Iqtisodiyot | 17:44 / 27.11.2023
30774
8 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo integratsiyasiga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?

Markaziy Osiyo davlatlari integratsiya ustida o‘tgan asrning 90-yillaridan beri bosh qotirib keladi. Biroq qator ichki va tashqi omillar bu jarayonni to‘liq amalga oshirishga xalaqit qilyapti.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy omil

Mustaqillikdan keyin neft va tabiiy gazning yirik eksportchilari – Qozog‘iston va Turkmaniston uchun Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Rossiya bozorlari ustuvor bo‘lgan. Chunki Markaziy Osiyo mamlakatlarida katta miqdorda yonilg‘i resurslarini iste’mol qilish va xarid qilish imkoniyati bo‘lmagan. Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning ham asosiy savdo-sotiq va investitsiya sheriklari hisoblanadi. Tabiiyki, tashqi savdodagi bunday nomutanosiblik davlatlar kesimida xalqaro aloqalarga nisbatan turli strategiyalar qo‘llashga sabab bo‘lib keladi.

Xususan, O‘zbekiston misolida joriy yilning o‘tgan 10 oyligini tahlil qilsak, tashqi savdo aylanmasida mintaqa davlatlarining umumiy ulushi 11,6 foizni tashkil etadi. Qozog‘istonda esa bu ko‘rsatkich – 5,4 foiz. Ya’ni mintaqaning hech bir davlati uchun boshqa biri asosiy iqtisodiy hamkor mamlakat emas va mintaqa iqtisodiyotlari haligacha xomashyo resurslari eksportiga bog‘lanib qolgan.

Shuningdek, iqtisodiy qonunchilik tizimida ham farqli jihatlar ko‘p. Eng avvalo, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo. Shu sababli o‘zlarining tashqi iqtisodiy siyosatini erkin belgilay olmaydi. O‘zbekistonda esa proteksionizm darajasi juda yuqori. Bu – qo‘shni mamlakatlardan mahsulot olib kirishni sezilarli darajada qimmatlashtiradi.

Tashqi geosiyosiy bosim

Markaziy Osiyodagi integratsiyaga ta’sir qiladigan tashqi omillar ham mavjud. Mintaqani bir qator kuch markazlari – Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Eron va Turkiya manfaatlari to‘qnashgan “ko‘p tomonlama raqobat o‘chog‘i” deyish mumkin.

Xususan, yaqin o‘tmishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan yagona sotsialistik blokda bo‘lgan Rossiya va global liderlikka intilayotgan Xitoy mintaqa mamlakatlarining birlashishini istamaydi. Ular bu yerdagi bozorlarni qo‘ldan chiqarmaslik va o‘z siyosiy ta’sir doirasini yanada kengaytirishdan manfaatdor.

Turkiy davlatlar ittifoqini tuzishga urinayotgan Turkiya esa integratsiya jarayonida o‘zi ham ishtirok etishni va yangi ittifoq rasmiy Anqara atrofida vujudga kelishini istaydi.

Markaziy Osiyo o‘ziga xos chorraha hisoblanib, uning hududi Rossiya, Xitoy, Eron va undan Yaqin Sharqqa, Pokiston va Hindistonga chiqish imkoni beruvchi ko‘prik hisoblanadi. AQSh bu hududga harbiy kontingent joylashtirishga yuqorida sanab o‘tilgan davlatlarning barchasini tiyib turish imkonini beruvchi kuch sifatida qaraydi. Afg‘onistondan Qo‘shma Shtatlar harbiy qismlari chiqib ketganidan keyin, Vashington uchun mintaqaning ahamiyati yanada ortdi. Aytish mumkinki, tashqi kuch markazlaridan AQSh va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda integratsiya bo‘lishidan manfaatdor, ular bu omil mintaqada Rossiya va Xitoyning ta’siri ortishini cheklaydi, deb hisoblaydi.

Harbiy-siyosiy omil

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining a’zolari. Bu esa ushbu mamlakatlarni harbiy-mudofaa sohasidagi masalalarni Kreml bilan kelishishga majbur qiladi.

Bundan tashqari, mintaqaning barcha davlatlari bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston uzoq vaqt davomida qo‘shni mamlakatlar bilan sovuq munosabatda bo‘ldi, chegaralarni yopdi, savdo aloqalari deyarli to‘xtab qoldi. Faqatgina, 2016 yilda hukumat almashganidan keyin munosabatlar normallasha boshladi.

Ya’ni mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari nihoyatda siyosiylashgan, bu asosan hukumat tepasida turgan rahbarlarning qarashlari natijasida shakllanadi, tizimlashmagan. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatlarning istalgan bittasidagi siyosiy o‘zgarishlar umumiy integratsiya jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hududiy muammolar

Mintaqadagi eng og‘riqli muammolardan biri – davlatlararo bahsli chegara masalasi hisoblanadi. 2018 yilda o‘zbek-tojik va 2022 yilning oxirida o‘zbek-qirg‘iz chegara muammosi uzil-kesil hal qilingani bu boradagi siyosiy taranglikni ancha yumshatdi. Ammo Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara muammolarini hal qilish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Ikki davlat chegarasida oxirgi paytlarda tez-tez qurolli to‘qnashuvlar yuz bermoqda va bu jarayon siyosiy tusga ham kirmoqda.

Mintaqada 8 ta anklav mavjud bo‘lib, ularning barchasi aholi zich yashaydigan, etnik jihatdan tabaqalashgan Farg‘ona vodiysida joylashgan. Aynan shu anklavlar hududiy nizolar o‘chog‘i hisoblanadi.

Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishda asosiy muammolardan biri – mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan tasdiqlanib, tartib-taomillaridan o‘tgan huquqiy asos yo‘qligidir. Bu borada umumiy tushuncha mavjud bo‘lsa-da, suv va boshqa resurslardan foydalanishdagi muammolar yakdil qaror qabul qilishni murakkablashtiradi.

Etnik-ijtimoiy bo‘linish

Turkiston o‘lkasi azaldan turkiy xalqlarning yagona maskani va umumiy vatani bo‘lgan. Sovetlar tomonidan “milliy davlatlarni tashkil qilish” niqobi ostida amalga oshirilgan tadbir natijasida mintaqa alohida davlatlarga bo‘lib chiqildi, bir millat o‘ziniki deb da’vo qiluvchi hudud boshqasiga berildi va shu orqali adovat urug‘lari ekildi. Buning ortidan qardosh xalqlar uzoqlashishni boshladi, millatchilik ildiz otdi. Milliy mafkuralarni yaratishga zo‘r berilib, bir xalqning boshqasidan ustun bo‘lganiga urg‘u berish, xalqlarni ajratishga harakatlar kuzatildi.

Demokratiyaga intilishning sustligi

Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlari uzoqqa cho‘zilayotganining asosiy sabablaridan biri mintaqa davlatlari demokratiya yo‘lidan borishda yuqori namuna ko‘rsata olmayotganiga borib taqaladi. Mintaqa davlatlarining har biri rivojlanishning o‘zi tanlagan ayro yo‘lidan bormoqda. Ayrim respublikalarda hokimiyatlar amalda bir necha o‘n yillik egalari qo‘lida qolmoqda.

Aynan fuqarolarning davlat siyosatiga, xususan tashqi siyosatga va tashqi savdo bo‘yicha qarorlarga ta’sir o‘tkazish imkoniyati cheklangani sababli o‘zaro integratsiya va savdo-sotiqda qator muammolar saqlanib qolyapti.

Shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlarini birlashtiruvchi yagona axborot maydoni mavjud emas. Mintaqa hamon Rossiya propagandasi va axborot makonining bir qismi.

Integratsiya nima uchun muhim?

Umuman olganda, har qanday integratsiya uchun hududiy bir butunlik yoki yaqinlik, o‘zaro bog‘liqlik, umumiylik, barcha uchun majburiy bo‘lgan va bir xillashtirilgan huquqiy qoidalar hamda mazkur qoidalarni ijro etuvchi va ijrosini nazorat qiluvchi institutsional tizim zarur hisoblanadi.

Mintaqaviy integratsiyaning bir qancha ijobiy jihatlari mavjud:

  • integratsiya davlatlar o‘rtasida ishonchni oshirib, barqarorlikni ta’minlaydi;
  • yagona ichki bozor shakllanishi ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar yaratadi;
  • sarmoya va ishchi kuchi erkin harakatlanishi uchun keng hudud paydo bo‘ladi;
  • to‘siqsiz savdo-sotiq barcha mamlakatlarni birdek boyitadi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid