O‘zbekiston | 21:20 / 06.08.2024
5743
6 daqiqa o‘qiladi

6 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Deputatlikdan voz kechgan Doniyor G‘aniyev, bosqichma-bosqich tugatiladigan davlat monopoliyasi, Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazilgan ichki yo‘llar, ozodlikdan mahrum qilingan yana bir “ko‘cha guruhi” — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Davlat monopoliyasi bosqichma-bosqich tugatiladi

Qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytgan prezident Shavkat Mirziyoyevga Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi.

Unda iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, bozorga kirishni erkinlashtirish, tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilangan.

Xususan, tadbirkorlik sub’yektlarining bozorlarga erkin kirishini qiyinlashtiruvchi normativ-huquqiy moddalar va ortiqcha talablar bekor qilinadi.

Tabiiy monopoliya sohalari bilan o‘zaro bog‘langan va raqobatni rivojlantirish imkoniyati bo‘lgan tovar bozorlarida tabiiy monopoliya sub’yektlari ishtiroki cheklanadi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshiriladigan davlat xaridlari ko‘lami qisqartirilib, davlat xaridlari raqobatli usullarga to‘liq o‘tkaziladi. Raqobatni cheklovchi individual xususiyatga ega davlat yordami, shu jumladan, eksklyuziv huquq, imtiyoz, preferensiya va yengilliklar bekor qilinadi.

Energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temiryo‘l va aeroport xizmatlari kabi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari ko‘riladi.

Ichki yo‘llar obodonlashtirish boshqarmasiga o‘tadi

Prezident ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident taklifiga ko‘ra, Obodonlashtirish boshqarmalarida ichki yo‘llarni saqlash xizmati tashkil qilinadigan, ular 4 turdagi maxsus texnika bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Buning uchun budjetdan tegishli mablag‘ ajratiladi.

Ayni paytda O‘zbekistonda jami 184 ming 582 km avtomobil yo‘lidan qariyb 142 ming kilometri ichki xo‘jalik yo‘llaridir. Ammo mahalliy yo‘llarni saqlashga mas’ul tizim yo‘q. Chunki Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi davlat va xalqaro ahamiyatdagi yo‘l va ko‘priklar bilan shug‘ullanadi. Ichki yo‘l va ko‘priklar esa mahalliy hokimliklar balansida.

Hozirgi kunda 43 ming km ichki yo‘llar ta’mirtalab holatda, 2354 ta ko‘prikning «egasi» aniq emas.

Mutasaddilarga ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Eng yaxshi deputat o‘z vakolatini topshirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi eng “jonli” deputat Doniyor G‘aniyev o‘z deputatlik faoliyatini yakunladi. U Vazirlar Mahkamasi tizimidagi boshqa ishga o‘tgan.

Doniyor G‘aniyev deputatlik mandatini tugatishga, yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

«Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim. Menimcha, hayotimda o‘zgarishlar qilish, yangi chellenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti», — deya qayd etgan u saylovchilarga va uni kuzatuvchilarga ishonch uchun tashakkur bildirgan.

Doniyor G‘aniyev Vazirlar Mahkamasi Investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgan.

Yana bir “ko‘cha guruhi” qamaldi

Saidahmadxon Mahmudxo‘jayev sud hukmi bilan 11 yil ozodlikdan mahrum qilindi. U bilan sudlangan yana 8 kishi turli muddatlarga ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish jazolariga tortilgan.

Sud hukmida keltirilishicha, sudlanganlar asosan tovlamachilik, bosqinchilik, zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish, giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan.

Jumladan, Saidahmadxon Mahmudxo‘jayev ko‘p miqdorda tovlamachilik, o‘zboshimchalik, ko‘p miqdorda giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Treyderchilarning navbatdagi qurboni

Namanganda soxta treyderchiga ishongan ayol qariyb 100 mln so‘mga chuv tushdi.

Firibgarlikda gumonlanayotgan shaxs jabrlanuvchi ayol bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali gaplashib, treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanishini aytgan. So‘ngra unga pullarini birja orqali oz fursatda ko‘paytirib berishni va’da qilib, 92 mln so‘mini o‘tkazib olishga erishgan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Namangan viloyatida yashovchi, muqaddam firibgarlik jinoyati bilan sudlangan R.N. sodir etgani aniqlangan.

U aldov yo‘li bilan jabrlanuvchining 92 mln so‘m miqdordagi pulini o‘tkazib olishga erishib, bergan va’dasini bajarmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Holat yuzasidan R.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid