Jahon | 22:37 / 15.07.2023
14212
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tergov qo‘mitasi Ukraina tarafida turib jang qilayotgan 178 jangchiga qidiruv e’lon qildi

Qidirilayotganlar 30 mamlakat fuqarolari bo‘lib, ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor.

Foto: Ukraina Mudofaa vazirligi

Rossiya tergov qo‘mitasi Ukraina Qurolli kuchlari tomonida jangovar harakatlarda qatnashgan 178 nafar xorijiy mamlakat fuqarosiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinga tayanib Regnum axborot agentligi xabar bermoqda.

“Ayni paytda o‘ttizdan ortiq davlatning 178 fuqarosiga nisbatan jinoiy ta’qib olib borilmoqda”, — deyiladi agentlik xabarida.

Rossiya tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Ukraina qurolli guruhlari tomonidan tinch aholi va rossiyalik harbiy xizmatchilarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha shtabning Mariupolda tezkor yig‘ilishini o‘tkazgan.

Qayd etilishicha, Rossiya tergov organlari AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Belgiya, Daniya, Shvetsiya, Fransiya, Niderlandiya, Albaniya, Bolgariya va Koreyadan kelgan yollanma askarlarni qidirmoqda. Shuningdek, Finlyandiya, Namibiya, Peru, Isroil, Braziliya, Gruziya, O‘zbekiston va Boltiqbo‘yi respublikalari fuqarolari ham Ukraina tomonida jang qilayotgani aniqlangan.

Qo‘mita, shuningdek, iyul oyi boshidan buyon qariyb yigirma nafar xorijiy mamlakat fuqarosiga nisbatan sirtdan ayblov kelib tushganini bildirgan.

“Ukraina Qurolli Kuchlari tomonida yollanma askarlarni yollash va jangovar harakatlarda ishtirok etish bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha tergov doirasida so‘nggi ikki hafta ichida yana 18 nafar xorijlikni sirtdan sudlanuvchi sifatida jalb qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi”, — deya aniqlik kiritgan Tergov qo‘mitasidagilar Regnum so‘roviga javoban.

Tergov qo‘mitasi Ukrainada 50 dan ortiq davlatdan kelgan yollanma askar borligi, ular haqida asirga olingan Ukraina xavfsizlik kuchlaridan ma’lumot olinganini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, Ukraina hududida kamida 16 ta turli xil qurolli tuzilmalar tashkil etilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Ukrainadagi jangovar harakatlarda 60 dan ortiq davlatdan, jumladan, Polsha, AQSh, Kanada, Ruminiya, Buyuk Britaniya, Gruziyadan kelgan 7 mingga yaqin yollanma askar qatnashmoqda. Mart oyida Rossiya Ukraina Qurolli kuchlari safiga yollanma askarlarni yollash holatlarini tekshirish uchun maxsus guruh tuzgan edi.

Mavzuga oid