12:25 / 08.04.2023
9980

Blinken: Sulh Rossiyaning Ukraina hududlarini egallaganini tasdiqlovchi hujjatga aylanmasligi kerak 

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Rossiyaning Ukrainadagi bir qator hududlarni egallab olganini tasdiqlovchi hujjatga aylanmasligi kerak, deydi AQSh davlat kotibi. 

Foto: Getty Images

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida sulh bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun hozirgi bosqichda hech qanday sabab ko‘rmayapti. Bu haqda Amerika tashqi siyosat idorasi rahbari 7 aprel, juma kuni Funke media-guruhi va Fransiyaning Ouest-France gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi

«Agar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mojaroning to‘xtab qolishiga, Rossiyaning Ukrainadagi ayrim hududlarni egallab olishini ratifikatsiya qilishga olib keladigan bo‘lsa va bu Rossiyaga o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda qayta kuch to‘plash, dam olish, keyin yana hujum qilish imkonini beradi deb talqin qilinsa, bu adolatli bo‘lmaydi», - dedi Amerika diplomatiyasi rahbari. 

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, BMTdagi 141 davlat adolatli tinchlik va tashkilot nizomidagi «Rossiya tomonidan buzilgan hududiy yaxlitlik» asosiy tamoyillariga hurmat ko‘rsatish tarafdori bo‘lgan. 

Entoni Blinken G‘arbning ikkita maqsadi borligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchisi, Ukrainaga Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni, xususan, yaqin bir necha hafta ichida kutilayotgan qarshi hujum orqali qaytarib olishda qo‘lidan kelgan barcha yordamni ko‘rsatish. 

Ikkinchisi, Kiyevga tajovuzni to‘xtatish va o‘zini himoya qilish uchun o‘rta va uzoq muddatli salohiyatni shakllantirishga yordam berish, deya qo‘shimcha qildi AQSh davlat kotibi. Ukrainaga vayronagarchilikdan qutulish uchun katta sa’y-harakatlar kerak bo‘ladi, dedi u. Bundan tashqari, Rossiya yo‘nalishini o‘zgartirmaguncha, sanksiyalar va eksport nazorati orqali Moskvaga «misli ko‘rilmagan bosimni saqlab turishimiz kerak», dedi u. 

Blinken, shuningdek, Kremlning Belarusda taktik yadro qurolini joylashtirish rejalariga ham izoh berdi. «Birinchidan, bu mutlaqo mas’uliyatsizlikdir», - deya ta’kidladi amerikalik diplomat. «Yadro quroli haqida gapirgan yoki uni qo‘llash bilan yashirin yoki ochiq tahdid qilgan yagona davlat – bu Ukrainaga qarshi tajovuz davrida – Rossiyaning o‘zi», dedi u. 

Top