Jahon | 11:55 / 18.02.2023
13168
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiyaning 2023 yildagi mag‘lubiyatiga ishonaman

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasi ochilishida nutq so‘zladi. U ittifoqchilarni Kiyevga yordam berishga shoshilishga chaqirdi.

Foto: EPA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning yaqin oylarda o‘z mamlakatiga qarshi urushda mag‘lubiyatga uchrashiga qat’iy ishonmoqda. 17 fevral, juma kuni ochilgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida Zelenskiy: «Rossiya allaqachon yutqazishni boshlagan», dedi. 

Zelenskiy G‘arb davlatlariga Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda harbiy yordam ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirdi: «Bizning g‘alabamizga muqobil yo‘q va qat’iyatimizga muqobil bo‘lishi kerak emas». Shu bilan birga, u qurol-yarog‘ yetkazib berish hali yetarlicha tez bo‘lmagan, deb hisoblaydi. Endi Putin o‘z tajovuzkorligi uchun vaqt orttirishga harakat qilmoqda. U hali ham ko‘p odamlarning hayotini yo‘q qilishi mumkin, «shuning uchun bizga tezlik kerak», deb tushuntirdi Zelenskiy. Bizning hayotimiz bunga bog‘liq, dedi u.

Myunxendagi siyosatchilar va ekspertlarning uchrashuvi 19 fevral, yakshanbaga qadar davom etadi. Ishtirokchilar diqqat markazida - bir yil avval boshlangan Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi muhokamasi forumda asosiy mavzu hisoblanadi. Urush «shunchaki Yevropa mojarosi emas», uning oqibatlari qit’adan tashqarida ham bor - g‘alla ta’minoti, energiya narxlari va inflatsiyaga ta’sir, dedi vazir forum chog‘ida jurnalistlarga.

Germaniya kansleri Olaf Shols Myunxendagi konferensiya ochilishida so‘zlagan nutqida Germaniyaning mudofaa xarajatlarini YaIMning ikki foizigacha oshirish niyatini tasdiqladi, biroq bu chegaradan oshib ketish ehtimoliga izoh bermadi. Shu bilan birga, Germaniya hukumati rahbari ittifoqchilarni Ukrainaga tanklar yetkazib berishda faolroq ishtirok etishga chaqirib, Berlin bu qarorga moddiy-texnik ta’minot, shuningdek, ukrainalik askarlarni o‘qitish orqali hissa qo‘shishiga va’da berdi. «Men uchun bu Germaniyadan qanday yetakchilik kutish mumkinligiga misol», dedi Shols.

«Ukrainaliklar o‘z erkinliklarini katta fidoyilik va mutlaqo ta’sirchan qat’iyat bilan himoya qilmoqdalar. Biz esa ularni faol va zarur bo‘lgan vaqt davomida qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi kansler.

Bu yil anjumanda dunyoning turli burchaklaridan 40 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, 90 ga yaqin vazirlar, shuningdek, yuzlab siyosatchilar va ekspertlar ishtirok etmoqda. Forumda Rossiya hukumati delegatsiyasi bo‘lmaydi, xuddi 2022 yildagidek - o‘shanda forum Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha kun oldin o‘tkazilgan. Forumga Rossiya rasmiylari o‘rniga rossiyalik muxolifatchi va faollar, jumladan Mixail Xodorkovskiy, Dmitriy Gudkov, Garri Kasparov va Yuliya Navalnaya taklif etilgan.

Rossiyani joriy forumga taklif qilmaslik qarorini sharhlar ekan, Myunxen xavfsizlik konferensiyasi raisi Kristof Xoysgen bu tashkilotchilar uchun oson bo‘lmaganini ta’kidladi. «Rossiya vakillarini mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga umid bo‘lganida taklif qilish mumkin edi. Biroq, Vladimir Putinning bayonotlari bu yo‘nalishda harakatga hech qanday joy bermaydi», - dedi MSC rahbari.

Myunxen Xavfsizlik konferensiyasi 1962 yilda NATOga a’zo mamlakatlarning «mudofaa mahkamalari vakillarining yig‘ilishi» sifatida tashkil etilgan. Unda 1990-yillarning oxiridan boshlab Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlaridan siyosatchilar va harbiy xizmatchilar qatnashmoqda. Forumning o‘zida hech qanday qaror qabul qilinmaydi, biroq ikki tomonlama uchrashuvlar an’anaviy tarzda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid