18:57 / 13.05.2024
2117

2025 yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmi 10 million tonnaga yetkazilishi kutilmoqda 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni ko‘mir qazib chiqarishni oshirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi. 

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, O‘zbekistonda ko‘mir zaxiralari qariyb 2 milliard tonnani tashkil etadi. Ko‘mir qazib olish hajmi 2016 yilda 4 million tonnaga yaqin bo‘lgan, 2023 yilda 6,5 million tonnadan oshgan. Investorlar jalb qilinishi natijasida 2023 yilda tadbirkorlar tomonidan 369 ming tonna ko‘mir qazib chiqarilgan. 

Taqdimotda aytilishicha, bu yil ko‘mir qazib chiqarish hajmi 8 million tonnaga yetkaziladi. Shundan 900 ming tonnasi tadbirkorlar tomonidan olinadi. «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatida yiliga 500 ming tonna ko‘mirni boyitish uskunasi ishga tushiriladi. 

Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi to‘rtta maydonda geologiya ishlari olib borilmoqda va kelgusi yilda qazib chiqarishga yo‘naltiriladi. 

Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llagan holda ko‘mir qatlamlarini baholash va burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda. Bularning natijasida 2025 yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Mutasaddilarga sohada xalqaro standartlarni joriy etib, ko‘mir sifatini oshirish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Top