O‘zbekiston | 13:29 / 13.04.2023
6648
3 daqiqa o‘qiladi

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi “Referendum-2023” botini ishga tushirdi

Foto: Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Bu haqida Markazda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ma’lum qilindi. Mazkur https://t.me/REFERENDUM2023uzBot telegram boti jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan va bir sutka ichida 30 mingdan ortiq foydalanuvchini qamrab olgan.

12 aprel kuni Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan “Referendum tashviqotini olib borishda zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi o‘zining maqsad va vaziflaridan kelib chiqib, jamiyat va davlat hayoti uchun eng muhim bo‘lgan konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Shuningdek, Markaz aholiga va keng jamoatchilikka konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va zaruriyatini yetkazish, referendumga oid barcha ma’lumotlar, olib borilayotgan targ‘ibot ishlari, tayyorlangan targ‘ibot vositalari bilan fuqarolarni tanishtirish hamda eng muhim yangiliklar bilan bo‘lishish maqsadida “Referendum-2023” telegram botini ishga tushirdi.

Ushbu telegram bot o‘zbek va rus tillarida ishga tushirildi. Botda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, uning sharhlari, ekspertlar va aholi fikr-mulohazalari, referendumga oid ko‘plab savollarga javoblar, bir qator fuqarolik jamiyati institutlari va siyosiy partiyalarning umumxalq muhokamasi bo‘yicha munosabatlari, targ‘ibot-tashviqot jarayonlaridagi ishtiroki keng yoritilgan.

Shuningdek, botda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy qaror

va ma’lumotlari ham qamrab olingan. 12 aprel kuni ishga tushirilgan mazkur bot jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi va bir sutka ichida 30 mingdan ortiq foydalanuvchini qamrab oldi.

Eslatib o‘tamiz, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida 2023 yilning 9 yanvar kuni Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinib, ushbu davrdan boshlab o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Asosiy faoliyat yo‘nalishi joylarda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni monitoring qilish va prognozlash, axborot makonining g‘oyaviy mazmunini tizimli tahlil qilish, hududlar va mamlakat darajasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish, milliy birdamlik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan choralarni ishlab chiqishdan iborat.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi