yordam kerakdir. Ana shularni hisobga olgan holda asta-sekinlik bilan ayolni jamiyatga qaytaradi.

Ayol o‘zini tiklab olganidan keyin, endi u tayyor ishlashga yoki tadbirkorlikka. Bu ayolning o‘ziga bog‘liq jarayon. U o‘zini botqoqqa tashlab, bo‘ldi, men tamom bo‘ldim, endi o‘laman, desa hech narsa qilolmaysiz. Chunki ichida xohish yo‘q.

Ko‘pchilik ayollar farzandi uchun harakat qilishadi. Lekin aslida avvalo o‘zi uchun, keyin farzandi uchun harakat qilishi kerak.

— Muhojir ayollarning tilini, madaniyatini bilmagan davlatga borishga nima majbur qilgan?

— Ellikka yaqin ayollar bilan suhbatlashganimda, barchasidan so‘raganman, nimaga, nimaga, nimaga? Kimdir turmushga chiqqan, kimdir kimgadir ishonib kelib qolgan. Jamiyatda soatiga 10 yevro topaman deb ishga berilib ketadi-da, til qolib ketadi. Yoki ishini yo‘qotib qo‘yadi-da, til bilmagani uchun boshqa ish topolmaydi.

Chunki u jamiyatga kirish uchun fransuz tilini bilish kerak. Kommunikatsiya bu eng kerakli narsa. Kommunikatsiya bo‘lmasa biz aloqa qilolmaymiz. Jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun, ish topish uchun tilni bilish kerak.

Nega kelding, qanday kelib qolding, deb so‘raganimda ba’zilari men qaytib ketishni xohlardim, deydi. Fransiyada ayolning xohishi hurmat qilingani uchun ham u qaytib ketishga haqli, lekin uning farzandi bor, u majbur bo‘ladi o‘sha yerda qolishga.

Muammolar har xil, bir xil emas. Yechimi ham turlicha. Kaltak yegan, zo‘ravonlik, muammolar o‘xshash bo‘lishi mumkin, lekin sabablar har xil.

Shu muammolar ichiga o‘zini tashlab yuborganlar ham bor. Men bir o‘zim bu muammoni yecholmasdim. Boshqalardan yordam so‘rayman. Qanday qilsak bo‘ladi, nima qilsak hayotga qaytarolamiz, deb.

— Fransiyadagi «Bahor» brendining ishini O‘zbekistonda ham tashkil qilish niyatingiz borligini aytgan edingiz. Olti oydan buyon Xivada ish olib borayotgan ekansiz. Nimalar qildingiz?

— Aynan tikish-bichish bilan bog‘liq bo‘lmadi-yu, turizm sohasi bilan bog‘liq ish ochdik. Xivadan bir restoran olishga muvaffaq bo‘ldik. U yerda aynan temir daftarga kiritilgan, jamiyatdan chetga chiqib ketgan ayollar bilan ishlashga harakat qilyapman.

Chunki faqat mablag‘ tomonidan emas, bu avvalo insoniy mas’uliyat. Bir-birimizga yordam berishimiz kerak. Harakat qilyapman, shunday ayollarga ko‘proq yordam berishga.

— «Ayollar daftari», «Temir daftar» dedingiz. Demak, O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlardan xabaringiz bor. Fransiyada ham shunday «daftar»lar bormi?

— Aynan bunday daftarlar yo‘q, lekin assotsiatsiyalar bor. O‘ta og‘ir ahvoldagi ayollar bo‘lishi mumkin, jismoniy tomondan zo‘ravonlikka uchragan yoki tashlab ketilgan ayollar bilan ishlaydigan assotsiatsiyalar bor. Hujjatsiz yurgan ayollarning huquqlarini himoya qiladigan tashkilotlar bor.

Iqtisodiy, ish orqali yo‘lini topishga ko‘maklashadigan tashkilotlar bor. Ulardan o‘tib keyin menga kelishadi. Shunday bo‘lak-bo‘laklarga bo‘linganmiz-u, lekin birga ishlaymiz.

— Til bilmay turib chet davlatga ishlagani ketayotgan ayollarga nima degan bo‘lardingiz?

— Bir sirni aytaymi? Hozir O‘zbekistonda ish ko‘p. Rivojlantirilmagan, egallanmagan sohalar talaygina. O‘ylashadiki, 500 dollar ko‘proq topaman, uy olaman, mashina olaman, deb. Bu milliy mentalitetga aylanib qolgan.

Men uchun eng achinarli hol, bu farzandlarni tashlab ketish aslida. Chunki yoshligimda onam ko‘p kasal bo‘lib, davolanishga ketgani sabab shu qo‘rquv bilan katta bo‘ldim. Hozir ayniqsa, farzandlar uchun bu muhim. Ayniqsa, telefon, internet bor. Xavf qo‘limizda yuribdi bunday olib qaraganda. Har xil oqimga kirib ketishi mumkin.

Onaning yoki otaning borligi farzand uchun tayanch aslida.

Ishonasizmi, bizni hech kim u yerda kutib turgani yo‘q. O‘z joyimizni o‘zimiz qilishimiz kerak. Siz tayyormisiz shu narsaga? Har tomonlama bu psixologik tomondan, jismoniy tomondan, iqtisodiy tomondan? Fundamentni O‘zbekistonda boshlab, keyin borsa bo‘ladi.  

Charos Mannonova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid
Top