Jahon | 23:12 / 28.10.2024
1143
2 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston poytaxtida parlament saylovlari natijasiga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili mitingda chiqish qilib, saylov natijalarini tan olmagan xalqaro yetakchilar bilan gaplashganini ma’lum qildi.

Foto: Telegram / Paper Kartuli

Gurjistonda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijasiga qarshi aksiya ishtirokchilari Tbilisi markazida to‘plandi, deb xabar beradi Paper Kartuli nashri.

Qayd etilishicha, namoyishchilar parlament binosi oldida aksiya o‘tkazmoqda. Ular Rustaveli prospektini yopib qo‘ygan.

Norozilik namoyishi ishtirokchilari 28 oktyabr kuni kechqurun Gurjistonga tashrif buyurgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni hushtaklar bilan kutib olgan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u Rustaveli prospektidagi «Marriott» mehmonxonasiga joylashgan. Orban parlament saylovlarida g‘olib chiqqan rossiyaparast «Gurjiston orzusi» partiyasini g‘alaba bilan birinchi bo‘lib tabriklagan edi.

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili mitingda chiqish qildi. U saylov natijalarini tan olmagan xalqaro yetakchilar bilan gaplashganini bildirdi. «Biz ovoz berish borasidagi o‘z konstitutsion huquqimizni himoya qilish uchun kurashamiz. Hozir pessimizmning vaqti emas, hozir xotirjamlik bilan boshni ko‘targan holda o‘z ovozimizni himoya qilish muhim», — deydi Zurabishvili.

«Yagona milliy harakat» partiyasi yetakchilaridan biri Georgiy Vashadze ham mitingda nutq so‘zlab, muxolifat qayta ovoz berish jarayonlari o‘tkazilishini talab qilishini aytdi.

Meduza nashriga ko‘ra, Tbilisidagi kuchishlatar tuzilmalar namoyishlar o‘tkazilayotgan ko‘chaga to‘plangan. Hozircha qo‘lga olingan namoyishchilar yoki kuch tuzilmalari vakillari bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lgani bo‘yicha biror ma’lumot yo‘q.

26 oktyabr kuni Gurjistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, hukmron «Gurjiston orzusi» yetakchilik qildi. Prezident Zurabishvili hamda muxolifat natijalarni tan olmadi. AQSh Davlat departamenti esa xalqaro kuzatuvchilar xulosalarini tekshirishga chaqirdi.

Mavzuga oid