Toshkent tumanining ma’rifat va ma’naviyat maskanlari
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatida bir nechta yo‘nalish, xususan, ta’lim, tibbiyot, umuman ijtimoiy sohaga ko‘proq e’tibor berilishi haqida gapirdi. O‘z navbatida 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlandi.
Aytish mumkinki, yurtimizda ijtimoiy obektlarni rivojlantirish, zamon talablariga moslashtirish uchun keng qamrovli harakatlar boshlandi. Davlat dasturi, investitsiya dasturi asosida ko‘plab maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, madaniyat muassasalari, mahalla binolari qurilyapti, ta’mirlanyapti. Bu borada xususiy sektorlarning alohida o‘rni bor. Ya’ni hududlarda bu kabi xayrli ishlarga saxovatli tadbirkorlarning ham hissasi qo‘shilmoqda. Homiylik mablag‘lari asosida har yili hududlarda ijtimoiy muassasalar zamonaviy qiyofa kasb etyapti.
Toshkent tumanida ochilish arafasida turgan 9-maktabgacha ta’lim tashkiloti ham aynan tumanda maktabgacha ta’limni rivojlantirish maqsadida filontropik usulda qurilgan inshootlardan. Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda homiy o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra 360 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chaning qurilish ishlari boshlanganidan so‘ng hududdagi aholining talab va istaklari hamda maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olib, loyiha quvvati 560 o‘ringa kengaytirildi. Ilgari 140 o‘ringa mo‘ljallangan, hozirda esa 560 o‘rinli bog‘cha sifatida faoliyat yuritishni boshlaydigan bu ta’lim maskani chet tillarini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan. Hasanboy, Hasanboy guzari, Bahor hamda Toshkent shahri Yunusobod tumani hududlaridan qatnaydigan maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar qamrab olinadi.
Yana bir foydalanishga topshirish arafasida turgan Oqtom mahallasida joylashgan 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti ham bugun ko‘zni quvontiradi. Ushbu obekt ham homiylik mablag‘lari hisobidan qurilgan. Mahalla Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh hudud hisoblanib, zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti aholining ko‘p yillik talablaridan biri. Bu maskanning foydalanishga topshirilishi hudud aholisini juda quvontirishi shubhasiz.
Umuman olganda, oxirgi 2-3 yillar oralig‘ida Toshkent tumanida bir nechta madaniyat va ma’rifat maskanlari faoliyat boshladi.
Xususan, tuman markazidagi madaniyat markazi butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Hududda aholining maroqli dam olishi uchun sayilgoh tashkil qilindi. Tumanning bayram tadbirlari, sayil-tomoshalarida aholi aynan shu mavzeda madaniy hordiq chiqarishga odatlandi va bu ishlarga ham homiylik mablag‘lari jalb qilindi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, tumandagi Oqtom mahallasida joylashgan 200 o‘rinli Madaniyat markazi ham aynan madaniyat maskani sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Zamonaviy inshoot Axborot-kutubxona markazi hamda kompyuterlar bilan jihozlangan IT xonasiga ega. Ushbu maskandan bugungi kunda yoshlar va hududdagi ziyoli qatlamning qadami uzilmayapti.
Yana bir filontropik usulda qurib bitkazilgan inshoot bu Qashqarliq mahallasidagi 200 o‘rinli madaniyat markazi binosi. Bugungi kunda bu yerda bolalar uchun ko‘pgina to‘garaklar faoliyat olib bormoqda.
Qorasaroy mahallasidagi Madaniyat markazi va mahalla idorasi binosi ham homiylik mablag‘larini jalb qilgan holda qurib bitkazilgan inshootlardan.
Muxtasar aytganda, Toshkent tumanida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” Davlat dasturida belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun zarur ma’rifat va ma’naviyat maskanlari barpo qilingan. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirishimiz mumkin. Toshkent tumanida aytish mumkinki, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘z navbatida ular tomonidan ham xalqimiz ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan loyihalarga bosh qo‘shish holati odatga aylangan. Bu samarali hamkorlik odamlarimizning roziligi, ehtiyojlarini qondirishga ham xizmat qilyapti, deb bemalol ayta olamiz.
Toshkent tumani hokimligi axborot xizmati