13:57 / 02.06.2024
8292

Xitoy–Yaponiya–Koreya sammiti: qo‘shnilar nimalarni muhokama qildi?

Sharqiy Osiyoning uchta eng qudratli davlati – Xitoy, Yaponiya va Koreya rahbarlari 4 yildan buyon ilk marta uchlik sammitiga yig‘ildi – bu format koronavirus sabab to‘xtab qolgandi. Kun tartibidagi masalalar qaysilar? “Geosiyosat” doimgidek mavzuning eng muhim nuqtalarini ko‘rib chiqish uchun tahlilchilarni taklif qildi.

Suhbatdoshlarimiz – Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Abbos Boboxonov va iqtisodchi Shuhrat Rasul.

— Dastlabki bu uchta davlatning uchrashuvlariga sabab bo‘layotgan masalalar, ular o‘rtasidagi tarixiy nizolarga to‘xtalib o‘tsak.

Abbos Boboxonov: Xitoy bosh vaziri bizning munosabatlarda 2 ta katta to‘siq bor deb, tarixiy masalalar va Tayvan omilini aytdi. Tarix deyilganda asosan Ikkinchi jahon urushidan keyingi masalalar nazarda tutiladi. Masalan, bir vaqtlar Yaponiyaga tegishli bo‘lgan Senkaku oroli bugun Xitoyniki. Nankin qirg‘ini masalasi ham bor, Yaponiya hujumida juda ko‘p Nankin shahri aholisi o‘lgan, haligacha eng katta muammolardan biri. Xitoy tomoni Yaponiya tan olib kechirim so‘rashini istaydi, ammo Yaponiya tan olmaydi. Den Syaopin davridagi kelishuvlarga ko‘ra, Yaponiya 40 mlrd dollar qaytuvchi va 5 mlrd dollar yordam investitsiya kiritishi bilan kompensatsiya qilib, munosabatlarni tiklashi ko‘zda tutilgan. Lekin bu ham yechim bo‘la olmadi. 2016 yilda yumshash bo‘ldi, Yaponiya bosh vaziri Abe Xitoyga tashrifida tarixiy voqealar munosabatlarga ta’sir qilmasligi haqida bayonot beradi. Abe hukumatdan ketgach, bu masala yana kun tartibiga chiqqan.

Shuhrat Rasul: Yaponiyada 19-asr oxiri, 20-asr boshida kapitalistik munosabatlar tez rivojlandi. Shu davrda Yaponiya imperiya ham qurgan. 1910 yilda Koreya yarimorolini bosib oladi va 35 yil nazoratda ushlab turadi. Yaponiya 1931 yilda Xitoyning Shimoliy hududi bo‘lgan Manjuriyani bosib olishga kirishadi. 1937 yilda esa katta urush boshladi va Xitoyga tegishli Tinch okeani qirg‘oq hududlarini bosib oldi. AQSh bilan Pyorl Xarbordagi konfliktdan so‘ng esa Yaponiya va Xitoy urushi Ikkinchi jahon urushining bir qismiga aylandi. Xitoyning ham, Janubiy Koreyaning ham Yaponiyaga nisbatan imperiyachi sifatida qarashi bor va bu o‘sha tarixiy to‘siq bo‘layotgan omillardan.

Abbos Boboxonov: 5 yil davomida uchrashuv bo‘lmaganiga faqat pandemiya sabab emas. Xitoy va AQShning global raqobati ham sabab, Yaponiya va Janubiy Koreya AQSh ittifoqchilari sifatida ko‘riladi. 1952 yilda AQSh va Yaponiya o‘rtasida agar Yaponiyaga qurolli hujum bo‘lsa, AQSh himoya qilishi bo‘yicha shartnoma tuzilgan, shu bo‘yicha AQShning 80 mingdan ortiq harbiylari Yaponiya va Janubiy Koreyadagi bazalarda joylashgan. Shu ham Yaponiya va Xitoy munosabatlarida taranglik keltirib chiqaradi.

— Bu sammit o‘tgan yili AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya vakillarining Kemp-Devid uchrashuvi bilan bog‘liqmi? Ya’ni Xitoy Hind-Tinch okeanidagi xavfsizlikdan xavotirdami?

Shuhrat Rasul: AQSh va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik aynan Shimoliy va Janubiy Koreya masalasiga borib taqaladi. Kemp-Devid sammitidagi hujjatlar emas, masalani oldinroqdan boshlash kerak. 2007 yilda AQSh Xitoyning o‘sib kelayotgan iqtisodiy va harbiy qudratini jilovlash maqsadida Quad (AQSh, Hindiston, Britaniya, Avstraliya) tashkilotini tuzdi. 2019 yilda Quad+ platformasi tashkil etilib, unda Janubiy Koreya va Yaponiya ham qatnashyapti. Bu narsa Xitoyning iqtisodiy rivoji va 15 yil oldin mudofaa tizimini zamonaviylashtirish dasturi bilan bog‘liq.

Abbos Boboxonov: AUKUS ham bor, Quad'ga o‘xshash koalitsiya, unda AQSh, Avstraliya, Britaniya asosiy o‘rin tutadi. Xitoyning harbiylashish, hududlarga bo‘lgan da’volarini jilovlash uchun tuzilgan bu. Xitoyning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan hududiy masalalari bor, Viyetnam, Malayziya kabi davlatlar bilan. Ko‘proq Filippin bilan Spratli orollari muammosi bor.

Shuhrat Rasul: — Xitoy Spratli orollariga bog‘liq da’vo bilan chiqyapti. Bu ham Xitoyga yaqin davlatlarni hayiqtiryapti va ular ittifoqchi izlaydi. AUKUS shu davlatlarga yordam berish maqsadida.

Janubiy Koreya, Yaponiya kabilarning Xitoy bo‘yicha o‘z pozitsiyalari bor, dedik. Lekin Avstraliya doim AQSh va Buyuk Britaniya siyosiy orbitasida. AUKUS doirasidagi loyiha bo‘yicha AQSh Avstraliyaga 66 mlrd dollarlik atom suvosti kemalari qurib berishni va’da qildi, buning ortidan katta mojaro kelib chiqdi Xitoy va Fransiya bilan. Chunki avvalroq Fransiya bilan suvosti kemalari qurib berish bo‘yicha kelishuvi bor edi Avstraliyaning. Avstraliya Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarida ham AQSh va Britaniya chaqirig‘i bilan urushga kirgan, Xitoy bilan bo‘ladigan konfliktlarda ham shunday bo‘ladi.

Abbos Boboxonov: — Yana bir masala: Xitoy harbiy sohani modernizatsiya qilish masalasi bor. Bu ishlarni AQSh Tayvanni qaytarib olishga harakat sifatida ko‘rdi va ittifoqchilari bilan koalitsiyalar tuza boshladi.

Xitoy Tayvanni tinchlik yo‘li bilan birlashtirishni istaydi. Lekin G‘arbdagi tahliliy markazlar qurolli harakatlar bilan qaytarib oladi, degan xulosa beradi. Biroq Xitoy o‘z mudofaasini yangilashi tabiiy. Xitoy hali birorta harbiy harakat amalga oshirmagan boshqalarning hududiga nisbatan, qachonki o‘ziga nisbatan bo‘lsa, shunda qurol ishlatgan. Tayvan esa Xitoy hududi hisoblanadi, u yerga bo‘ladigan har qanday qurolli harakatga javob berilishi mumkin.

Janubiy Koreya va Yaponiya Xitoydan Shimoliy Koreya tahdidini cheklashda qanday yordam kutmoqda?

Shuhrat Rasul: — Bu masala muhokama qilingan, lekin rasmiy kelishuvlarda bu haqida gap yo‘q. Yaponiya ham, Janubiy Koreya ham Shimoliy Koreyani jilovlashni so‘raydi. Shimoliy Koreyaning eng muhim iqtisodiy hamkori Xitoy, qariyb 95 foiz iqtisodiy aloqalar Xitoy orqali yoki Xitoyning o‘zi bilan bo‘ladi, shuning uchun Xitoyning ta’siri katta. AQSh Kemp-Devid uchrashuvlari bo‘yicha Yaponiya va Koreyani Xitoyga qarshi konsolidatsiya qiladimi, degan masala savol ostida, juda qiyin bu. Yaponiya va Janubiy Koreya AQSh aytgani uchun Xitoyga qarshi turadigan davlatlar emas, Xitoy bilan o‘ta manfaatli savdo aloqalari bor, kelajakda yana oshishi kutilyapti.

— Xitoy Janubiy Koreya va Yaponiyadan nimalarni so‘ragan bo‘lishi mumkin muzokaralarda?

Abbos Boboxonov: — Uchrashuv tashkil qilinishiga nima sabab bo‘ldi? 2023 yilda Xitoyning G‘arb bilan savdo hajmi avvalgi yillarnikidan kamaydi, ehtimoliy sanksiyalar ham bor oldinda. G‘arbning, Janubiy Koreya va Yaponiyaning Xitoydagi investitsiyalari kamaygan oxirgi 2 yilda. Shu jihatlar pragmatik yondashishga majbur qilyapti Xitoyni. Shu paytgacha siyosiy masalalar birinchi o‘rinda bo‘lgani uchun bu uchrashuvni tashkil qilish imkoni bo‘lmayotgandi, endi iqtisodiy masala dolzarb bo‘lgani uchun uchrashuv tashkil qilindi.

Xitoy taklif qilayotgan erkin savdo hududi masalasiga Janubiy Koreya va Yaponiya rozi bo‘lmadi, degan xabar ko‘rmadim hali, masala muhokama qilingan, bu juda katta gap. Yaponiyaning Xitoy bilan 315 mlrd dollarlik, Janubiy Koreyaning esa 250 mlrdlik savdo aylanmasi bor, bu ikki davlat Xitoy iqtisodiy siyosatining katta bo‘lagi hisoblanadi, rejalariga ta’sir qiladi. Shu ma’noda bu uchrashuv bo‘lishi zamon talabi bo‘ldi.

Bundan tashqari, mikrochiplar ishlab chiqarish bo‘yicha katta masala ko‘tarildi. O‘tgan yildan boshlab AQSh talabi bilan Yaponiya va Janubiy Koreya Xitoyga mikrochiplar bermay qo‘ydi. Lekin ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya va Janubiy Koreya biznes klublari ruxsat berishni talab qilyapti hukumatdan.

Xitoy Fukusima AESdan zararli moddalar dengizga sizib chiqishi ortidan Yaponiya dengiz mahsulotlarini cheklagan edi. Shu masala ham muhokama qilinib, tashqi ta’sirlardan xoli xalqaro komissiya tuzilib, ularning xulosasi bo‘yicha ish ko‘rilishi aytildi.

Shuhrat Rasul: — Tramp davrida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi 720 mlrd dollardan ko‘proq edi, hozir esa 430 mlrd dollar. Bundan tashqari, Xitoy Yevropa bozorida ham yutqazyapti, bularni kompensatsiya qilish kerak bo‘ladi. Yaponiya va Janubiy Koreyaning kompaniyalari ham zarar ko‘ryapti yuqorida aytilganidek. Bu 3 davlatning kengashib olishi zarurat edi ayni payt.

— Yaponiya tomoni Tayvan masalasini ham ko‘targan, shu bo‘yicha fikringiz?

Abbos Boboxonov: — Yaponiya 1972 yildagi Tayvan masalasi bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmagan, unga ko‘ra Tayvan alohida davlat bo‘lishi kerak. Xitoyni bu qoniqtirmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar Tayvan va Shimoliy Koreya masalasi nozik bo‘lgani uchun chuqur muhokama qilmagan, shunchaki gaplashilgan. Demak, uchala davlat iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro muammolar hal bo‘lishi tarafdori, aloqalarni murakkablashtirmoqchi emas.

Shuhrat Rasul: — AQSh va G‘arbning pozitsiyasi aniq, o‘sayotgan Xitoyning rivojlanishiga to‘siqlar qo‘ymoqchi. Xitoyda eng so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha muammolar bor, G‘arbdan sanksiyalar ostida mikrochiplar ololmayapti, shuning uchun Yaponiya va Janubiy Koreya bilan hamkorlik qilmoqchi bu bo‘yicha.

AQSh Xitoyga qarshi Avstraliyani qo‘shishi mumkin, lekin Yaponiya va Janubiy Koreyani jalb qilishi juda qiyin masala. Uchala davlatning bu yig‘ilishi, kelajakdagi rejalari AQSh pozitsiyasiga mutlaqo zid. AQShning Xitoyga qarshi koalitsiyasida Avstraliya, qisman Hindiston ishtirok etadi, lekin chuqurlashmaydi Hindiston. Chunki Xitoy bilan iqtisodiy manfaatlari bor, Xitoy elektromobillariga katta bojlar qo‘yib, bekor qilish evaziga bizga investitsiya kiriting, Hindistonda zavodlar quring deyapti. Katta ehtimol bilan Hindiston bilan kelisha oladi Xitoy.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Top