Jahon | 23:07 / 20.06.2024
16235
4 daqiqa o‘qiladi

«AQShga qarshi global alyansni jonlantirish» – ekspertlar Putinning KXDRga tashrifi haqida nima deydi?

Tashrif doirasida imzolangan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga ko‘ra, Rossiya va KXDRdan biriga tajovuz yuz bersa, ikkinchi tomon jim turmasligi lozim. Siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 yillik tanaffusdan keyin yana bir bor Shimoliy Koreyaga tashrif bilan keldi. Ikki kunlik safarning asosiy voqealari 19 iyun kuni poytaxt Pxenyanda bo‘lib o‘tdi. KXDR rahbari Kim Chen In Rossiyaning Ukrainadagi urushini to‘la qo‘llab-quvvatlashini, Putinning safari esa aloqalarda yangi sahifa ochganini bildirdi.

Vladimir Putinni Kim Chen Inning shaxsan o‘zi aeroportda kutib olgan. Rossiya prezidenti birinchi marta bu davlatga 2000 yilda, prezidentligining dastlabki yilida kelgandi. O‘shanda KXDRni hozirgi rahbarning otasi Kim Chen Ir boshqarayotgandi. Kim Chen Inning o‘zi so‘nggi yillarda ikki marta Rossiyaga tashrif buyurgan. Oxirgisi 2023 yil kuzida bo‘lgandi va o‘shanda u Putinni KXDRga taklif qilgandi.

Kollektiv G‘arb Ukrainada urush davom etib turgan bir vaziyatda Rossiya va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, harbiy hamkorlik kuchayishidan xavotirda. Ikki davlat buni rad etsa-da, Moskvaga urush uchun qurol va o‘q-dori yetkazib berilayotgani aniq. Putinning Pxenyanga tashrifi bilan Rossiyaga o‘q-dorilar yetkazish hajmi karrasiga oshishi ham kutilmoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipov Shimoliy Koreya dunyoning rivojlanmagan va bu bo‘yicha ro‘yxatda eng oxirgi o‘rinlarda turuvchi davlati ekanini ta’kidladi.

«O‘tgan asrning 50-yillarida sobiq sovet ittifoqi shimol davlatchiligi uchun qalqon bo‘lgandi. Zamon o‘tib shunday vaziyat bo‘ldiki, endi Rossiya Shimoliy Koreya yordamiga muhtoj. Urush davom etar ekan, Moskva shu qadar yolg‘izlangani ortidan Pxenyan qo‘llab-quvvatlovidan ham umidvor», deydi siyosatshunos.

Kim Chen In Putinni qarshi olarkan, o‘zaro munosabatlarda yangi davr boshlanganini olqishladi. Shuningdek, u Rossiyaning Ukrainadagi urushini to‘la darajada qo‘llab-quvvatlashini ham ma’lum qilgan. Bu borada Pxenyan Moskva bilan birdam. Putin esa Kim Chen Inga bu qadar aniq qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik izhor etgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Putinning Pxenyan safari bosh maqsadi – AQShga qarshi global alyansni jonlantirish va kuchaytirishdir.

«Putinning safarini ayniqsa, kollektiv G‘arb, Yaponiya, Janubiy Koreya alohida e’tibor bilan kuzatdi. Chunki Rossiya butun dunyo bo‘ylab AQSh bilan bog‘liq va unga zarba beradigan har qanday nuqtada faollikka intiladi. Uzoq Sharqdagi AQShning eng asosiy ittifoqchilari – Janubiy Koreya va Yaponiyadir. KXDR esa uzoq yillardan beri shu ikki davlatga tahdidomuz munosabatda bo‘lib kelmoqda. Kollektiv G‘arb bilan aloqalari maksimal sovigan Rossiya uchun KXDR omilidan foydalanish qo‘l keladi», deydi Rabbimov.

Rossiya prezidenti Shimoliy Koreya safarini yakunlagach Vetnamga yo‘l olgan va Xanoy shahrida hamkasbi To Lam bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Mavzuga oid