22:47 / 29.07.2023
11678

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish yana kechiktirilishi mumkin. Bu texnik sabab bilan izohlanmoqda

Aholini ro‘yxatga olish 2022 yildan 2023 yilga ko‘chirilgandi. Hukumat qarorida bu tadbir joriy yilning 1-25 noyabr kunlarida o‘tkazilishi belgilangan. Bu muddat yana kechiktirilishi mumkin. Mustaqillikdan keyin hali biror marta ham O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshirilmagan.

Foto: Kun.uz

2022 yilda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish umummilliy tadbiri o‘tkazilishi kerak edi. Xususan, 2019 yil 5 fevralda “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni, 2020 yil 16 martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandi.

Keyinchalik, koronavirus pandemiyasi tufayli mazkur tadbirni o‘tkazish muddati uzaytirildi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, respublikada aholini ro‘yxatga olish ishlari 2023 yilning 1-25 noyabrida o‘tkazilishi belgilangandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish ishlariga sarflanadigan mablag‘ miqdori aholi jon boshiga o‘rtacha 3 AQSh dollaridan to‘g‘ri kelishi mumkinligi aytilgandi. Bu xarajatlar davlat budjetidan qoplanadi.

Nega bu tadbir muhim?

Aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir sanada O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma’lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi. Hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi.

Aholini ro‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs to‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar to‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini ro‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.

Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarining o‘tkazilish tarixi

Aholini ilk ro‘yxatga olish dastlab qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misr kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan. Bundan asosiy maqsad odamlardan soliq yig‘ish, boj olish hamda harbiy safarbarlik uchun ularning sonini aniqlash bo‘lgan. Shu boisdan ro‘yxatga olishda asosan erkaklarga e’tibor qaratilgan.

Aholini eng birinchi rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda, keyinchalik 1800 yilda Shvetsiya va Finlandiyada, 1801yilda Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin, ushbu tizim yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda 151ta davlatda, 1965-1974 yillarda 179ta davlatda aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘zbekiston aholisi oxirgi marta qachon ro‘yxatga olingan?

Turli xil manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897 yilda Turkiston general-gubernatorligi tomonidan o‘tkazilgan. Bundan mavjud aholi soni, yoshi, tarkibi, oilalar soni, etnik guruhlar, tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlarini jamlash maqsad qilingan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 yillarda ham aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublika aholisi 19,7 mln kishini tashkil etgan. Mustaqillikdan keyin hali biror marta ham aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshirilmadi.

1926 yilda aholi soni 4 mln 600 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 36 mln 372 ming kishiga yetgan.

1989 yilda hozirga qadar demografik holat haqidagi ma’lumotlar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlaridagi tug‘ilish va vafot etish ko‘rsatkichlari, Ichki ishlar vazirligi boshqarmalarining mamlakatga ko‘chib kelganlar va ko‘chib ketganlar haqidagi axboroti asosida yig‘ib kelingan.

O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishi

O‘zbekiston aholi soni jadal o‘sib borayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ayrim prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakat aholisi 40 millionga, 2040 yilda esa 50 millionga yetishi mumkin.

Oxirgi 100 yillikda O‘zbekiston doimiy aholisi sonining o‘sishi:

  • 1920 yil – 4,4 mln kishi;
  • 1930 yil – 4,9 mln kishi;
  • 1940 yil – 6,6 mln kishi;
  • 1950 yil – 6,2 mln kishi;
  • 1960 yil – 8,4 mln kishi;
  • 1970 yil – 11,8 mln kishi;
  • 1980 yil – 15,8 mln kishi;
  • 1990 yil – 20,2 mln kishi;
  • 2000 yil – 24,5 mln kishi;
  • 2010 yil – 28 mln kishi;
  • 2020 yil – 33,9 mln kishi.

1920 yilda O‘zbekiston aholisi 4,4 mln bo‘lgan. 100 yil ichida aholi soni qariyb 8 barobar o‘sgan.

Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish 2023 yilda amalga oshmasligi mumkin

Statistika agentligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, aholini ro‘yxatga olishda qog‘oz usulidan voz kechilishi ko‘zda tutilgani boisi mazkur tadbir kechiktirilishi mumkin.

“2021 yil 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi. Ro‘yxatga olish jarayonlari 3 xil usulda, ya’ni internet tarmog‘i orqali, planshet va qog‘oz usullarida tashkil etildi.

Sinov jarayonlarida planshet usulida aholini ro‘yxatga olish qog‘oz usuliga nisbatan qulayligi, tezkorligi va iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanini ko‘rsatdi.

Shu sababli, sinov natijalari va ilg‘or davlatlar tajribalari asosida ro‘yxatga olish jarayonlarini qog‘oz usulidan voz kechib, internet tarmog‘i orqali va planshet qurilmalaridan keng foydalangan holda o‘tkazish ustida ish olib borilmoqda. Asosiy tadbirni mukammal va sifatli o‘tkazish uchun Statistika agentligi tomonidan tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, asosiy tadbir qoldirilishi mumkin”, deyiladi agentlik izohida.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi qaroriga asosan, aholini ro‘yxatga olish tadbiri joriy yilning 1-25 noyabr kunlari o‘tkazilishi kerak. Mazkur normativ hujjatga bu borada qo‘shimcha kiritilmagan.

Top