20:58 / 23.06.2024
25696

Sevastopolga raketa zarbasi. To‘rt kishi halok bo‘lib, 150 dan ortiq kishi yaralangan

Urib tushirilgan raketalardan birining parchalari plyajga qulagan.

Foto: Chp / Sevastopol telegram-kanali

Anneksiya qilingan Sevastopol ma’muriyati rahbari Mixail Razvojayev 23 iyun kuni soat 12:20 atrofida shaharga raketa zarbalari yo‘llangani haqida xabar berdi. Razvojayevning telegram-kanalida e’lon qilingan keyingi xabarda «akvatoriya ustida beshta havo nishoni yo‘q qilingani» aytiladi. Telegram-kanallar Sevastopolda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotgani ko‘rsatilgan foto va videolarni tarqatgan.

RF mudofaa vazirligi Sevastopol «Amerikaning kassetali o‘q-dorilarga ega ATACMS raketalari» bilan o‘qqa tutilgani haqida xabar qilgan. Harbiy idora tarqatgan xabarga ko‘ra, to‘rtta raketani urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan. Yana bitta raketa «havo hujumidan mudofaa vositalari harakati ta’sirida oxirgi bosqichda parvoz trayektoriyasidan chetga og‘gan va jangovar qismi shahar hududi ustida portlagan».

Raketa parchalari shaharning bir necha rayonlariga tushgan. Jumladan, Sevastopol rahbari o‘rinbosari Aleksandr Kulagin TASS agentligiga xabar berishicha, Uchkuyevka hududidagi plyajga ham. Shuningdek, raketa qoldiqlari qulashi oqibatida turar joylardan birida va o‘rmonda yong‘in chiqqan.

Besh kishi, jumladan uch nafar bola halok bo‘lgan, deya ma’lum qilgan Razvojayev. RF sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 124 kishi jarohatlangan. RIA Novosti vazirlikka tayanib xabar berishicha, jarohatlanganlardan 27 nafari bolalar. Kulaginning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlarda oskolkadan shikastlanish, urilish va boshqa jarohatlar qayd etilgan. Anneksiya qilingan Sevastopol shahri ma’muriyati rahbari jabrlanganlar soni ortishi mumkinligini istisno etmagan.

Sevastopol rasmiylari ishontirishicha, jabrlanganlarga barcha zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda. «Butun sog‘liqni saqlash tizimi safarbar etilgan, shifokorlar va tibbiy xodimlar ish joylarida bo‘lib turibdi, jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilgan», — deya yozadi Razvojayev va uning o‘zi shifoxonalarga borib, jarohatlanganlar holidan xabar olganini qo‘shimcha qilgan. Sevastopol ma’muriyati rahbari unga «prezident Vladimir Vladimirovich Putin» qo‘ng‘iroq qilgani, qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, «federal organlarga barcha zarur yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berganini aytgani»ni aytgan.

RFning inson huquqlari bo‘yicha komissari Tatyana Moskalkova hujumni tinch aholiga qarshi terror deb atagan. Anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarni Qrimning Sevastopoldan tashqaridagi shifoxonalariga joylashtirish bo‘yicha yordam taklif etgan. O‘z navbatida, Razvojayev shunda degan: «Dushman ayyorlik bilan, tinch aholi, kimdir ishdan qaytayotganida, kimdir bolalari bilan dengizga borganida hujum qildi». Sevastopol rahbari zarba bayram arafasida berilganiga alohida e’tibor qaratgan. 24 iyun kuni Sevastopolda qurbonlar xotirasiga motam kuni deb e’lon qilindi.

Raketa zarbasi tufayli Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakat vaqtincha yopilgan. Krasnodar o‘lkasi va Qrimdan ko‘prikka kirish joylarida 600 ga yaqin avtomobillar navbatda turib qolgan.

RF tergov qo‘mitasi Sevastopol bo‘ylab raketa zarbasidan keyin RF jinoyat kodeksi 205-moddasi bo‘yicha (terrorchilik akti) jinoiy ish qo‘zg‘atgan. «Hodisa tafsilotlari va teraktga aloqador shaxslar aniqlanmoqda, ularning harakatlariga huquqiy baho beriladi», deyilgan qo‘mitada.

Ukraina hukumati hozircha Sevastopol bo‘ylab zarba yuzasidan rasman munosabat bildirmadi. Ukraina tomonidagi pabliklar esa Ukraina hukumati Qrim aholisini hududdan ketishga va «yarimorol deokkupatsiya qilingunicha nazorat ostidagi hududlarda yoki uchinchi mamlakatda bo‘lib turishga chaqirgani»ni eslatgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top