Jahon | 18:34 / 03.03.2023
16063
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun O‘zbekistondan foydalanishi mumkin – AQSh

AQSh biznesni Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishga chaqirdi.

Foto: AP

AQSh ma’muriyati biznes vakillarini Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga amal qilishga chaqirdi. Vashingtonning ogohlantirishicha, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun turli xil usullarni qo‘llashi mumkin, jumladan uchinchi davlatlar orqali.

3 mart kuni AQSh ma’muriyati amerikalik biznes vakillarini Rossiyaga nisbatan Ukrainadagi urush tufayli joriy qilingan sanksiyalarga amal qilishga chaqirdi, deb xabar berdi DW agentligi Reuters ma’lumotlariga tayanib.

AQSh Adliya, Savdo va Moliya vazirligining qo‘shma bayonotida sanksiyalarga rioya qilmaslik jinoiy javobgarlikka yoki boshqa majburlov choralariga olib borishi mumkinligi haqida ogohlantirish bor.

Hujjatda aytilishicha, xususiy kompaniyalar sanksiyalarni chetlab o‘tish usullaridan xabardor bo‘lishi kerak: masalan, soxta yoki taxallus ostida harakat qiladigan kompaniyalardan foydalanish, sanksiya ostidagi tovarlarni yashirin tarzda yetkazib berish.

Qayd etilishicha, Xitoy, Armaniston, Turkiya va O‘zbekiston kabi davlatlardan taqiqlangan tovarlarni Rossiya yoki Belarusga noqonuniy yo‘naltirish uchun «transport punktlari» sifatida foydalanishlari mumkin.

«Barcha turdagi kompaniyalar sanksiyalarga qat’iy amal qilish orqali mas’uliyat bilan harakat qilishi kerak», deyiladi bayonotda.

Yevropa Ittifoqining Eurostat statistika xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushning dastlabki to‘qqiz oyida Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga tovarlar yetkazib berish hajmi 47 foizga kamaygan. Xuddi shu davrda Rossiyaning qo‘shni davlatlari, masalan, Gruziya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga Yevropa mahsulotlarini yetkazib berish 48 foizga oshgan.

G‘arb davlatlari bunday «tranzit nuqtalari»ga barham berishga harakat qilmoqda. Masalan, dekabr oyida Yevropa Ittifoqi o‘tgan yil davomida Rossiya bilan savdo hajmini oshirgan Turkiya hukumatini o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Bundan tashqari, 2 mart kuni AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya vakillari Birlashgan Arab Amirliklari bilan Rossiyaga tovarlar reeksportini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, G‘arb rasmiylari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan elektron komponentlar yetkazib berilishidan xavotirda.

Mavzuga oid