10:29 / 01.03.2024
32864

G‘azoda fojia: Yuzdan ortiq odam gumanitar yordamga navbatda turganida halok bo‘ldi

Falastinliklar isroillik harbiylar yig‘ilganlarga qarata o‘t ochganini, Isroil tomoni odamlar otishmada emas, tiqilinch va haydovchilar harakati tufayli vafot etganini aytmoqda.

Foto: Videodan kadr

29 fevral tongida G‘azo sektorida insonparvarlik yordami uchun navbatda turganlardan yuzdan ortiq kishi halok bo‘ldi. Falastin tomoni versiyasiga ko‘ra, bu isroillik harbiylar olomonni o‘qqa tutishi oqibatida ro‘y bergan. TsAHAL vakillari qurbonlarning aksari otishma bilan emas, tiqilinch bilan bog‘liqligini bildirgan.

Hodisa mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 4:30 atrofida, G‘azodagi An-Nablusi tumaniga insonparvarlik yordamlari ortilgan 30 ga yaqin yuk mashinasi kirib kelgan mahalda ro‘y bergan. Ular sektor janubidan shimol tomon harakatlangan. Guvohlarga ko‘ra, odamlar oziq-ovqat olish umidida mashinalarni o‘rab olganida isroilliklarning tanklari va dronlar ularga o‘t ochgan. «Al-Jazira» muxbiri voqea joyidan xabar qilishicha, o‘t ochilishi ortidan tanklar yig‘ilganlar ustiga yura boshlagan.

HAMAS harakatiga bo‘ysunuvchi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, otishma oqibatida kamida 112 kishi halok bo‘lib, yana 760 kishi yaralangan. «Al-Jazira» xabariga ko‘ra, qurbonlar soni ortishi mumkin, chunki yaqin atrofdagi shifoxonalar yonilg‘i va dori-darmon yetishmasligi tufayli og‘ir ahvoldagi yaradorlarga kerakli yordamni ko‘rsata olmaydi.

Isroil hodisa faktini tasdiqlagan, ammo harbiylar olomonni qasddan o‘qqa tutganini inkor etgan. TsAHAL versiyasiga ko‘ra, yuk mashinalari Isroildagi nazorat-o‘tkazish punktidan G‘azoga o‘tganida, ularni talonchilik maqsadidagi yuzlab odamlar qurshab ola boshlagan. Bu esa tiqilinchga olib kelgan va odamlar halokatining asosiy sababi shu bo‘lgan. Ulardan ayrimlarini vahimaga tushgan va oldinga yurishga harakat qilgan haydovchilar bosib ketgan.

Harbiylar dron orqali olingan videoni namoyish etgan, unda yuzlab odamlar insonparvarlik yordami ortilgan yuk mashinalari atrofida to‘planganini ko‘rish mumkin; kadrlarda avtomobillar to‘g‘ridan to‘g‘ri odamlar ustiga yuradi.

TsAHAL rasmiylari harbiylar chindan ham o‘t ochganini tan olgan, ammo bu alohida holat ekanini bildirgan. Isroil versiyasiga ko‘ra, kolonna o‘tib ketganidan keyin o‘nlab falastinliklar nazorat-o‘tkazish punkti tomon yura boshlagan, bu esa askarlar uchun xavf tug‘dirgan — o‘shanda askarlar avvaliga havoga o‘q uzishgan, keyin esa nishonga ola boshlashgan. TsAHALdagilarga ko‘ra, bu hodisa vaqtida «10 ga yaqin» kishi halok bo‘lgan.

CNN voqeaga guvoh bo‘lgan mahalliy jurnalistga tayanib xabar berishicha, odamlarning ko‘pchiligi chindan ham tiqilinch vaqtida avtomobillar g‘ildiraklari ostida qolib halok bo‘lgan. Shu bilan birga, jurnalist bu tiqilinchga isroillik harbiylar o‘t ochishi sabab bo‘lganini ta’kidlagan.

Voqeaga guvoh bo‘lgan falastinliklardan biri BBC bilan suhbatda tartibsizlik yuzaga kelganida yuk mashinalari oldinga yurishga uringani, halok bo‘lganlarning ko‘pchiligini mashinalar bosib ketganini tasdiqlagan.

Falastin TIV Isroilning harakatlarini qoralab, bo‘lib o‘tgan voqeani «sovuqqonlarcha qirg‘in» deb atagan. Vazirlik xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan vaziyatga aralashishga va G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilishini ta’minlashga chaqirib, buni tinch aholi muhofazasi uchun yagona imkoniyat deb atagan.

AFP / Scanpix / LETA

AQSh hodisani «jiddiy voqea» deb atab, kelib tushayotgan ma’lumotlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgan. Prezident Jo Bayden esa bu hodisa AQSh va boshqa vositachilarning HAMAS va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha vaqtincha sulhga erishish bo‘yicha harakatlarini qiyinlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. BMT Xavfsizlik kengashi hodisa yuzasidan favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sektor hududida tinch aholi orasidagi qurbonlar soni 30 mingdan oshgan. Bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q, ammo BMT va Qizil Xoch oldinroq G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi baholarini to‘g‘ri deb qabul qilishini bildirgandi.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top