Jahon | 16:40 / 08.11.2023
5418
3 daqiqa o‘qiladi

YeK Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi

Ukrainaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishi kerak, deb hisoblaydi Yevrokomissiya. Xuddi shu narsa Moldova uchun ham amal qiladi. Qaror Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Foto: Reuters

Yevrokomissiya (YeK) 8 noyabr, chorshanba kuni Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarga tayyorligi haqidagi hisobotini taqdim etdi. U muzokaralar jarayonini boshlashni tavsiya qildi. Shu bilan birga, tavsiyanomada mamlakat muhim yo‘nalishlarda – ishonchli va mustaqil sud tizimini yaratishdan tortib, huquqni himoya qilish va korrupsiyaga qarshi choralarni joriy etishgacha bo‘lgan sohalarda yanada ko‘proq taraqqiyotga erishish zarurligi haqidagi «texnik jihatlar» mavjud. 2024 yil mart oyida Yevrokomissiya Ukraina va boshqa nomzod – Moldova tomonidan qolgan shartlar bajarilgani to‘g‘risida Yevroittifoq kengashiga hisobot beradi, u bilan ham Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlash taklif etiladi.

Hali Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olmagan Gurjistonga Yevrokomissiya uni taqdim etishni tavsiya qilgan. Shu bilan birga, u ushbu mamlakat hukumati muhim islohotlarni amalga oshirishi kerakligini ta’kidladi.

Yevrokomissiya bahosi asosida bu bandlar bo‘yicha yakuniy qarorni 14 va 15 dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari qabul qilishi kerak. Bu qaror, boshqa har qanday hujjat kabi, Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zosi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini talab qiladi.

Ukraina uzoq vaqtdan beri Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy muzokaralar boshlanishiga intilmoqda. Bundan bir necha kun oldin Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Oliy radada so‘zga chiqib, Kiyev o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni 90 foizga bajarganini ta’kidlagan edi. 

Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina bu bayonotni tanqid qildi. «Hatto 99,9 foiz ham Ukraina uchun salbiy signaldir, chunki gap mamlakatdagi ekzistensial o‘zgarishlar haqida ketyapti», deb ta’kidladi Stefanishina. 

Uning fikricha, fon der Lyayyenning bunday bayonotidan Kiyev qolgan 10 foiz vazifalarni bajarishga sanoqli kunlar qolgan, degan xulosaga kelishi mumkin. «Biz qanchalik ko‘p qilsak, shunchalik ko‘p muammolar paydo bo‘ladi, bu esa 100 foizlik ko‘rsatkich bajarilmay qolishiga olib kelmaydi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid