17:34 / 24.10.2023
13944

Xitoy mudofaa vaziri lavozimdan olindi. U ikki oy oldin g‘oyib bo‘lib qolgandi

Xinhua davlat axborot agentligi Xitoy mudofaa vaziri Li Shanfu lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risida xabar berdi, lekin hech qanday izoh keltirilmagan.

Foto: Getty Images

Bu iste’fo generalning taqdiri haqidagi bir necha hafta davom etgan turli mish-mishlar ortidan ro‘y berdi: Li avgust oyi oxiridan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bergani yo‘q. Uni lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi qaror Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan.

Li Shanfu 29 avgustdan keyin ko‘rinish bermayotgandi. O‘shanda u tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Pekinda o‘tkazilgan Xitoy-Afrika forumida ishtirok etgandi. 

Sentyabr oyi o‘rtalarida The Financial Times Amerika razvedkasiga tayanib, Li Shanfu lavozimdan chetlatilgani va tergov ostida bo‘lib turgani haqida xabar tarqatgandi. Reuters agentligi jurnalistlari Xitoydagi o‘n nafar anonim manba bilan suhbatlashib, vazir korrupsiyada gumonlanayotganini xabar qilgandi.

Li Shanfu o‘tgan yil oktyabrida Si Jinping partiya yetakchisi sifatida uchinchi muddatini boshlaganidan keyingi davrda to‘satdan lavozimdan chetlatilgan ikkinchi vazir bo‘ldi. 2023 yil iyulida tashqi ishlar vazirligi rahbarligida Sin Gan o‘rniga Van I qaytarilgan, bundan oldinroq esa  Sin ham ma’lum vaqt jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘ygandi. Sin Ganning lavozimdan ketishi sababi hozirgacha noma’lum qolmoqda.

Li Shanfuning iste’fosi Pentagon delegatsiyasining ikki tomon o‘rtasidagi yuqori darajadagi harbiy muloqotga yangi impuls berish maqsadida o‘tkaziladigan mintaqaviy xavfsizlik forumiga tashrif buyurishiga bir necha kun qolganida e’lon qilindi.

G‘arblik hamkasblaridan farqli o‘laroq, Xitoy tashqi ishlar vaziri ham, mudofaa vaziri ham asosan partiya qarorlari ijrosini nazorat qiladi va tashqi siyosatda hamda mudofaa siyosatida muhim qarorlarni o‘zlari qabul qilishmaydi. Ammo Li ham, Sin ham — davlat maslahatchilari edi, ya’ni Xitoy vazirlar mahkamasi hisoblangan Davlat kengashida yuqori lavozimlarni egallagandi.

65 yoshli Li Shanfu Xalq ozodlik armiyasidagi taniqli shaxs hamda Xitoy Milliy-ozodlik armiyasining boshqaruv organi hisoblangan Markaziy harbiy komissiya a’zosi edi.

Li Rossiyadan qurol sotib olishga aloqadorligi uchun 2018 yilda Amerika sanksiyalariga uchragandi va ushbu mamlakat hududiga kirishi taqiqlangandi. Shundan keyin Xitoy amerikalik harbiylar bilan aloqa qilishni to‘xtatgan, bu asosan amerikaliklar quroli Tayvanga sotilishiga qarshi norozilik belgisi edi, shuningdek bu orqali Vashington Liga qarshi sanksiyalarni bekor qilishi lozimligi nazarda tutilgandi.

Lining iste’fosi Xitoy tarixidagi eng muhim modernizatsiya jarayonini boshdan kechirayotgan qurolli kuchlardagi keyingi o‘zgarishlardan darak beradimi yoki yo‘q, bunisi hozircha noma’lum. Si Jinping 2049 yilga borib Xitoy Milliy-ozodlik armiyasini dunyoning yetakchi jangovar kuchiga aylantirish vazifasini qo‘ygan, bu esa AQSh armiyasi bilan tenglashish maqsadini anglatadi.

Li Shanfu o‘rniga kim yangi mudofaa vaziri bo‘lishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid
Top