O‘zbekiston | 20:44 / 12.05.2023
28492
10 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an yoki Qilichdoro‘g‘li - O‘zbekiston va vatandoshlar uchun qay biri afzal?

14 may kuni Turkiyada yilning eng muhim siyosiy voqeasi – prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Jahon matbuotining e’tibor markazida turgan jarayon o‘zbekistonliklarni ham befarq qoldirmayapti. So‘nggi yillarda qalinlashgan O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari, bu yurtdagi yuz minglab vatandoshlarimiz – bu e’tiborning asosiy sababi hisoblanadi. Xo‘sh, kimning g‘alabasi biz uchun afzalroq? 

Kun.uz muxbiri o‘n yillardan buyon Turkiyada yashab, ilmiy izlanishlar olib borayotgan vatandoshimiz Fazliddin Madiyev bilan saylov jarayonlari haqida suhbatlashdi. U Karabuk Universitetida Xalqaro siyosiy-iqtisod yo‘nalishida magistraturani tamomlagan.

Fazliddin Madiyev Turkiyadagi saylov jarayonlari, asosiy nomzodlar taklif qilayotgan dasturlar, turklarning siyosiy faolligi hamda qaysi nomzodning g‘alabasi o‘zbek vatandoshlar uchun afzalroq, ekani borasida so‘z yuritdi.

Fazliddin Madiyev

— Turkiyadagi saylovlar qanday bo‘lishi hamda nomzodlar haqida ma’lumot bersangiz. Ular nechta, qaysilari ko‘proq qo‘llanyapti?

— Bo‘lishi kutilayotgan saylov butun dunyoda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Turkiya tarixida bu darajada e’tiborda bo‘lgan, dunyo e’tiboriga tushgan saylov bo‘lmagan hali.

Ayni paytda 4 ta prezidentlikka nomzod bor: mamlakatning amaldagi rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an; Olti muxolifatchi partiyasi alyansidan (Xalq alyansi) nomzod va Turkiya Xalq partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li; «Vatan» partiyasi raisi Muharram Injye; (Muharram Injye ayni vaqtda o‘z nomzodini oldi) «Otaturkchilar ittifoqi»dan nomzod Sinan Ogan. Bulardan asosiy ikkitasi ko‘proq qo‘llovga ega. Ya’ni Erdo‘g‘an va Kamol Qilichdor o‘g‘li. Qolgan ikki nomzod 2-3 foiz ovoz to‘plashi taxmin qilinyapti. Asosiy kurash Erdo‘g‘an va Qilichdor o‘g‘li o‘rtasida bo‘ladi. Qo‘llovchilarning foiz ko‘rsatkichi ham katta farq qilmayapti. Masalan, bugun chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Qilichdor o‘g‘lining imkoniyati ko‘proq. Turkiya saylovlari manipulyatsiya kuchliligi bilan ham ajralib turadi. Ammo amalda Erdo‘g‘anni qo‘llovchilar ko‘pdek ko‘rinyapti. Hammasi saylovdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

— Erdo‘g‘anning saylov oldidan jonli efirda sog‘lig‘i yomonlashib qoldi. Bu narsa uning imiji qanday ta’sir qildi?

— Erdo‘g‘anning jonli efir paytida sog‘lig‘i yomonlashishi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bir haftada sog‘aydi, degan gaplar noto‘g‘ri, u ikki kunda sog‘lig‘ini tiklagan. Siyosiy jihatdan bu holat yaxshimas baribir. Lekin meni atrofimdagi odamlarning ko‘pchiligi ham Erdo‘g‘anni saylash tarafdori. Shu bilan birga Turkiyada Erdo‘g‘andan charchash ham bor, ammo ayni paytdan undan yaxshisi yo‘q degan fikr bor. Yoshroq va siyosiy faol bo‘lgan boshqa odam bo‘lganda, biz unga ovoz berardik, degan qarash ham mavjud. Umuman olganda, Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashib qolishi, uning saylov kompaniyasiga katta ta’sir qilmadi.

— Tashqi siyosatdagi Rossiya-Ukraina urushi omili va ichki siyosatda Turkiyadagi zilzila Erdo‘g‘anning siyosiy imijiga qanday ta’sir qildi?

— Ikki omil ham turk xalqi tomonidan jiddiy e’tibor bilan kuzatildi. Muxolifat tarafidan esa kuchli tanqidlar bo‘ldi, ayni muddao bo‘ldi ular uchun. Turkiya shundoq ham zilzilalarga va siyosiy faollikka boy mamlakat. Xalq 2016 yildagi to‘ntarishning oldini olgan edi va bu orqali o‘zining katta kuch ekanini yana bir anglagan. Siyosiy ongi yuksaldi.

Turkiyada zilzila uchun alohida soliq olinadi va bu soliqlar bir necha milliard dollarga yetgani aytilgan edi. Shu mablag‘lar yuzasidan tortishuvlar bo‘ldi. Turk matbuoti, muxolifat OAVlari juda ko‘p muhokama qildi. Ko‘rsatdiki, Erdo‘g‘anning obro‘si tushishiga sabab bo‘ldi bu holat. Erdo‘g‘an vaziyatni yengib o‘tishda turkiy davlatlar rahbarlari bilan kelishib, ularning yordami bilan ish ko‘rayotgandek taassurot uyg‘otyapti. Lekin bir narsaga e’tibor berish kerakki, zilzila bo‘lgan hududlardagi aholi juda yomon ahvolda, ularga qandaydir va’dalar emas, amaliy yordam kerak. Quruq so‘zga ishonmaydi ular. Muxolifat partiyaning qisqa muddatda tiklab beramiz deganiga ham xalq ishonayotgani yo‘q.

Yana bir holat bor. Chet ellarda Erdo‘g‘an ketishini aytayotganlar, targ‘ib qilayotganlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, xalq ularga ters bo‘lib qolishini istashi oshib boryapti. Bunga sabab Erdo‘g‘anning harbiy qudratni oshirgani, xalqaro maydonda qudratni ko‘rsatayotgani bo‘lyapti. Rossiya-Ukraina masalasida ham Erdo‘g‘an juda nozik va to‘g‘ri siyosat olib borayotganini turkiyaliklar ham, boshqa taraflar ham e’tirof etyapti. Tashqi siyosat Erdo‘g‘an foydasiga bo‘lyapti.

— Kamol Qilichdor o‘g‘lining imkoniyatlari qanday? U nimalarni va’da qilyapti? Aynan nimalar evaziga uning saylanish foizi oshib boryapti?

— Kamol Qilichdor o‘g‘li nomzodini ko‘rsatayotgan jumhuriyati partiyasi Otaturk tomonidan tashkil etilgan partiya hisoblanadi va katta siyosiy tarixga ega. Shuning uchun ham bu partiyaning ham qo‘llovchilari ko‘p. Bu partiya doim muxolif sifatida tiyib turish kuchiga ega bo‘lgan. Lekin davlat boshqaruvi darajasida kuchga ega emas hozircha. Shu sababli bu safar boshqa partiyalar bilan birgalikda nomzod ko‘rsatyapti. Ammo ularning o‘rtasida ichki tortishuvlar ko‘p.

Qilichdor o‘g‘lining yutib chiqishiga sabab qilib Turkiyadagi Erdo‘g‘andan charchash, zerikish holatini ko‘rsatish mumkin. Uni qo‘llovchilar ko‘payganining asosiy sababi ham shu. Yana bir qarash ham bor, ya’ni birlashgan partiyalarning maqsadi hokimiyat tepasiga kelish emas, balki shunchaki Erdo‘g‘anni hokimiyatdan ketkazish, degan qarash. Yuqorida aytganimdek, Erdo‘g‘anni qo‘llayotganlarda ham unga bog‘lanib qolganlikdan, faqat bir kishini ko‘rishdan charchash kayfiyati bor.

— Turkiyadagi o‘zbeklar va umuman O‘zbekiston uchun qaysi nomzod saylangani yaxshiroq? Qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?

— Turkiyadagi siyosiy jarayonlar o‘zbeklar uchun ham muhim va ular bunda faol qatnashadi. Oxirgi to‘ntarishga harakat bo‘lganda ham juda faol bo‘lgan o‘zbeklar ham, ko‘p muhokamalar bo‘lgan. Bu yerdagi o‘zbeklarni ikki toifaga ajratish mumkin: birinchisi, siyosiy jarayonlarga aralashmaydi, muhokama qilmaydi; ikkinchi toifa esa siyosiy jarayonlarni tushunadigan va muntazam kuzatib boruvchilar. Ammo ikkinchi toifadagilar foiz jihatdan ancha kam.

Fuqarolikni olgan o‘zbeklarni va boshqa turkiy millat vaqtlarni kuzatganimda, siyosatdan o‘zi oladigan odamlar Erdo‘g‘anni qo‘llayapti. Ammo siyosiy faol va o‘zgarishlarni istovchilar ham bor. Umuman olganda esa Erdo‘g‘an tarafdorlari ko‘proq.

Kelgusida migrantlarga bo‘ladigan munosabat juda nozik masala bo‘lyapti. 2011 yilda suriyaliklar qabul qilingach, migrantlardan charchash bor. Boshqa turkiy davlatlardan ham migrantlar kelayotgani turkiyaliklarni taranglashtirayotgan masalalardan biri. Ammo bu ham ko‘proq nomzodlar tomonidan bu masalaga katta siyosiy tus berish tufayli bo‘lyapti. O‘z-o‘zidan bu narsa ba’zi turkiyaliklarda shunday kayfiyat uyg‘otyapti. Partiyalarning migrantlarni qaytarish haqidagi gaplari Turkiya siyosatiga dog‘ bo‘lib tushyapti.

Kim qolishi ma’qulroq, deydigan savolga kelsak, o‘zimda ham ikkilanish bor. Ammo Erdo‘g‘an yana bir necha yil hokimiyatda qolib, munosib nomzod topilgach, prezidentlikdan ketishi ma’qulroq, degan fikr bor. Endi qolganini saylovchilar hal qiladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, Turkiya o‘zgarishlarga immunitet hosil qilgan davlat. Qilichdor o‘g‘li hokimiyat tepasiga kelsa ham, Turkiyadagi siyosiy jarayonlarning asosi o‘zgarmaydi. Ichimizdan o‘zgarishni xohlayapmiz. Ammo Erdo‘g‘anning xalqaro maydondagi siyosati, olib borayotgan ishlari sababli «Kechuvda ot almashmaydi» degan gapga to‘xtalamiz. Hozir O‘zbekiston bilan hamkorlik eng rivojlanish nuqtasiga chiqqan. Bu narsani xalq ham, hokimiyat ham qo‘llaydi. Yevropaliklar o‘zgarishni xohlaydi va ularga ma’qul keladi bu, Sharqliklar uchun esa Erdo‘g‘an qolishi yaxshiroq. 

To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Shohruz Abduraimov
Montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid