10:32 / 04.08.2023
2874

O‘zbekistonda 75 kg kuchli ta’sir qiluvchi moddaning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasini pochta jo‘natmalari orqali xorijdan olib kelish va qadoqlab, sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Videodan kadr

2 ta holatda Xitoy davlatidan 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi nomiga yuborilgan pochta jo‘natmalari ko‘zdan kechirilganda, ularning ichida polietilen paketlarga solingan, oq rangli, kukunsimon, hidsiz moddalar borligi aniqlanib, ekspertizadan o‘tkazildi.

Natijada, ushbu moddalarning sof og‘irligi 75 kg 373 grammni tashkil etib, ular «pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi ekanligi aniqlandi. Jo‘natmalarga doir hujjatlarda yuk egalari «pregabalin» moddasining haqiqiy nomini yashirib, go‘yoki kosmetik xomashyo sifatida ko‘rsatgan. 

Tezkor tadbir davomida ushbu jo‘natmalarni qabul qilib olgan vaqtida jinoiy guruh vakili ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar a’zosi ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Ular tomonidan ijaraga olingan xonadonda esa kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan kichik laboratoriya borligi aniqlandi. Ushbu manzilda «pregabalin» moddasi bo‘sh kapsulalarga qadoqlanib, so‘ngra ijtimoiy tarmoqlar orqali uning sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Jinoiy guruhdan olib qo‘yilgan 75 kg 373 gr «pregabalin» moddasidan 150 ming donadan ortiq kapsula ko‘rinishidagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tayyorlanib, sotuvga chiqarilganida ko‘plab yoshlarni zaharlashi mumkin edi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top