13:59 / 17.10.2023
36199

Amalga oshmagan «Yahudiy avtonomiyasi» loyihasi – sovetlar nega Qrimni yahudiylarga bermoqchi bo‘lgan?

Bugun Rossiyaning Uzoq Sharqdagi qismida Yahudiy muxtor viloyati deb ataladigan sub’yekt bor. Bir paytlar sovet yahudiylari Stalindan Qrimni o‘zlariga berishni so‘rashgan. Ular yarimorolda muxtor yoki ittifoqdosh respublika tashkil etishni rejalashtirishgandi. Biroq bu reja amalga oshmaydi va sovetlar bu millatga Qrimni emas, Uzoq Sharqdan yer berishadi.

Foto: alamy.com

Bir necha kundan beri Yaqin Sharqda Isroil va Falastinning G‘azo sektori o‘rtasida qurolli mojaro sodir bo‘lmoqda. Har ikki tomondan ko‘plab odamlar halok bo‘lishdi. Binolar vayron bo‘ldi.

Ana shu mojaro fonida G‘arb davlatlarining aksariyati Isroilni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Biroq G‘arbda yashovchi oddiy aholi g‘azoliklarni qo‘llamoqda. Har kuni yirik shaharlarda yuz minglab odamlar G‘azoni, Falastinni va arablarni qo‘llab namoyishlarga chiqmoqda.

Falastin-Isroil mojarosi asosi yer talashishdan kelib chiqqan. Yahudiylar 1947 yilda chiqarilgan BMT rezolyutsiyasini pisand qilmagan holda yildan yilga falastinliklarning yerlarini tortib olib, o‘z hududiga qo‘shib bormoqda.

Isroil yahudiylarning mustaqil davlati bo‘lsa, bu millatga tegishli yana bir ma’muriy birlik bor va uni ko‘pchilik ham bilavermaydi. Bu ma’muriy birlik Rossiyaning Uzoq Sharqdagi hududida joylashgan va u Yahudiy muxtor viloyati (Yevreyskaya avtonomnaya oblast) deb ataladi.

Xo‘sh, sovetlar nega Uzoq Sharqda Yahudiylar muxtor viloyatini tashkil etgan? SSSR davrida bu savollarni berib bo‘lmasdi, darrov millatchilikda ayblashardi.

Zulm saltanati parchalanib ketgandan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, sovetlar yahudiylarga avvaliga Qrimni bermoqchi bo‘lishgan. Biroq bu ish amalga oshmagan va yahudiylar uchun «gadoytopmas» joylardan yer ajratishgan.

«Yahudiylar revolyutsiyasi»

SSSRda yahudiylar muxtoriyatini (avtonomiyasi) tashkil etish tarixi bir tomondan Oktyabr to‘ntarishiga borib taqaladi. G‘arbda ayrim tadqiqotchilar bu to‘ntarishni «Yahudiy revolyutsiyasi» deb atashadi.

Ularga ko‘ra, 1917 yilda sodir bo‘lgan to‘ntarishda yahudiylar aktiv qatnashgan va bundan maqsad Rossiyani nemislardan tortib olish bo‘lgan.

Rossiyada Romanovlar sulolasi hukmronlik qila boshlagan paytlardan buyon nemislar bilan aloqalar yaxshi bo‘lgan va bu davlatga ko‘plab nemislar ko‘chib kelgan.

Yahudiylarning esa 19-asr o‘rtalarigacha hech qanday haq-huquqlari bo‘lmagan. Ularga Rossiyaning yirik shaharlariga kirib joylashish taqiqlangan. Yahudiylarni harbiy xizmatga olishmagan.

Biroq Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng kechagina haq-huquqlari toptalib turgan millat vakillari hokimiyat tepasiga keladi. To‘ntarishdan so‘ng tayinlangan ilk xalq komissarlarining aksariyati yahudiy millatiga mansub bo‘lgan.

Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng xorijga ko‘chib ketgan va keyinchalik AQShda yashagan rus siyosatchisi va yozuvchisi Andrey Zankevich (Dikiy) o‘zining «Yahudiylar Rossiya va SSSRda» kitobida Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng xalq komissarlari bo‘lgan shaxslarni sanab o‘tgan va 22 nafar «narkom»dan 17 nafari yahudiy bo‘lganini yozgan.

Bu kitob chop etilgandan so‘ng muallifni antisemitizmda (yahudiy millatiga qarshi harakat)da ayblashadi. Biroq Zankevich qisman haq edi va Trotskiy (Bronshteyn-armiya va flot qo‘mondoni), Zinovev (Apfelbaum-Ichki ishlar xalq komissari), Itsxok Shteynberg (adliya xalq komissari), Isidor Gukovskiy (Moliya ishlari xalq komissari) va boshqalar yahudiy millatiga mansub bo‘lishgan.

Oktyabr to‘ntarishini yahudiylar amalga oshirmagan bo‘lishi mumkin. Biroq aynan shu to‘ntarishdan so‘ng bu millat «ko‘ksiga shamol tekkan»i va ular sovet davlatida yuqori lavozimlarni egallagani ayni haqiqat.

Andrey Zankevich (Dikiy) Foto: wikimedia.org

Qrim yahudiy respublikasi

Rossiyada yahudiylarga alohida yer ajratish va ma’muriy birlik tashkil etish rejasi ilk bor 1919 yilda Lenindan chiqqan. Lekin bu rejada Qrim haqida gap bo‘lmagan. Ungacha 1918 yilda RSFSR millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissarligi qoshida Yahudiy komissarligi tashkil etilgandi.

1924 yilda yahudiylarning mamlakat bo‘ylab ko‘chib yurishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun SSSR markaziy ijro qo‘mitasining maxsus qarori qabul qilinadi. Shundan so‘ng ular SSSR bo‘ylab turli hududlarga ko‘chib bora boshlashadi.

Oktyabr to‘ntarishi yahudiy millatining bir qismini hukmron qatlamga aylantirgan bo‘lsa, boshqa qismini qochoqlarga aylantiradi.

Jumladan, to‘ntarishdan so‘ng yahudiylarning boylari va o‘rtahollari mamlakat janubidagi viloyatlarga va Qrimga qochishadi.

Shu tariqa 1920-yillar boshlarida Qrimda ko‘plab yahudiylar yashagan va ular xorijdagi millatdoshlarining moliyaviy ko‘magi bilan to‘rtta kommuna tashkil etgan. 20-yillar oxirida kollektivlashtirish boshlanganda kommunalar tarqatib yuborilgan.

Qrimda yahudiylar uchun alohida ma’muriy birlik tuzish g‘oyasini ilk bor SSSRdagi yahudiylarga moliyaviy yordam ko‘rsatib kelgan Amerikaning Joint (American Jewish Joint Distribution Committee) xayriya tashkilotining Rossiya bo‘yicha bo‘lim rahbari Iosif Rozen ilgari surgan.

1931 yilda chop etilgan «Molodaya gvardiya» jurnalining muqovasi

1923 yilda Rozenning taklifi Qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi direktori Abram Bragin va SSSR millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissari o‘rinbosari Mixail Kolsov nomidan hukumatga bildiriladi.

O‘sha yili dekabrda Kompartiya markaziy qo‘mitasi qarori bilan taklifni ko‘rib chiqish uchun SSSR xalq komissarlari raisi o‘rinbosari Aleksandr Tsyurupa boshchiligida maxsus komissiya tuziladi.

Yahudiylar uchun alohida ma’muriy birlik tuzish rejasini Trotskiy (Bronshteyn), Kamenev (Rozenfeld), Buxarin, Chicherin va boshqa rahbarlar qo‘llab-quvvatlashadi.

Markaziy qo‘mitadagi yig‘ilishdan so‘ng Abram Bragin Yahudiy telegraf agentligiga intervyu beradi va 1927 yilga borib SSSRda yahudiylarning alohida ma’muriy birligi paydo bo‘lishi haqida gapiradi.

1926 yilda SSSR ijro qo‘mitasi prezidiumi rahbari Mixail Kalinin Izvestiya gazetasiga bergan intervyusida «Qrim loyihasi»ni qo‘llashini aytadi.

«Hozir SSSRda 2,5 milliondan 3 million nafargacha yahudiy yashamoqda. Boshqa millatlar kabi SSSRda yashovchi ular ham o‘z muxtoriyatiga ega bo‘lishga haqli», deydi Kalinin.

SSSRda yahudiylar ma’muriy birligini tuzishning eng ashaddiy tarafdori – bu Yuriy (Mixail) Larin edi. Yahudiy millatiga mansub va haqiqiy ism-sharifi Ixil-Mixl Zalmanovich bo‘lgan bu odam SSSRdagi yahudiylarga yordam berib kelgan Joint xayriya tashkiloti bilan aloqalarda bosh rolni o‘ynagan.

Qrimda Yahudiylar avtonomiyasini tashkil etish tashabbuskorlaridan biri Yuriy (Mixail) Larin (Ixil-Mixl Zalmanovich)
Foto: dzen.ru

Jumladan, uning sa’y-harakatlari bilan xayriya tashkiloti 1924 yildan 1929 yilgacha bir necha marta sovet hukumatiga millionlab dollar o‘tkazib beradi. Xayriya tashkilotining sharti, SSSRda hech kim, hatto hukumat ham antisemitizmga yo‘q qo‘ymasligi va ularga ma’muriy birlik berilishi kerak edi.

Qrimda yahudiylar muxtor respublikasining tuzilishiga barcha birday rozi bo‘lmagan. Qrim ASSR rahbari Vali Ibrohimov, RSFSR Yer xo‘jaligi xalq komissari Aleksandr Smirnov, Ukraina SSR Adliya xalq komissari Nikolay Skripnik, Ukraina SSR rahbari Emmanuil Kviring (millati nemis) Qrimda «Yahudiy avtonomiyasi» tuzilishiga qarshi bo‘lishadi.

Yuqoridagi shaxslar orasida ayniqsa Qrim ASSR rahbari Vali Ibrohimov qrimtatarlarning vatani bo‘lgan yarimorolning yahudiylarga berilishiga qattiq qarshilik ko‘rsatadi.

1927 yilda Qrimga Moskvadan Markaziy qo‘mita instruktori I.Kozlov boshchiligida komissiya yuboriladi. Simferopolda yig‘ilish o‘tkaziladi va unda Qrimga yahudiylarni joylashtirish masalasi ovozga qo‘yiladi. Vali Ibrohimovdan tashqari barcha rozi bo‘ladi.

Qrimda Yahudiylar avtonomiyasini tuzishga qarshi bo‘lgan Vali Ibrohimovning taqdiri ayanchli kechadi. 1928 yilda uni hibsga olishadi va otib tashlashadi. (Ibrohimov 1990 yilga kelib oqlanadi).

Qrimni yahudiylarga berishga qarshi chiqqan Vali Ibrohimov Foto: kartamirakrym.blogspot.com

Shundan so‘ng hech kim Qrimga yahudiylarning joylashtirilishiga qarshilik ko‘rsatmaydi. Jumladan, Ukraina rahbariyati ham. Shu tariqa 1928 yildan boshlab yahudiylarga Qrimdan yer ajratish boshlanadi.

1932 yilga kelib bu yerda 86 ta yahudiy qishloq qo‘rg‘oni paydo bo‘ladi. Yarimorolda yashovchi yahudiylar soni 20 mingdan oshadi.

1930 yilda Qrimda ilk ma’muriy birlik – Fraydorf yahudiy milliy tumani paydo bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi ma’muriy birlik – Larindorf tumani tashkil etiladi.

Ikkinchi tomondan Uzoq Sharqda ham yahudiylar uchun ma’muriy birlik tuzish harakati boshlanadi. 1930 yil 20 avgust kuni RSFSR markaziy ijro qo‘mitasi Uzoq Sharq o‘lkasida Biro-Bidjon milliy tumanini tashkil etish haqida qaror qabul qiladi.

Ko‘p o‘tmay sovet hukumati Yahudiylar avtonomiyasini Qrimda emas, Uzoq Sharqda tashkil etishga qaror qiladi. Yahudiylar Uzoq Sharqqa ko‘chirila boshlanadi.

Uzoq Sharqda Yahudiylar avtonomiyasi tashkil etilishi

SSSR markaziy ijro qo‘mitasining 1934 yil 7 maydagi qarori bilan Uzoq Sharqda tashkil etilgan Biro-Bidjon milliy tumani Yahudiy milliy muxtor viloyati deb qayta nomlanadi.

1934 yil 20 iyulda muxtor viloyatning ma’muriy bo‘linishi tasdiqlanadi. Muxtor viloyatdan Amur-Tungus tumani ajratib olinib, Xabarovsk viloyatiga qaytarib beriladi. O‘rniga Xabarovsk viloyatidan Obluchenskiy tumani olinadi.

Yahudiy muxtor viloyati xaritasi

Shu tariqa, Yahudiylar avtonomiyasida beshta, Birobidjon, Birsk (hozirda Obluchenskiy), Stalin (hozir Oktyabr), Blyuxer (hozir Lenin), Smidovich tumanlari tashkil etiladi.

Shundan so‘ng muxtor viloyatga millati yahudiy bo‘lgan partiya xodimlari, rahbarlar, ishchilar jo‘natila boshlanadi. 1934 yil 18 dekabr kuni Yahudiylar milliy muxtor viloyati kengashining birinchi s’yezdi o‘tkaziladi va ma’muriy birlikning rahbarlari tasdiqlanadi.

1935 yil yanvar oyida Moskvada Kalinin yahudiy ishchilari bilan uchrashuv o‘tkazadi va unda sovet hukumati «yahudiylarning xohish-istaklarini inobatga olib», bu millatga o‘z milliy ma’muriy birligini tuzishga ruxsat berganini aytadi.

2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra Yahudiy muxtor viloyatida 147 ming aholi bor. Ular orasida yahudiylar juda kam, bor-yo‘g‘i 800-900 nafar. Yahudiylar viloyat aholisining bor-yo‘g‘i 0,5-0,6 foizini tashkil qiladi. Viloyatga Rostislav Goldshteyn rahbarlik qilmoqda.

Uzoq Sharqdagi Yahudiy muxtor viloyatida rus tili bilan birgalikda yahudiy (ivrit) tili va alifbosi ham keng qo‘llaniladi. \ Foto: drom.ru

Qrimda Yahudiylar avtonomiyasini tashkil etish masalasining qayta ko‘tarilishi

1941 yilda Germaniya SSSRga hujum boshlagach ko‘p o‘tmay Qrim ham nemislar tomonidan bosib olinadi. Ungacha bu yerda yashovchi yahudiylar yarimoroldan mamlakat ichkarisiga qochib ketishadi.

Qochishga ulgurmaganlar nemislar tomonidan asirga olinadi yoki o‘ldiriladi. Shu tariqa, Qrimda yahudiylardan hech kim qolmaydi.

1943 yildan boshlab Ikkinchi jahon urushida vaziyat o‘zgaradi va sovet armiyasi qayta hujumga o‘tadi. Tez orada sovet armiyasi Qrimni ozod qilishi ham aniq bo‘lib qoladi.

Ko‘p o‘tmay Tehronda SSSR, Britaniya va AQSh rahbarlarining konferensiyasi o‘tkaziladi. Konferensiyada AQSh prezidenti Lend-liz yordami evaziga Qrim ozod bo‘lganidan so‘ng yarimorolda «Yahudiylar avtonomiyasi»ni tashkil etishni so‘raydi.

AQSh prezidenti Stalinga yarimorolni «Qrim Kaliforniyasi»ga aylantirish haqida gapirgandi. Ayrim manbalarga ko‘ra, o‘shanda Britaniya va AQSh rahbarlari yahudiylar davlatini Falastinda emas, Qrimda tuzishni xohlashgan.

Tehron konferensiyasi, 1943 yil. Stalin, Ruzvelt va Cherchill  \ Foto: alamy.com

1944 yil fevralda sovet yahudiylari yarimorolda Yahudiylar ittifoqdosh respublikasini tuzish taklifini beradi. Jumladan, Yahudiy antifashist qo‘mitasi a’zolari Solomon Mixoels va Isaak Fefer Vyacheslav Molotov bilan uchrashib Qrimni yahudiylarga berish masalasini muhokama qilishadi.

O‘sha paytda barcha masalani shaxsan Stalinning o‘zi hal qilgani uchun, 1944 yil 15 fevral kuni Mixoels, Fefer va publitsist Shaxno Epshteyn Stalinga maktub jo‘natishadi.

Maktubda ular sovet qo‘shinlari Qrimni ozod qilganidan so‘ng yarimorolda Yahudiy sovet sotsialistik respublikasi tuzishni taklif etishadi.

Shuningdek, maktubda Uzoq Sharqdagi muxtor viloyat yahudiylar ko‘chib borishi uchun noqulayligi, Qrimda yashagan ko‘plab yahudiylar nemislar tomonidan qirib yuborilgani va shuning haqqi-hurmati uchun yarimorol yahudiylarga berilishi lozimligi yozilgan edi. Stalin yahudiylarning bu maktubini e’tiborsiz qoldiradi.

Oradan uch oy o‘tib, 1944 yil may oyida Qrimdan uning tubjoy aholisi qrimtatarlar ham deportatsiya qilinadi. Shundan so‘ng yahudiylar bo‘shab qolgan Qrimda o‘z respublikalarini tuzish masalasida «jonlanib» qolishadi. Biroq bu amalga oshishi uchun Stalinning roziligi kerak, «Dohiy» esa hech ro‘yxushlik bermasdi.

Urush tugashidan sal avval, 1945 yil 4-11 fevral kunlarida SSSR, Britaniya va AQSh rahbarlari Qrimda uchrashishadi. Ruzvelt bu safar ham «Qrim Kaliforniyasi» haqida gapiradi. Biroq Stalin uning gaplarini yana e’tiborsiz qoldiradi.

Yalta konferensiyasi, 1945 yil. Cherchill, Ruzvelt va Stalin \ Foto: alamy.com

Qrimda yahudiy respublikasi tuzilishining barbod bo‘lishi

1947 yilda BMT rezolyutsiyasi bilan Falastin yerlarida yahudiylar hamda arablar davlatini tuzish haqida qaror qabul qilinadi. 1948 yil may oyida Isroil davlati tashkil etiladi. Arab davlati tuzilmaydi va o‘rtada urush boshlanadi.

Shunda SSSRdagi yahudiylarning aksariyati va Yahudiy antifashist qo‘mitasi a’zolari bu urushda AQShning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Isroilni qo‘llab chiqishadi. Bu ish Stalinni g‘azablantirib yuboradi.

Uning buyrug‘i bilan NKVD yahudiylarga Yahudiy antifashist qo‘mitasini tarqatib yuborish talabini qo‘yadi. Biroq qo‘mita rahbarlari va a’zolari parvo qilishmaydi.

Shundan so‘ng Yahudiy antifashist qo‘mitasining eng faol a’zosi Solomon Mixoels qidiruvga beriladi va 1947 yilda Minskda NKVD xodimlari tomonidan otib o‘ldiriladi.

Oradan bir yil o‘tgach, 1948 yil sentabrda SSSRda «Yahudiylar ishi» nomi bilan mashhur bo‘lgan qatag‘onlar boshlanadi. Eng avval Yahudiy antifashist qo‘mitasi a’zolari hibsga olinadi, so‘ng boshqalar.

Qatag‘on to‘rt yil davom etadi va mamlakatdagi ko‘zga ko‘ringan taniqli yahudiylardan 125 nafari hibsga olinadi. Ulardan 12 nafari otib tashlanadi. Qolganlari uzoq muddatlarga qamaladi.

Otib tashlanganlar orasida Qrimda yahudiy respublikasini tuzish tarafdori bo‘lgan Isaak Fefer, qamalganlar orasida Stalinning yaqin odami Vyacheslav Molotovning xotini Polina Jyemchujina ham bor edi.

Mamlakatdagi taniqli shaxsning xotini bo‘lishiga qaramasdan Polina Jyemchujina 1948 yilda 1953 yilgacha qamoqda o‘tiradi va Stalin vafotidan so‘ng ozod qilinadi \ Foto: alamy.com

Shu tariqa, «Yahudiylar ishi»dan so‘ng Qrimda «Yahudiy avtonomiyasi»ni tuzish rejasi o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqadi. Stalin vafotidan so‘ng 1956 yilda Qrim Ukraina SSRga beriladi. Yahudiylar faqat Uzoq Sharqdagi Yahudiy muxtor viloyatini saqlab qolishadi xolos.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top