18:50 / 14.07.2023
10012

Ukrainaning NATO tomon uzoq yo‘li. Kiyevning alyans bilan munosabatlari qanday rivojlandi?

Vilnyusdagi NATO sammiti Ukrainani Shimoliy Atlantika blokiga a’zo bo‘lishga yanada yaqinlashtirishi mumkin. Kiyev va alyans o‘rtasida deyarli 30 yildan buyon o‘zaro aloqa olib boriladi.

Foto: Ukraina QK Bosh shtabi

Ko‘pincha bu munosabatlar haqiqatan ham dramatik kechgan va siyosiy detektiv hikoyani eslatgan, undagi personajlar orasida nafaqat Ukraina, balki G‘arb davlatlari rahbarlari hamda Kiyev va Shimoliy Atlantika ittifoqi o‘rtasidagi yaqinlashuvga doimiy ravishda qarshi turadigan Kreml ham bor edi.

BBC nashri Ukrainaning NATO tomon qanchalik uzoq yo‘l bosib o‘tganini esladi va uni allaqachon blokka a’zo bo‘lgan boshqa mamlakatlarning a’zolik yo‘li bilan solishtirdi.

Birinchi qadamlar va qo‘shilish bo‘yicha bayonotlar

Ukraina va NATO o‘rtasidagi munosabatlar amalda Ukraina mustaqil davlatga aylanishi bilanoq boshlangan. Ukrainaning birinchi prezidenti Leonid Kravchuk 1992 yilda alyansning Bryusseldagi shtab-kvartirasiga tashrif buyurgan, 1994 yilda esa Ukraina possovet davlatlari orasida birinchi bo‘lib «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» tashabbusi doirasida NATO bilan shartnoma imzolagan.

Ukraina prezidenti Leonid Kuchma avvaliga mamlakatni NATO a’zosi qilish maqsadini qo‘ygandi, ammo keyin bu g‘oyadan voz kechadi. Foto: Getty Images

Leonid Kuchma prezidentligi davrida ham hamkorlik rivojlanadi — 1997 yilda «NATO va Ukraina o‘rtasidagi maxsus hamkorlik to‘g‘risida Xartiya» imzolanadi, shuningdek alyans bilan hamkorlikning turli dasturlari ham ishlab chiqiladi.

NATOning sharqqa tomon kengayishining ikkinchi to‘lqini boshida, 2004 yilda Ukraina mamlakatning neytral, bloklarga qo‘shilmaslik maqomini rad etishni nazarda tutuvchi strategiyani tasdiqlaydi. Shuningdek, davlatning harbiy doktrinasiga Yevro-Atlantika integratsiyasini davom ettirish va NATOga qo‘shilish to‘g‘risidagi bandlar kiritiladi.

Aslida aynan mana shu davrda Ukraina hukumati birinchi marta alyansga a’zo bo‘lish niyatini e’lon qiladi.

Ammo bu maqsad prezident Leonid Kuchma jurnalist Georgiy Gongadzening o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblangan «kassetali mojaro»dan keyin yangragandi. Shuningdek, Ukraina hukumatiga nisbatan BMTning Iroqqa qarshi sanksiyalar rejimini buzganlik (xususan, «Kolchuga» radioelektron razvedka stansiyalarini Bag‘dodga yetkazib berish) aybi ham ilgari suriladi.

Natijada, Rossiyaning yordamiga tayanuvchi Ukrainaning o‘sha paytdagi prezidenti Kuchma xalqaro izolyatsiyaga tushib qoladi, uni mamlakat aholisi ham jiddiy qo‘llab-quvvatlamaydi. Shuning uchun, bu vaqtdagi NATO rahbarlari Leonid Kuchmaning qadamlariga unchalik e’tibor qaratmaydi.

2004 yil iyul oyida, Ukraina-NATO komissiyasi yig‘ilishidan so‘ng, Kuchma Ukraina harbiy doktrinasidagi «Yevropada xavfsizlik va barqarorlikning kafolati sifatida NATO va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni sezilarli darajada chuqurlashtirish» haqidagi bandlarni qoldirib, NATOga qo‘shilish vazifasini bekor qilgan farmonni imzoladi.

MAP: qarama-qarshilik va keskin ortga burilish

Ukrainaning uchinchi prezidenti Viktor Yushchenko NATOga qo‘shilishni o‘zining asosiy maqsadi deb atadi.

AQSh prezidenti kichik Jorj Bush, Ukraina prezidenti Viktor Yushchenko va NATO bosh kotibi Yaap de Hoop Sheffer Kiyev uchun hal qiluvchi bo‘la olmagan 2008 yilgi sammitda. Foto: Getty Images

2005 yil aprelida, hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, u Ukraina harbiy doktrinasiga mamlakatning strategik maqsadi «NATO va Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zolik» degan so‘zlarni kiritdi.

Ammo 2006 va 2007 yillardagi parlament saylovlarida Viktor Yanukovich boshchiligidagi rossiyaparast Regionlar partiyasi g‘alaba qozonadi va ular Yushchenko jamoasining bu vazifani bajarish imkoniyatini cheklashga muvaffaq bo‘ladi.

2008 yil boshida prezident Viktor Yushchenko, yangi bosh vazir Yuliya Timoshenko va parlament spikeri Arseniy Yatsenyuk NATOga maktub yo‘llab, Ukrainaga «A’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi» (Membership Action Plan — MAP) taqdim etishni so‘raydi. Bu hujjat Kiyevdan aniq qadamlar qo‘yishni talab qilgan, biroq bu orqali alyansga qo‘shilishning real istiqbollarini ko‘rsatgan. Ammo, bu voqea o‘sha paytda tobora chuqurlashayotgan parlament inqirozi fonida sodir bo‘ladi.

Ukraina 2008 yil aprel oyida, «katta umidlar va katta mojarolar sammiti» deb nomlangan NATOning Buxarestdagi sammiti doirasida yana bir marta MAP olishga bir urinib ko‘radi.

Fransiya va Germaniyaning pozitsiyasi tufayli MAP’ni berish to‘g‘risidagi qaror 2008 yil dekabriga qoldiriladi.

Rossiya Germaniya va Fransiyaning o‘sha paytdagi rahbarlari Angela Merkel va Nikolya Sarkozining pozitsiyasiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. O‘sha vaqtdagi OAV xabarlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin agar Ukraina NATOga qo‘shilsa, Rossiya Qrim va Sharqiy Ukrainani ajratib olishni boshlashi mumkinligiga shama qilgan.

2008 yil dekabr oyida NATO Ukrainaga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirish uchun yillik milliy yordam dasturini taklif qiladi. Ammo MAP haqida hech qanday gap bo‘lmaydi.

Yanukovichning «bloklardan xolilik maqomi»

2010 yilda Viktor Yanukovich Ukraina prezidentiga aylangach, u Ukrainani NATO a’zoligiga tayyorlash bo‘yicha idoralararo komissiya va Yevro-Atlantika integratsiyasi milliy markazini tugatadi.

Regionlar partiyasining NATOga qarshi namoyishi, 2008 yil. Foto: AFP

Bosqichma-bosqich barcha hukumat hujjatlaridan, shuningdek, «Ichki va tashqi siyosat asoslari to‘g‘risida»gi qonundan NATOga qo‘shilishga harakat qilish haqidagi so‘zlar olib tashlanadi.

NATO bilan faqatgina har yillik hamkorlik dasturi davom etgan. Bu dastur Ukraina aviatsiyasining alyans yuklarini tashishda ishtirok etishi, Kosovo, Afg‘oniston va Iroqdagi operatsiyalarda qatnashishi, shuningdek, blokka a’zo mamlakatlarda Ukraina harbiylarini o‘qitishni nazarda tutgan.

Poroshenko va Zelenskiy hamfikr bo‘ldi

2014 yilda, «Maydan inqilobi»dan so‘ng, prezident Petro Poroshenko boshchiligidagi yangi hukumat Yanukovich tomonidan o‘rnatilgan Ukrainaning «bloklardan xolilik maqomi»ni bekor qildi. Tashqi va ichki siyosat asoslarida yana NATOga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan mezonlarga erishish haqida so‘zlar paydo bo‘ldi.

O‘tmishda Petro Poroshenko va Volodimir Zelenskiy murosasiz raqiblar bo‘lishgan, ammo ular so‘nggi yillarda NATOga a’zolik masalasida hamfikrga aylandi. Foto: Getty Images

Biroq Poroshenko alyansga qo‘shilish haqida referendum o‘tkazgandan so‘ng va eng kamida 6-7 yildan keyin gapirish mumkin deb hisobladi.

Yangi harbiy doktrinada Yevropa Ittifoqi va NATO bilan integratsiyalash uchun Ukraina qurolli kuchlarini 2020 yilgacha alyansga a’zo davlatlar armiyalari bilan to‘liq muvofiqlashtirishga erishish haqida band paydo bo‘ldi. Konstitutsiyaga ham ushbu tashkilotlarga qo‘shilish bo‘yicha yangi moddalar kiritilishi rejalashtirildi.

Volodimir Zelenskiy prezident bo‘lgach, NATO bilan «a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi»ni imzolash zarurligini e’lon qildi.

2021 yil iyun oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyans yetakchilari 2008 yilgi Buxarest sammitidagi Ukraina ittifoqqa a’zo bo‘lishi, Rossiya esa bu jarayonga to‘sqinlik qila olmasligi haqidagi bayonotlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinini boshlaganidan so‘ng, Zelenskiy G‘arb davlatlarini Ukrainani NATOga tezlashtirilgan tartibda, MAP’siz qabul qilishga chaqirdi.

2022 yil centabrida Ukraina prezidenti, parlament rahbari va bosh vaziri NATOga tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lish bo‘yicha arizani imzoladi.

Hozircha Ukrainaning NATOga tezkor a’zolik masalasini alyansga a’zo 23 davlat, ya’ni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning barchasi Kiyev bilan tegishli deklaratsiyalarni imzolagan.

So‘rovnomalarga ko‘ra, ukrainaliklarning deyarli 90 foizi NATOga a’zo bo‘lishni yoqlaydi.

Biroq, Ukraina hukumati ham, NATO ham urush davom etar ekan, buning iloji yo‘qligini tan oladi. Shuning uchun Kiyev, NATO urush tugaganidan keyin qisqa vaqt ichida uni alyansga qabul qilish bo‘yicha kafolat berishiga umid qilmoqda.

Ikki yildan 20 yilgacha

NATO bloki 1949 yilda tuzilgan, uning asoschilari Yevropa va Shimoliy Amerikaning 12 davlati edi. Hozirda alyansga 31 ta davlat a’zo.

NATO tashkil topganidan to 1990-yillar boshigacha deyarli umuman yangi a’zolarni qabul qilmagan – ularning soni 16 ta bo‘lib qolavergan.

Ammo 1990-yillarda Berlin devori qulab, Varshava shartnomasi barbod bo‘lgandan keyin markaziy va sharqiy Yevropa davlatlari NATOga qo‘shilish istagini e’lon qiladi.

Alyans 1997 yilda Polsha, Chexiya va Vengriyani a’zolikka taklif etadi va ular ikki yildan so‘ng ittifoqqa qo‘shiladi. Deyarli shundan so‘ng darhol, 1999 yilda yangi tartib — NATOga «a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi» (MAP) joriy etiladi.

NATOning sharqqa kengayishining ikkinchi to‘lqini 2002 yilda yetti davlat ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash taklifini olgandan keyin sodir bo‘ladi. Bular Bolgariya, Estoniya, Latviya, Litva, Ruminiya, Slovakiya va Sloveniya edi. MAP’ni yakunlash uchun ularga ikki yil kerak bo‘ladi va 2004 yilda bu mamlakatlar rasman alyans a’zosiga aylanadi.

Keyingi nomzodlar Albaniya va Xorvatiya edi, ammo ularning NATO tomon yo‘li ancha uzoqroq bo‘ladi.

Albaniya MAP’ni 1999 yilda, Xorvatiya esa 2002 yilda oladi; har ikki davlat 2009 yilda, mos ravishda oradan o‘n va yetti yil o‘tib, NATOga qo‘shiladi.

Chernogoriya 2006 yilda NATOning «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» dasturiga qo‘shiladi, 2009 yilda esa «a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi»ni qabul qiladi. Rasman sakkiz yil o‘tib, 2017 yilda Chernogoriya NATOga a’zo bo‘ldi.

Shimoliy Makedoniya NATOga rasmiy a’zo bo‘lish uchun eng uzoq yo‘llardan birini bosib o‘tgan. Mamlakat MAP’ni 1999 yilda olgan, ammo ittifoqqa 20 yildan keyin, 2019 yilda qo‘shildi. To‘siqlardan biri davlatning rasmiy nomi edi — mamlakat «Makedoniya sobiq Yugoslaviya respublikasi» nomidan voz kechganidan keyingina alyansning 30-a’zosi bo‘ldi.

Finlandiya hozircha NATOga eng oxirgi bo‘lib qo‘shildi. Bu davlat 1994 yildan buyon «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» dasturida ishtirok etib keladi va tinchlikparvar operatsiyalarda alyans bilan faol hamkorlik qilgan. Shu bilan birga betaraflikni saqlab qolgan.

2022 yil may oyida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi fonida Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. 2023 yil aprel oyida esa ushbu davlat blokning 31-a’zosiga aylandi.

Finlandiya bilan birgalikda Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgandi. Shvetsiya alyans bilan munosabatlar masalalarida 1994 yilda «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» shartnomasi imzolangan paytdan boshlab Finlandiya bilan sinxron harakat qildi.

Biroq Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi haqidagi shartnoma Turkiya va Vengriya tomonidan hali ratifikatsiya qilinmagan (ammo yaqinda kelishuvga erishildi va Anqara tez oradan qo‘shilishni ma’qullashi mumkin).

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top