22:11 / 28.07.2023
17004

Putin Erdo‘g‘anning don bitimi bo‘yicha muzokara o‘tkazish iltimoslarini e’tiborsiz qoldirdi - OAV 

Erdo‘g‘an Rossiya rasmiylarini «g‘azablantirganidan» keyin Rossiya don shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgan bo‘lishi mumkin. 

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning don bitimini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borish bo‘yicha taklif qilgan iltimoslarini e’tiborsiz qoldirdi. Bu haqda diplomatlar va tahlilchilar so‘zlariga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi. 

Erdo‘g‘an so‘nggi haftalarda Putin bilan Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz portlaridan eksport qilishga ruxsat beruvchi kelishuvni yangilash haqida gaplashmoqchi ekanini bir necha bor aytgan edi. Hozircha Turkiya va Rossiya prezidentlari telefon orqali gaplashmadi. Diplomatlarning fikricha, Turkiya rasmiylari bu masalani Kreml bilan boshqa aloqa kanallari orqali hal qilishga urinmoqda. 

WSJ suhbatdoshlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an Rossiya rasmiylarini «g‘azablantirganidan» keyin Rossiya don shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgan. Iyul oyida Erdo‘g‘an «Azovstal» himoyachilari, jumladan, Rossiya bilan kelishuv shartlariga ko‘ra urush tugaguniga qadar Turkiyada qolishi kerak bo‘lgan «Azov» guruhi qo‘mondonlarini Ukrainaga qaytarishga qaror qilgan edi. Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATO a’zosi bo‘lish niyatini ma’qulladi. Tahlilchilar va diplomatlar fikriga ko‘ra, bu Rossiya rasmiylarini «darg‘azab qilgan». 

Rossiya hukumati 17 iyul kuni o‘g‘itlar eksportini yengillashtiruvchi kelishuvning bir qismi bajarilmaganini aytib, don bitimidan chiqdi. Shundan so‘ng, rus qo‘shinlari Odessa viloyatini deyarli har kuni o‘qqa tuta boshladilar, don bitimida foydalanilgan port infratuzilmasini vayron qildilar. Rossiya Mudofaa vazirligi 19 iyul kuni Qora dengiz bo‘ylab Ukraina portlariga suzib ketayotgan barcha kemalarni harbiy nishon sifatida ko‘rishini, bu kemalar bayroqlari ostidagi davlatlarni esa Ukraina tomonida urush qatnashchisi sifatida hisoblashini ma’lum qilgan edi. 

Top