Sinoptiklar martda ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi
Bahorning birinchi oyi – mart kirib keldi. O‘zbekistonda mart oyi haroratning keskin o‘zgarib turishi, bunda havoni tez sur’atlarda isish davrlari keskin sovuq davrlar bilan almashinishi, ba’zida qisqa muddatga yomg‘ir qorga aylanishi va kechasi harorat sovuq darajasigacha pasayishi bilan tavsiflanadi.
«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida 1972 yilning mart oyi eng sovuq bo‘lgan, hatto mart oyining uchinchi o‘n kunligida ham harorat kechalari –10...–15 darajagacha pasaygan.
So‘nggi yillar O‘zbekistonda mart oyida asosan iliq ob-havo kuzatilmoqda. 2008, 2016 va 2018 yillarning mart oylari barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq uchlikka kirdi. Eng issiq kunlarda harorat +30...+32 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +35...+37 darajagacha ko‘tarilgan.
O‘zbekistonda mart oyi – yog‘ingarchilik miqdori va yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar soni bo‘yicha yil davomida eng yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan oy deb hisoblanadi. Shimoliy hududlarni va cho‘l zonasini hisobga olmaganda, mart oyida o‘rtacha 10 kundan 15 kungacha yog‘inli kunlar kuzatiladi.
Bu yil mart oyi juda iliq ob-havo bilan boshlanadi. Mart oyining birinchi o‘n kunligida havo harorati kunduz kunlari +17...+22 darajagacha, ayrim kunlarda +24...+27 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +29 darajagacha ko‘tariladi.
5–6 mart kunlari va o‘n kunlik oxirida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yomg‘ir paytida kunduzgi havo harorati biroz pasayadi, bunday holatga qaramay, mart oyining birinchi o‘n kunligi me’yordan nisbatan iliqroq bo‘ladi.
Mart oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +7...+12 darajadan 0...+5 darajagacha (ba’zi joylarda –2 darajagacha bo‘lishi mumkin), kunduz kunlari +20...+25 darajadan +10...+15 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida (har bir o‘n kunlikda 1–3 kundan) asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.