Jamiyat | 15:23 / 26.07.2024
7509
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘l harakati qoidasini qo‘pol ravishda buzgan “garmoshka” haydovchisi ishdan olindi

58-avtobus haydovchisi xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, xavfli harakatlarni amalga oshirgani, oqibatda avariya holatini keltirib chiqargani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli qoidabuzar “qora ro‘yxat”ga olinib, uni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish yuzasidan Jinoyat ishlari sudiga maxsus taqdimnoma kiritilgan.

Foto: Videodan kadr

Tarmoqlarda Toshkent ko‘chalaridan birida kechki vaqt “King Long” rusumli “garmoshka” avtobusi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, xavfli holatni keltirib chiqargani aks etgan video tarqaldi.

Holat bo‘yicha "Toshshahartransxizmat" AJning ma’lum qilishicha, xodim o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan. Shahar ko‘chalarida qarama-qarshi harakatlanib, xavfli “manyovr”larni amalga oshirgan. Oqibatda esa avariya holatini keltirib chiqargan. Shu sababli bu haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Qoidabuzarlik chog‘ida nafaqat o‘zining balki boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining ham hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun qoidabuzarni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish yuzasidan Jinoyat ishlari sudiga maxsus taqdimnoma kiritilgan.

Bundan tashqari, u qo‘pol qoidabuzar haydovchilarning elektron bazasi, ya’ni "qora ro‘yxat"ga ham olingan. Eslatib o‘tamiz, bunday elektron bazaga kiritilgan haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmaydi. Hozirda bunday haydovchilar soni 197 nafarga yetgan.

Mavzuga oid