Jahon | 22:39 / 07.08.2024
8582
2 daqiqa o‘qiladi

Starliner astronavtlari qachon qaytishi noma’lumligicha qolmoqda. Ularning kosmosga uchganiga 60 kundan oshdi

OAVda tarqalgan xabarlarda ko‘ra, NASA 61 yoshli Uilmor va 58 yoshli Uilyamsni SpaceX kemasida qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: NASA

Boeing kompaniyasining birinchi boshqariladigan Starliner kosmik kemasida Xalqaro kosmik stansiyaga uchgan astronavtlar Butch Uilmor va Suni Uilyams 63 kundan buyon — rejadagidan bir haftadan ko‘proq kosmosda qolmoqda. Ularning qachon qaytishi hozircha noma’lum.

CNN’ning yozishicha, NASA Starliner ekipajini Xalqaro kosmik stansiyadan qaytarish bo‘yicha «parvozga tayyorgarlikni tekshirishni» hali boshlamagan. Agentlik 26 iyul kuni ushbu jarayon avgust oyining ilk kunlarida amalga oshirilishini ma’lum qilgandi.

Ammo Boeing va NASA jamoasi hamon astronavtlarni qaytarish sanasi ustida ish olib bormoqda. Rasmiylar sinov ma’lumotlarini baholab, Starliner kapsulasining birinchi bosqich parvozida muammo tug‘dirgan geliyning oqib ketishi bilan bog‘liq muammoni tahlil qilyapti.

OAVda tarqalgan xabarlarda ko‘ra, kosmik agentlik 61 yoshli Uilmor va 58 yoshli Uilyamsni SpaceX kemasida qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkin.

NASA’da kutilmagan vaziyatlar uchun doim ushbu ssenariy bo‘lgan, ammo asosiy maqsad — ikki astronavtni Starliner’da uyiga qaytarish. Boeing’ning ta’kidlashicha, kosmik kema astronavtlar uchun xavfsiz.

Biroq 6 iyul kuni kosmik agentlik SpaceX’ning Crew-9 missiyasini uchirish kechiktirilganini ma’lum qildi — to‘rt nafar astronavt bilan uchishi kerak bo‘lgan missiya Xalqaro kosmik stansiyasida Crew-8 ni almashtirishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, Starliner’ni uchirishga birinchi urinish 6 may kuni, ikkinchisi 1 iyun kuni bo‘lib o‘tgandi. Ikkalasi ham texnik nosozliklar tufayli bekor qilingan. Starliner kosmik kemasi 2014 yildan beri davlat-xususiy sheriklik doirasida NASA bilan shartnoma asosida Boeing tomonidan ishlab chiqilgan. 

Mavzuga oid