10:05 / 17.02.2024
10780

Qozog‘istonning 9 ta viloyatida noqulay ob-havo tufayli 16 yo‘l vaqtincha yopildi

Bunga ob-havoning yomonlashishi, qor bo‘ronlari, kuchli shamol va ko‘ruvchanlik juda pastligi sabab bo‘lgan. Yopilgan yo‘llar orasida Olmaota-Toshkent trassasi ham bor.

Foto: Kazinform

Qozog‘istonning 9 ta viloyatida respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan 16 ta yo‘lda ob-havoning yomonlashishi tufayli avtotransport vositalarining harakatlanishiga vaqtincha cheklov o‘rnatilgan.

Zakon.kz nashrining xabar berishicha, cheklov bugun 2024 yil 17 fevral soat 9:30 dan boshlab joriy qilingan.

Jumladan:

  • Abay viloyati – umumiy uzunligi 411 km bo‘lgan 2 ta yo‘l.
  • Olmaota viloyati – umumiy uzunligi 99 km bo‘lgan 2 ta yo‘l
  • Sharqiy Qozog‘iston viloyati – umumiy uzunligi 589 km bo‘lgan 4 ta yo‘l;
  • Yettisuv viloyati – umumiy uzunligi 123 km bo‘lgan 2 ta yo‘l;
  • Qo‘stanay viloyati – umumiy uzunligi 83 km bo‘lgan 1 ta yo‘l;
  • Pavlodar viloyati – umumiy uzunligi 71 km bo‘lgan 1 ta yo‘l;
  • Shimoliy Qozog‘iston viloyati – umumiy uzunligi 230 km bo‘lgan 2 ta yo‘l
  • Ulitov viloyati – umumiy uzunligi 115 km bo‘lgan 1 ta yo‘l;
  • Jambil viloyati – umumiy uzunligi 174 km bo‘lgan 1 ta yo‘l;

Jambil viloyatida vaqtincha yopilgan yo‘l Olmaota-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining bir qismi hisoblanadi.

Umumiy hisobda Qozog‘iston bo‘ylab qariyb 1 700 km yo‘l vaqtincha yopilgan. “Qozavtojol” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, respublika ahamiyatiga molik yo‘llarda 336 ta texnika va 539 kishi yo‘llarni tozalash bilan shug‘ullanmoqda.

Avvalroq, Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan 27 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ostonadan Rossiyaning Chelyabinsk shahriga qarab ketayotgan avtobus yo‘lda buzilib qolgan. Shundan so‘ng 27 nafar o‘zbekistonlik va 33 nafar tojikistonlik fuqaro evakuatsiya qilingan. Qutqarilganlarning 17 nafari bolalar bo‘lgan.

Shu sababli Qozog‘istondagi vatandoshlardan ob-havo sharoiti sababli uzoq masofali yo‘llarga mashinada chiqmaslik so‘ralgandi.

Top