13:04 / 18.09.2023
7669

Qozog‘iston qatag‘on qurbonlarining 2,4 mlndan ortiq kartochkalarini maxfiylikdan chiqardi

Surgun qilingan, maxsus ko‘chirilgan va jinoiy javobgarlikka tortilgan 311 ming nafar shaxs oqlandi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi.

Foto: Anatassia Boutsko/DW

Qozog‘iston hukumati 1929-1956 yillardagi siyosiy qatag‘on qurbonlarining 2,4 milliondan ortiq arxiv kartochkalarini maxfiylikdan chiqardi. Bu haqda 18 sentabr, dushanba kuni respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Qozog‘istonda 1929-1956 yillardagi siyosiy qatag‘on qurbonlariga oid 2,4 milliondan ortiq arxiv kartochkalari maxfiylikdan chiqarildi, maxsus ko‘chirilganlarning 251 ming ishi prezident arxiviga topshirildi, shundan so‘ng ular manfaatdor shaxslarga taqdim etiladi. Yil oxirigacha 265 ming ish topshiriladi, 311 ming surgun qilingan, maxsus ko‘chirilgan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar oqlandi», — deya mahkama bayonotidan iqtibos keltirmoqda TASS axborot agentligi.

Qozog‘istonda siyosiy qatag‘on qurbonlarini oqlash

2020 yil 24 noyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev siyosiy qatag‘on qurbonlarini to‘liq oqlash bo‘yicha davlat komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Komissiyaning 2020 yil 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisida uning raisi, Qozog‘iston davlat kotibi Qrimbek Kusherbayev komissiyaning asosiy vazifasi «sovet davri siyosiy qatag‘on qurbonlarining barcha toifalari uchun tarixiy adolatni tiklashdan iborat», dedi.

2023 yilning yanvarida Qozog‘iston davlat maslahatchisi Yerlan Karin To‘qayevga siyosiy qatag‘on qurbonlari tarixiga oid 31 jildlik hujjat va materiallarni taqdim etdi.

Mavzuga oid
Top