22:38 / 21.07.2023
23972

Janubiy Afrika agar Putin tashrif buyursa, uni hibsga olishga rozi bo‘ldi

JAR hukumati Putinni hibsga olish haqidagi XJS orderini istalgan vaqtda bajarishga tayyor. 

Foto: Mikhail Svetlov/Getty Images

Janubiy Afrika Adliya vazirligi davlat prokuraturasi direktori Shamila Batoxidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berishni so‘radi. Bu haqda mahalliy News24 nashri Pretoriya sudi bayonotiga tayanib xabar berdi. 

Order 17 iyul kuni so‘ralgan. Bundan 2 oy oldin Janubiy Afrika xalqaro aloqalar departamenti ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda ayblanayotgan Putinni hibsga olish uchun Xalqaro jinoyat sudining (XJS) orderini mamlakat Adliya vazirligiga taqdim etgan edi. 

Prokuratura hukumatni Putin avgust oyida BRICS sammiti uchun Janubiy Afrikaga kelsa, uni hibsga olishga ko‘ndirish uchun sudga murojaat qilgan. 

19 iyul kuni Janubiy Afrika rasmiylari Rossiya prezidenti sammitda qatnashmasligini e’lon qilganidan so‘ng, muxolifatdagi «Demokratik Alyans» suddan Putinni mamlakatga kelishi bilanoq istalgan vaqtda hibsga olishga buyruq berishni so‘radi. News24 xabariga ko‘ra, hukumat bu talabga rozi bo‘lgan. «Demokratik Alyans» buni o‘z yutug‘i deb e’lon qildi. 

17 mart kuni Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilinmoqda. Xuddi shunday order Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham berilgan. 

Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa muxolifatning XJS oldidagi majburiyatlarini bajarish haqidagi talabiga javoban, Putinning hibsga olinishi Rossiyaga urush e’lon qilinishi sifatida baholanishi haqida ogohlantirish olganini aytdi. Kreml buni inkor qildi. 

Ramafosa ma’muriyati 19 iyul kuni Putin BRICS sammiti uchun Janubiy Afrikaga kelmasligini, Rossiya delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qilishini aytdi.

Top