Aqto‘be oblastida noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘lda qolib ketgan ikkita yo‘lovchi avtobusidan 69 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Ular umumta’lim maktabi va masjidga vaqtincha joylashtirilgan.
![](https://storage.kun.uz/source/9/cTdgqmaVB2TZwpXLIDU_2O18inz6Xmp8.jpg)
11 yanvar kuni Qozog‘istonning bir necha kundan buyon sovuq harorat (-30 darajagacha) kuzatilayotgan Aqto‘be oblasti hududida, «Samara—Chimkent» avtomobil yo‘lida O‘zbekistonning jami 69 nafar fuqarosi bo‘lgan ikki avtobus noqulay ob-havo tufayli yo‘lda qolib ketdi. Qozog‘iston FVV xabariga ko‘ra, noqulay ob-havo oqibatida yo‘l to‘silib qolgani sababli barcha yo‘lovchilar Irg‘iz rayoni hududidagi umumta’lim maktabiga joylashtirilgan.
Bu avtobusda Qozog‘istonning 3 nafar va O‘zbekistonning 38 nafar fuqarosi bo‘lgan.
![](https://storage.kun.uz/source/9/OJMRKJ2fzFyS4A9kSRe-X3mT56t0jJPz.jpg)
Shu kuni Aytekebiy rayonida, xuddi shu trassaning 968-kilometrida yana bir yo‘lovchi avtobusiga yordam zarurligi haqida ma’lumot kelib tushgan. Avtobusda O‘zbekistonning 31 nafar fuqarosi bo‘lgan. Ular Qorabutak qishlog‘idagi masjidga joylashtirilgan.
![](https://storage.kun.uz/source/9/PmqdencNAoRWIZwPh2iXlX_p-5PTy6zp.jpg)
Bundan oldinroq Rossiyaning Nijniy Novgorod oblastida 40 daraja sovuqda qolgan «Moskva-O‘zbekiston» yo‘nalishidagi mikroavtobusning 19 nafar yo‘lovchisi politsiya tomonidan qutqarilgani xabar qilingandi.