17:53 / 14.04.2023
42051

Shaxsning yalang‘och holdagi tasvirini tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi. Aybdor 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Endilikda shaxs tanasining yoki jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto va videotasvirini uning roziligisiz tarqatish jinoiy qilmish deya e’tirof etiladi. Bunday qilmish uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Foto: Getty Images

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2023 yilning 23 mart kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 6 aprel kuni esa Senat tomonidan ma’qullangandi.

11 aprel kuni prezident ushbu qonunni imzoladi va u 12 apreldan kuchga kirdi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga 1413-modda kiritildi. Unda shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Jumladan, shaxs tanasining va (yoki) jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto va (yoki) videotasvirini o‘z ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoxud bunday axborotni tarqatish bilan qo‘rqitish bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agar bu harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Top