Jahon | 21:55 / 11.05.2023
21753
7 daqiqa o‘qiladi

«Yana biroz vaqt kerak» - Zelenskiy bo‘lajak qarshi hujum, muzokaralar ehtimoli va Rossiyaning imkoniyatlari haqida

Ukrainaga qarshi hujumga tayyorlanish uchun yana vaqt kerak, Ukraina qurolli kuchlari g‘arbdan va’da qilingan qurollar to‘liq yetib kelishini kutmoqda. Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy qator xorijiy nashrlar muxbirlari bilan suhbatda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasining NATO harbiylari tomonidan o‘qitilgan jangovar bo‘linmalari to‘liq tayyor holatda, ammo qo‘mondonlik yana bir qancha jo‘natmalar, jumladan, partiyalarga bo‘lingan holda yetkaziladigan zirhli texnikalarni kutmoqda.

«Biz hozir o‘zimizda bor vositalar bilan ham hujum qilishimiz mumkin, ammo bu holatda shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun yana biroz kutish kerak. Bizga yana biroz vaqt kerak», degan u jurnalistlarga.

BBC Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan kechgan suhbatda yana nimalar muhokama qilinganini keltirdi.

Qarshi hujumdan ko‘zda tutilgan natijalar to‘g‘risida

Zelenskiyning fikricha, Rossiya ayni bosqichda vaziyatni muzlatilgan mojaro holatiga o‘tkazishga qarshi emas, ammo Ukraina bunga yo‘l qo‘ya olmaydi, shuning uchun qarshi hujumning muvaffaqiyati o‘ta muhim.

Ukraina qurolli kuchlarining bo‘lajak zarbasi joyi maxfiy tutiladi. Rossiya armiyasi ayni vaqtda 1450 kilometr uzunlikda - sharqda Donetsk va Luhanskdan janubda Xerson va Zaporijjyagacha masofada mudofaa pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.

So‘nggi haftalarda Ukraina hukumati jamoatchilikning uzoq kutilgan qarshi hujumga bo‘lgan umidlari darajasini pasaytirishga urinmoqda.

Hukumat vakillari anonimlik sharti asosida qarshi hujum muvaffaqiyati juda muhimligi va bunga erishish mumkinligi, ammo bu deyarli bir yarim yildan buyon davom etayotgan urushdagi hal qiluvchi voqea bo‘lmasligini aytishmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, ekspertlarning katta qismi Kiyev o‘zini kutilganidek ehtiyotkorona tutayotgan bo‘lsa-da, qarshi hujum aslida burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda. Bu yurish ko‘p oylardan buyon o‘zgarishsiz qolayotgan front chizig‘ini o‘zgartirishga qodir.

G‘arbning yordami va ehtimoliy muzokaralar haqida

 

Qarshi hujum muvaffaqiyati Ukrainaga yana shuning uchun muhimki, bu orqali G‘arbga ularga ko‘rsatilgan harbiy yordam qanday samara keltirganini ko‘rsatish mumkin.

Agar g‘arb jang maydonida kerakli natijani ko‘rmasa, harbiy yordam hajmi qisqarishini ham istisno etib bo‘lmaydi, Kiyevga esa Rossiya bilan muzokaraga kirishish uchun bosim boshlanishi mumkin, deb hisoblaydi ekspertlar.

Ukrainaning beshdan bir qismi Rossiya okkupatsiyasi ostida ekanidan kelib chiqilsa, yer bo‘yicha shartnomalar bunday muzokaralarning asosiy bandlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Ammo Volodimir Zelenskiy bunday variant ko‘rib chiqilmasligini aytadi.

«Ular Ukrainani hududlaridan voz kechishga majbur qila olmaydi. Nima uchun dunyodagi qaysidir mamlakat Putinga o‘z hududini berishi kerak?» - degan u.

Umuman olganda, Ukraina tinchlik kelishuviga ham qarshi emas, ammo uning taklif qilgan rejasi Moskva tomonidan qat’iyan rad etilgan bandlarni o‘z ichiga oladi: bosib olingan barcha hududlarni, jumladan, Qrimni qaytarish, Rossiyaga reparatsiya (tovon puli) majburiyatini yuklash va rossiyalik harbiy jinoyatchilar ustidan sud qilish uchun maxsus xalqaro tribunal tashkil etish.

2024 yilgi saylovlardan keyin ham AQSh yordami saqlanib qolishi masalasi

Ukraina prezidenti Oq uyning hozirgi rahbari Jo Bayden ikkinchi muddatga saylanmasa ham AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlov darajasi susayadi, deb o‘ylamayapti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning ikki yirik partiyasi vakillaridan tarkib topgan AQSh Kongressi doimiy ravishda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini namoyish etib kelmoqda.

Bundan tashqari, Zelenskiy AQShda 2024 yil kuzida bo‘lib o‘tadigan saylovlargacha Ukraina g‘alaba qozonib bo‘lishi mumkinligiga ham e’tibor qaratgan.

Rossiyaning harbiy imkoniyatlari

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb sanksiyalari Rossiya mudofaa sanoatiga so‘zsiz ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ukraina prezidentining hisoblashicha, Rossiyada raketa zaxiralari tugab bormoqda va artilleriya taqchilligi ko‘zga tashlanib turibdi.

«Ularda hali omborlarda ko‘p, ammo biz allaqachon ko‘ryapmizki, ular ayrim hududlarda kunlik zarbalarni qisqartirmoqda», - degan ukrainlar yetakchisi.

Shu bilan birga, Moskva ayrim cheklov choralarini aylanib o‘tish yo‘lini topmoqda va Zelenskiy g‘arblik hamkorlarni Rossiyaga taqiqlarni chetlab o‘tishda yordam berayotganlarni kuzatib borishga chaqirgan.

Kremlga dronlar hujumi haqida

Volodimir Zelenskiy yana bir bor Rossiyaning Kremlga uyushtirilgan dronlar hujumi ortida Ukraina turgani to‘g‘risidagi ayblovini rad etdi.

Moskva buni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga suiqasd sifatida tasniflagan.

Zelenskiyning fikricha, bu Rossiyaning o‘zi tomonidan o‘tkazilgan, Ukrainaga hujumlarni oqlash maqsad qilingan provokatsiya bo‘lishi mumkin.

«Ular muntazam ravishda bahonaga o‘xshab ko‘ringan narsalarni qidirib, shunday deyishadi: «Siz bizga shunday qilyapsiz, shuning uchun biz ham sizga shunday qilyapmiz», - degan prezident Zelenskiy. - «Ammo bu ish bermadi. Bu hatto ularning ichki jamoatchiligi uchun ham ish bermadi. Hatto o‘z propagandachilari bunga ishonmadi. Chunki bu juda, juda sun’iy ko‘rindi».

«Yevrovideniye» haqida

O‘tgan yili «Yevrovideniye» tanlovida Ukraina g‘alaba qozongan va tanlov qoidalariga ko‘ra, bu yilda u mezbonlik qilishi kerak edi.

Ammo urush tufayli «Yevrovideniye-2023»ni o‘tkazish huquqi o‘tgan yili ikkinchi o‘rinni egallagan Britaniyaga o‘tkazildi.

Konkurs Liverpulda bo‘lib o‘tmoqda, shu kunlarda yarimfinal bosqichi o‘tkazildi, final 13 mayga belgilangan.

Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u tanlov ukrainaliklar ham borishi oson bo‘lishi uchun Ukrainaga yaqinroq bo‘lgan mamlakatda o‘tkazilishini istagan bo‘lardi.

Ammo u Buyuk Britaniyaga chuqur hurmat izhor etib, uni «hayratlanarli mamlakat» deb atagan.

«Asosiysi, konkurs o‘tkazilmoqda, - degan Ukraina prezidenti. - Odamlar o‘z iste’dodini namoyish etishsin».

Mavzuga oid