Jahon | 22:21 / 18.09.2024
1109
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi sudi Google’ga belgilangan 1,5 mlrd yevrolik jarimani bekor qildi

Yevrokomissiya 2019 yilda reklama shartnomalarini tuzishda raqobat qoidalarini buzgani uchun Google texnologik gigantiga nisbatan 1,49 mlrd yevro miqdorida jarima belgilagan edi.

Foto: Pixabay

Yevropa sudi 2019 yilda Yevrokomissiya tomonidan reklama shartnomalarini tuzishda raqobat qoidalarini buzgani uchun Google texnologik gigantiga nisbatan belgilagan 1,49 milliard yevro miqdoridagi jarimani bekor qildi.

«Sud komissiyaning aksariyat xulosalarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo Google’ga nisbatan belgilangan qariyb 1,5 milliard yevrolik jarimani bekor qiladi. Komissiya tomonidan qonunga xilof deb topilgan shartnomaning amal qilish muddatini belgilashda barcha shartlar hisobga olinmagan», — deyiladi sud qarorida.

Google sudning mazkur qarorini olqishladi. «Sud dastlabki holatdagi xatosini tan olib, jarimani bekor qilganidan xursandmiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Yevrokomissiya oxirgi yillarda Google’ga nisbatan ko‘p milliardlik jarimalarni belgiladi. Xususan, 2017 yilda Yevrokomissiya Google’ga nisbatan 2,4 milliard yevro jarima belgilagan edi — bunga kompaniya qidiruv sahifasiga o‘z servisini birinchi o‘ringa qo‘yishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Lyuksemburgdagi Yevropa sudi Google’ga qarshi antimonopoliya hamda Apple kompaniyasiga qarshi noqonuniy soliq imtiyozlarini olish bo‘yicha quyi instansiya sudlarining qarorini tasdiqlagan edi. Google ishida sud Yevrokomissiyaning 2017 yilda kompaniyaning bozordagi ustun mavqeyini suiiste’mol qilganlik uchun 2,4 milliard yevro jarimaga tortish bo‘yicha qarorini ma’qullagan. 2021 yilda Google bu ish bo‘yicha apellyatsiyada yutqazgan edi. Lyuksemburgdagi sud oxirgi instansiya bo‘lib qolayotgandi.

Mavzuga oid