14:46 / 14.02.2024
21896

Rus nashrlari ukrainlar poligoniga zarba berilgani, o‘nlab va hatto yuzlab harbiylar halok bo‘lganini xabar qildi

Ukraina qurolli kuchlari bu xabarlarni Rossiyaning «o‘zining katta miqdordagi yo‘qotishlaridan e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan» dezinformatsiyasi deb atadi.

Foto: Viktor Fridshon / Global Images Ukraine / Getty Images

13 fevral kuni kunduzi rossiyalik harbiy muxbirlar va Z-kanallar Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblasti Pokrovsk rayoni Selidovo shahridagi o‘quv poligoniga raketa zarbasi bergani va bu zarba oqibatida yuzlab ukrain harbiylari halok bo‘lgani haqida yozishdi. Ukraina qurolli kuchlari esa bu xabarlarni dezinformatsiya deb atadi.

Selidovo bo‘ylab zarba berilgani haqida birinchilardan bo‘lib «Komsomolskaya pravda» muxbiri Aleksandr Kots xabar tarqatdi. U o‘z telegram-kanalida poligon «go‘shtqiymalagichga aylangani»ni aytib, Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyni «general 200» deb atadi. Yana bir rossiyalik «voyenkor», Yuriy Kotyonok esa «bir necha o‘n qurbon» va yuzdan ortiq yarador haqida yozdi. U ukrain pabliklari bu zarba bo‘yicha «maksimal darajada sukut saqlashi», chunki bu Sirskiy uchun «juda yomon voqea» bo‘lganini ta’kidladi.

Mash telegram-kanali ham biror manbaga havola qilmagan holda Selidovoda Ukraina QKning bir yarim mingga yaqin harbiy xizmatchisi bo‘lgani, ular Avdiyivkaga yuborishga tayyorlangani haqida xabar tarqatdi. Mash qurbonlar va yaralanganlar sonini ham biror manba keltirmasdan 300 dan 1500 gacha baholagan. Shu bilan birga, kanal mualliflari o‘nlab ukrain harbiylari ochiq maydonda turgani aks etgan videoni namoyish etib, aynan shu videodagi harbiylar zarba ostida qolganini bildirgan, lekin bu video ijtimoiy tarmoqlarda 2023 yil noyabr oyida tarqalgandi.

Selidovo bo‘ylab zarba haqida TASS davlat agentligi ham yozgan — Oliy radaning sobiq deputati Igor Mosiychukka tayangan holda. Mosiychuk Selidovodagi voqea haqida o‘z telegram-kanalida yozib, «bu yerga zarba kelib tushgani» va «qurbonlar va yaradorlar to‘g‘risida hozircha aniq ma’lumot yo‘qligi»ni bildirgan. Sobiq deputat hujum haqidagi ma’lumotni qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan.

Rybar telegram-kanali Rossiya qo‘shini 13 fevral kuni kunduzi Selidovodagi nishonlar bo‘ylab davomli zarbalar yo‘llagani va «raqibning yirik vaqtincha joylashuv manzili»ni aniq nishonga olgani haqida yozgan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra (bu haqda boshqa harbiy muxbirlar ham yozishgan), zarba «Iskander» raketa kompleksidan kassetali o‘q-dorilar qo‘llangan holda berilgan. Telegram-kanal jabrlanuvchilarning aniq sonini keltirmagan, «yuzlab qurbonlar to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlash juda qiyin» ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Rybar’ning tasdiqlashicha, hodisadan keyin hudud ihotalangan va u yerda «Ukraina xavfsizlik xizmati ish boshlagan». Shunga asoslangan holda telegram-kanal bu yerda jiddiy nishonga zarba berilgani haqida xulosa qilgan: «yoki katta miqdordagi shaxsiy tarkib, yoki yuqori martabali ukrain zobitlari».

Ukraina tomonidan bu zarba haqidagi xabarga «Tavriya» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy munosabat bildirib, uni «rossiyaliklar dezinformatsiyasi» deb baholagan.

«Rossiyalik propagandachilar Donetsk oblasti Selidovo yaqinida go‘yoki Ukraina mudofaa kuchlari yo‘qotishga uchragani haqida dezinformatsiya kampaniyasi boshladi. Bu rossiyaliklarning axboriy-psixologik operatsiyasi (IPSO). Shu tariqa, dushman o‘zining Tavr yo‘nalishidagi har kunlik katta yo‘qotishlaridan e’tiborni chalg‘itmoqda», — degan Tarnavskiy.

U Pokrovsk rayoni o‘qqa tutilgani haqidagi xabarni izohlarkan, 13 fevral kuni soat 11 atrofida Rossiya qo‘shini «Uragan» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan Tsukurino posyolkasiga (u Selidovodan taxminan sakkiz kilometr janubda joylashgan) zarba berganini aytgan. Tarnavskiyning ma’lumotiga ko‘ra, bu zarba oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.

Tsukurino bo‘ylab berilgan zarba haqida «Suspilne» telekanali ham Selidovo harbiy ma’muriyati postiga asoslangan holda xabar bergan. Unda «Uragan» zarbasi oqibatida ikkita ikki qavatli turar joy, yengil avtomobil va elektr tarmog‘i liniyasi shikastlangani aytilgan.

Tarnavskiyning bayonotidan ko‘p vaqt o‘tmasdan Rossiyaning «Yujniy front» harbiylashgan telegram-kanali zarba videosini namoyish etdi va bu zarbalar Ukraina qurolli kuchlarining Tsukurinodagi «harbiy texnikalari to‘planib turgan joy»ga berilgani ma’lum qilindi. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, ukrain kuchlarining ushbu zarba oqibatidagi yo‘qotishlari 30 kishigacha yetadi. Shuningdek, xabarda bir necha harbiy mashinalar va omborlar yo‘q qilingani aytilgan (videoning to‘liq versiyasida kamida bitta zirhli mashina yonayotgani ko‘ringan). «Yujniy front» gap rossiyalik harbiy muxbirlar avvalroq yozgan zarba haqida ketayotgani bo‘yicha aniqlik kiritmagan.

«Meduza»ning «Razbor» bo‘limi ushbu kanalda joylangan videoda chindan ham Tsukurino aks etgani va zarba kassetali o‘q-dorilar bilan berilganini tasdiqlagan. Rossiya pabliklari hozircha Selidovo bo‘ylab berilgan zarba aks etgan boshqa videolarni namoyish etmagan.

Selidovo ancha vaqtdan buyon shiddatli va og‘ir janglar ketayotgan Avdiyivkadan 40 kilometr masofada joylashgan — va Rossiya qo‘shinlari tomonidan tez-tez o‘qqa tutib turiladi. Xususan, 13 fevral tongida Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin Selidovo bo‘ylab berilgan zarba oqibatida tinch aholi vakillaridan uch kishi jabrlangani haqida ma’lum qilgandi.

Rossiya mudofaa vazirligi Selidovo bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermagan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top