15:27 / 05.12.2023
4455

COP28: Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari Dubaydagi O‘zbekiston paviloni bilan tanishdi

Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ekologiya vazirlari O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida O‘zbekistonning COP28 konferensiyasidagi milliy paviloni bilan tanishdi. Ular Global yashil taraqqiyot instituti (GGGI) bosh direktori bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Ekologiya vazirligi

Dubayda bo‘lib o‘tayotgan BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 28-sessiyasi (COP28) doirasida O‘zbekiston milliy paviloni faoliyat olib bormoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar bermoqda.

Pavilonga Ozarbayjon Respublikasi ekologiya va tabiat resurslari vaziri Muxtar Babayev, Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiat resurslari vaziri Yerlan Nisanbayev va Qirg‘iziston Respublikasi tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vaziri Melis Turg‘unboyev tashrif buyurdi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohlik qildi.

Tashrif chog‘ida qardosh mamlakatlar ekologiya vazirlari O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, “Yashil makon” loyihasi doirasida Orol dengizi tubini va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish, Parij kelishuvi majburiyatlarini bajarish, uglerod neytralligiga erishish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, uning oqibatlari va xatarlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shuningdek, yashil kun tartibini ilgari surish bo‘yicha hamkor hisoblangan Global yashil taraqqiyot instituti (GGGI) bosh direktori F.Rijsberman va vazirlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda GGGI bosh direktori qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali mamlakatlarning yashil iqtisodiyot tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tishlari uchun zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligi va bundan manfaatdor ekanini bildirdi.

O‘z navbatida, vazirlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlarining Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi va boshqa nufuzli platformalar doirasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha siyosiy irodasini alohida ta’kidladi. Bunda atrof-muhit muammolari va iqlim o‘zgarishi xalqaro hamkorlikni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlarida ekologiya sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash uchun istiqbolli platforma bo‘lgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Central Asian Green University) ochilishi borasida ijobiy fikrlar bildirildi.

Pavilon mehmonlari o‘zbekistonlik hamkasbi Aziz Abduhakimovning qardosh mamlakatlar uchun ekologik faoliyatning mintaqaviy sharhini ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Samarqandda 2024 yilning 12–17-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi va Birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi (2024 yil mart)ga taklif etildi.

Top