Jahon | 08:29 / 21.09.2023
8371
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashida veto huquqidan mahrum qilishga chaqirdi

«Veto nafrat va urushga berilib ketganlar uchun qurol bo‘lmasligi kerak», dedi Volodimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashining ochiq yig‘ilishida.

Foto: AP/Craig Ruttle

Rossiya Ukrainaga qarshi jinoiy va asossiz urush olib bormoqda, uning hududlari va resurslarini tortib olmoqchi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20 sentabr, chorshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashining ochiq majlisida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «o‘z tajovuzkorligi bilan dunyoni urushlardan himoya qilishi kerak bo‘lgan xalqaro me’yorlarning barchasini buzishga» urinmoqda, ayni paytda BMT boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. «Insoniyat davlatlarning suveren chegaralarini himoya qilishda endi BMTga tayanmayapti. Ammo Ukrainada yechim bo‘yicha takliflar bo‘lmaganida, men bugun bu yerda bo‘lmagan bo‘lardim», dedi Zelenskiy. Bundan tashqari, u Rossiyani Ukraina xalqi genotsidida aybladi.

Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashidagi veto huquqidan mahrum qilishni taklif etdi. «Veto nafrat va urushga berilib ketganlar uchun qurol bo‘lmasligi kerak», dedi u. Unga ko‘ra, BMT Bosh assambleyasiga vetoni bekor qilish uchun real imkoniyat berilishi kerak. «Bu birinchi zarur qadamdir. Osiyo, Afrika, Yevropa, Amerika va Tinch okeani mintaqasi davlatlari erkinligini aks ettiruvchi uchdan ikki qism ovozni olish sharti bilan - global ko‘pchilik - veto haqiqatdan ham yengib o‘tilishi kerak va Bosh assambleyaning rezolyutsiyasi barcha a’zo davlatlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lishi kerak. Ikkinchi qadam - BMT Xavfsizlik kengashi dunyo xalqlari oldida to‘liq javobgar bo‘lishi lozim. Men turli rahbarlarning Xavfsizlik kengashidagi xalqlar vakilligini kengaytirish takliflarini olqishlayman. Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari doirasi zamonaviylikni aks ettirishi kerak», - deya xulosa qildi Zelenskiy. Uning fikricha, Germaniya tinchlik va xavfsizlik uchun kurashi uchun, shuningdek, Afrika Ittifoqi, Yaponiya va Hindiston kengash doimiy a’zosi bo‘lishga loyiqdir.

Zelenskiy Ukrainadagi urushni tugatish uchun tinchlik rejasini e’lon qildi 

Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha ikki banddan iborat tinchlik rejasini e’lon qildi. Birinchisi, Ukrainaning butun hududidan 1991 yil chegaralari doirasida Rossiya barcha qo‘shinlari va harbiy tuzilmalarini, shu jumladan Qora dengiz flotini to‘liq olib chiqish. Ikkinchisi - Qora va Azov dengizlaridagi, shuningdek, Kerch bo‘g‘ozidagi butun davlat chegarasi va eksklyuziv iqtisodiy zona ustidan nazoratni Ukrainaga to‘liq qaytarish. «Faqat ushbu ikki bandning amalga oshirilishi harbiy harakatlarni halol, ishonchli va to‘liq to‘xtatishga olib keladi», dedi Ukraina prezidenti. 

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Xavfsizlik kengashi majlisida ishtirok etib, Zelenskiyning nutqiga aralashishga urindi. Biroq, BMT Bosh assambleyasi sessiyasiga raislik qilgan Albaniya bosh vaziri Edi Rama unga bunga ruxsat bermay, Nebenzyaga: «Urushni to‘xtating, shunda prezident Zelenskiy so‘zga chiqmaydi», deb taklif qildi. Volodimir Zelenskiyning nutqi davomida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yig‘ilishda ishtirok etmadi. 

Keyinroq Volodimir Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida Albaniya bosh vaziriga minnatdorchilik bildirib: «hurmatli Edi Rama, bugun BMT Xavfsizlik kengashida siz butun dunyoga Rossiya bilan qanday to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni, uning yolg‘onchiligi va ikkiyuzlamachiligini ko‘rsatdingiz», deb yozdi. 

Mavzuga oid