09:22 / 01.06.2024
4872

Belgiya Rossiyaga zarba yo‘llash uchun o‘z qurollaridan foydalanishga ruxsat bermaydi

Bryussel tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchi samolyotlaridan faqat Ukraina hududida foydalanish mumkin.

Foto: Piroschka Van De Wouw/REUTERS

Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo 31 may, juma kuni Bryussel Kiyevga o‘z qurollari, xususan, F-16 qiruvchi samolyotlari bilan Rossiya hududiga hujum qilishiga ruxsat bermasligini aytdi. Bu haqda Belga agentligiga tayanib, «Yevropa haqiqati» xabar berdi. 

O‘z navbatida, De Kroo Belgiya Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolaganini eslatib o‘tdi, u boshqa narsalar qatori Kiyevga 30 ta F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishni nazarda tutadi. «Ammo kelishuv juda aniq. Gap ukrainaliklar Ukraina hududida foydalanishi mumkin bo‘lgan qiruvchi samolyotlar haqida ketmoqda. Bu biz tuzgan kelishuv va men unga rioya qilinishini xohlayman», deb ta’kidladi Belgiya bosh vaziri. 

Siyosatchiga ko‘ra, birinchi navbatda AQSh va NATOning boshqa davlatlari Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishini ta’minlash zarur. «Havo mudofaasiga katta ehtiyoj bor. Bunda jangovar samolyotlar yordam berishi mumkin, ammo boshqa narsalar kerak bo‘ladi. Shuning uchun biz qanday qilib tezroq va yaxshiroq jihozlar bilan ta’minlash haqida o‘ylashimiz kerak», - dedi De Kroo. 

Germaniya va AQSh o‘z qurollarini Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llash uchun ishlatishga ruxsat berdi 

Avvalroq Ukrainaning ba’zi g‘arbiy ittifoqchilari unga Rossiya Federatsiyasi hududiga o‘z qurollari bilan zarba yo‘llashga ruxsat bergani ma’lum bo‘lgan edi. Shunday qilib, 31 may kuni Berlin rasmiy Kiyev xalqaro huquq me’yorlari asosida Rossiya hujumlaridan himoyalanish maqsadida Rossiyadagi nishonlarga nemis qurollari bilan zarba berishi mumkinligini e’lon qildi. 

O‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar cheklangan tarzda ruxsat berdi, bu, masalan, ATACMS raketalariga taalluqli emas. Biroq Ukraina Rossiya hududiga mamlakat shimoliy chegarasi yaqinida zarba berish uchun Amerika qurollaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top