13:25 / 24.10.2023
8450

Tojikistonda yonilg‘i shoxobchalarida gaz va benzin taqchillashdi: narxlar oshmoqda

Tojikistonda suyultirilgan gaz va benzin narxi oshishi fonida yonilg‘i quyish shoxobchalarida yonilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda.

Foto: Asiaplustj.info

Asia plus’ning xabar qilishicha, ayrim AYoQShlarda suyultirilgan gaz narxi 1 litriga 8 somoniy (qariyb 8900 so‘m)ga yetgan. Uning narxi 7,20–7,80 somoniy bo‘lgan shoxobchalarda limit joriy etilgan.

AYoQShlar ikki-uch soatda butun kunga mo‘ljallangan barcha yonilg‘ini sotib tugatishmoqda va kelgusi kungacha yopib qo‘yilmoqda.

Haydovchilar kerakli turdagi yonilg‘ini topish uchun bir shoxobchadan ikkinchisiga qatnab sarson bo‘lishayotganini aytishmoqda. Masalan, bugun ertalab dushanbelik haydovchi ketma-ket to‘rtta AYoQShda benzin topolmaganidan shikoyat qilgan.

AYoQSh xodimlari esa suyultirilgan gaz va benzin narxi ko‘tarilib borayotgani, ertaga qanday narx bo‘lishini bilmasligini aytishmoqda.

Yonilg‘i narxi ko‘tarilganiga eng birinchi reaksiya ko‘rsatganlar xususiy kirakashlar bo‘ldi. Bir minib tushish 7 (7790 so‘m) somoniy bo‘lgan taksi narxlari birdaniga 10 somoniy (11130 so‘m) ga ko‘tarilgan.

Poytaxt Dushanbedan ayrim tumanlarga ham yo‘lkira narxi 3–5 somoniy (3300–5500 so‘m)ga oshgan.

2023 yilning birinchi yarmida yetkazib beruvchilar tomonidan respublikaga 100 mln AQSh dollari evaziga turli markalardagi 174 ming tonna benzin olib kirilgan. Bu hajmning 59 foizi «Gazpromneft-Tojikiston» ulushiga to‘g‘ri keladi.

Neft mahsulotlari Tojikistonga asosan Rossiya (85,4 foiz), Qozog‘iston (5,1 foiz), Turkmaniston (4,4 foiz), O‘zbekiston (2,6 foiz) va boshqa davlatlardan (2,5 foiz) kirib keladi.

Suyultirilgan gaz olib kirish bilan 2023 yilning birinchi yarmida 14 ta firma shug‘ullangan. Ular 66 mln dollar evaziga respublikaga 170 ming tonna yonilg‘i olib kirishgan.

Suyultirilgan gaz asosan Qozog‘iston (73,5 foiz) va Rossiya (24,7 foiz) dan import qilinadi.

Ma’lumki, ayni paytda Qozog‘istonda gaz eksportiga taqiq joriy etilgan. Rossiyada esa “Gazprom”ning eksport monopoliyasini buzish uchun harakatlar boshlangan hamda mahsulotni qayta taqsimlash jarayoni kechmoqda. Shu sababli nafaqat Tojikiston, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga ham suyultirilgan gaz kamroq hajmda yetkazilmoqda, deb yozadi nashr. 

Top