08:06 / 31.10.2023
13557

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida qariyb 1,2 mlrd dollarlik eksport-import shartnomalari imzolandi

O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Kobul shahrida bo‘ldi.

Foto: Dunyo AA

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari va Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar o‘rtasida tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki mamlakat investitsiyalar, sanoat va savdo, qishloq, suv xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va geologiya, energetika hamda transport vazirlari ishtirok etdi.

Afg‘oniston va O‘zbekistonda iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi va ulardan foydalanish esa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobarga ko‘paytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Afg‘onistonlik investorlar, ishbilarmon doiralar vakillari va yuk tashish avtomobillari haydovchilariga viza rasmiylashtirish bo‘yicha yangi mexanizm yaratilayotgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirildi.

O‘z navbatida, Jamshid Xo‘jayev Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda transport/tranzit va elektr ta’minoti bo‘yicha keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarida ishtirok etish, kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini oshirishga tayyorligi yana bir bor ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasini tashkil etish ma’lum qilindi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha 1 milliard 185 million dollar miqdoridagi eksport/import kelishuvlariga erishildi.

Mavzuga oid
Top