Jahon | 10:50 / 10.01.2024
3643
3 daqiqa o‘qiladi

NASA astronavtlarni Oyga qo‘ndirishni 2026 yilgacha kechiktirdi

Amerika kosmik agentligi rahbari xavfsizlik nuqtayi nazaridan Artemis 3 missiyasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt kerak deb hisoblayapti. Xuddi shu narsa Artemis 2 missiyasiga ham tegishli.

Foto: NASA

Xavfsizlik nuqtayi nazaridan Amerikaning NASA kosmik agentligi astronavtlarning Oyga qo‘nishi rejalashtirilgan vaqtni bir yilga — 2026 yilgacha qoldirdi. Bu haqda NASA rahbari Bill Nelson 9 yanvar, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. U Artemis 3 missiyasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt kerakligini bildirdi. «Xavfsizlik - bizning ustuvor vazifamiz», dedi u. 

NASA ma’lumotlariga ko‘ra, 1972 yildan buyon Oyga qo‘nadigan birinchi astronavt milliarder biznesmen Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi shattlidan foydalanadi. Nelsonning aytishicha, Artemis 3 missiyasi 2026 yilning sentabr oyida amalga oshirilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Artemis 2 tayyorgarlik missiyasi ham bir yilga - 2025 yil sentabrigacha kechiktiriladi. Artemis 2’da astronavtlar Yer yo‘ldoshiga qo‘nmasdan Orion kapsulasida Oyga orbital parvozni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. 

Birinchi tayyorgarlik missiyasi, Artemis 1, 2022 yil oxirida bir necha kechikishlardan keyin amalga oshirildi. O‘shanda uchuvchisiz Orion kapsulasi Oy orbitasiga chiqdi. Biroq, ushbu Oy missiyasi davomida texnik nosozliklar, jumladan, kapsula atrofidagi issiqlik qalqoni bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. 

Yana bir Oyga missiya qo‘nish moduli dvigatelida muammolarga duch keldi

8 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:18 (Toshkent vaqti bilan 12:18) da Florida shtatidagi Kanaveral burni uchirish maydonchasidan bortida Peregrine Oyga qo‘nish moduli bo‘lgan United Launch Alliance (ULA) kompaniyasining Vulcan Centaur yangi raketa-tashuvchisi uchirildi. Biroq, modulda keyinchalik dvigatel bilan bog‘liq muammolar kelib chiqdi, deb xabar qildi Astrobotic Technologies ishlab chiqaruvchi-kompaniya. 

Uchirilganidan 48 daqiqa o‘tgach, qo‘nish moduli raketadan muvaffaqiyatli ajralib chiqdi, ammo keyinchalik missiyani boshqarish markazi «anomaliya» ni payqab qoldi, buning natijasida qurilma Quyoshga to‘g‘ri pozitsiyani egallamadi va akkumulyatorni quvvatlantira olmadi. Dvigatel tizimidagi muammolar Oyga yumshoq qo‘nishga to‘sqinlik qilishi mumkin. 

Natijada, «improvizatsion manyovr» yordamida mutaxassislar qo‘nish modulini akkumulyatorni quvvatlantirish uchun kerakli tomonga burishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq dvigatel tizimi nosozligi yonilg‘ining jiddiy yo‘qotilishiga olib keldi, deya xabar qildi kompaniya. 

Mavzuga oid