Jahon | 22:28 / 17.08.2024
3492
3 daqiqa o‘qiladi

Tayvanda bog‘cha tarbiyachisi bolalarga nisbatan «shafqatsiz» zo‘ravonligi uchun 28 yilga qamaldi

Mao ismli erkak 7 yoshdan kichik bo‘lgan olti nafar bolaga nisbatan «dahshatli» jinoyatlarni sodir etgan, natijada ular «jiddiy jismoniy va ruhiy jarohat» olgan.

Foto: Getty images

Tayvanda bolalarga nisbatan 200 dan ortiq jinsiy jinoyatlarni sodir etgan tarbiyachi 28 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu orolda jamoatchilikning keskin noroziligini keltirib chiqardi.

Taybey okrug sudi sudyasining ma’lum qilishicha, Mao ismli erkak 7 yoshdan kichik bo‘lgan olti nafar bolaga nisbatan «dahshatli» jinoyatlarni sodir etgan, natijada ular «jiddiy jismoniy va ruhiy jarohat» olgan.

Mazkur voqea bir necha haftadan beri jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib, Maoning jinoyati va hukumatning tezkor chora ko‘rmagani bo‘yicha aholining g‘azabi kuchayib bormoqda.

Ko‘pchilikning ta’kidlashicha, Mao sodir etgan jinoyatlar 2022 yilda oshkor bo‘lgan, ammo u lavozimidan ozod etilmagani tufayli jabrlanuvchilarning soni yana ortgan. U 2023 yilning iyulida, yana bir nechta ota-ona shikoyat kiritganidan keyin hibsga olingan. «Mahalliy hukumat 2022 yilda yaxshiroq ishlaganida, 2023 yilda fojia yuz bermasdi», — deydi deputat Lin Yue-chin.

Jabrlanuvchilarning ota-onalari, shuningdek, tergov shaffof o‘tganidan shikoyat qilmoqda. Ularning aytishicha, kuzatuv kameralaridagi yozuvlar va tergov hisobotlari taqdim etilmagan. O‘tgan yili Mao ishdan chetlatilgan va unga ta’lim berish taqiqlangan. Bolalar bog‘chasining litsenziyasi ham chaqirib olingan.

16 avgust kuni Mao qator jinoyatlar, jumladan, zo‘rlash va bolalarni jinsiy xarakterdagi videoroliklarda suratga tushishga majburlashda aybdor deb topilgan. Boshqa ota-onalarning da’volari bo‘yicha ham tergov davom etmoqda.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Mao mamlakat poytaxti Taybeydagi xususiy bog‘chada ishlab kelgan. U oliy ma’lumotga ega bo‘lib, 2021 yil sentabrdan beri maktabgacha ta’lim muassasida faoliyat yuritgan.

Deputat Lin Yue-chinning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ko‘lami jabrlanuvchi ota-onalar Maoning telefonini ko‘zdan kechirishni talab qilganidan keyin ma’lum bo‘lgan. Mas’ullar uning telefonidan bolalarning 600 dan ortiq videolarini topgan.

Mavzuga oid