20:48 / 25.12.2022
21274

Putin rossiyaliklarning 99,9 foizi «vatan manfaati yo‘lida borini berishga tayyorligi»ni aytdi

Foto: Kreml sayti

RF prezidenti Vladimir Putinning fikricha, rossiyaliklarning aksar qismi o‘z mamlakati uchun «borini berishga» tayyor. Bu haqda u «Rossiya 1» telekanalining «Moskva. Kreml. Putin» dasturida boshlovchining Putinni bu urush davomida nima hayratga solgani haqidagi savoliga javoban aytib o‘tdi.

«Kimdir o‘zini haqiqiy vatanparvardek tutmaganining ajablanarli joyi yo‘q. Chunki har qanday jamiyatda avvalambor shaxsiy manfaatini, qandaydir shaxsiy rejalarini o‘ylaydiganlar topiladi. Men, to‘g‘risini aytaman, ularni ayblamayman. Har bir inson tanlov huquqiga ega.

Ammo vatan manfaati yo‘lida borini qo‘yishga tayyor bo‘lgan xalqimiz, odamlarimizning 99,9 foizi haqida gapirsak, bu o‘rinda men uchun g‘ayrioddiy narsa yo‘q. Bu shunchaki meni Rossiya alohida mamlakat ekaniga yana bir bor ishontirdi. Bizda alohida insonlar yashaydi. Bu Rossiyaning butun tarixi davomida tasdiqlangan, bugun ham yana bir bor shunday bo‘lmoqda», degan u.

U shuningdek Ukrainadagi urushdan maqsad rus xalqini birlashtirish ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 2014 yildagi «davlat to‘ntarishi»dan keyin Ukrainada yashovchilarni «himoya qilish»ga majbur bo‘lgan. U bu urush zamirida «geosiyosiy raqiblarning Rossiyani, tarixiy Rossiyani ajratib olishga qaratilgan siyosati» yotgani haqida gapirdi.

«Bo‘lib tashla, hukmronlik qil. Ular har doim shunday qilishga harakat qilgan va hozir ham bunga intilmoqda. Bizning maqsadimiz esa boshqa narsa — rus xalqini birlashtirish», deydi u.

  • Dekabr oyi boshida 2022 yilda Vladimir Putinning 10 yil mobaynida, har yili dekabr oyida o‘tkazib kelingan katta matbuot anjumani o‘tkazilmasligi ma’lum bo‘lgandi. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi razvedkasi xabar berishicha, matbuot anjumanini unda Rossiyaning Ukrainaga bosqini bo‘yicha «noqulay savollar» berilishi xavfi borligi tufayli bekor qilishgan. Shu haftada Kreml 2022 yilda Putin Federal kengash qarshisida ham chiqish qilmasligini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
Top