O‘zbekiston | 20:02 / 29.10.2024
4588
6 daqiqa o‘qiladi

29 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Gaz va elektrdan uzilayotgan Toshkent tumani, Malayziya kompaniyasi o‘rnatadigan quyosh panellari, noqonuniy oltin qazuvchilarga qamoq jazosi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Gaz va elektrsiz qolayotgan tuman

Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi. Havoning sovib ketganiga qaramasdan, tumandagi 610 ta ulgurji tashkilot hamda 41 ta ijtimoiy soha obektiga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.

Tuman hokimligi xabariga ko‘ra, gaz tarmoqlarida yozgi diafragmalarni qishki diafragmalarga almashtirish ishlari olib borilishi ko‘rsatilgan.

Xabarda tabiiy gaz ta’minoti “ishlar yakunlangunga qadar” to‘xtatilishi aytilgan. Biroq ta’mirlash ishlari qachon yakuniga yetkazilishi va gaz ta’minoti qachon tiklanishiga aniqlik kiritilmagan.

Bundan tashqari, 30 oktyabr kuni tumanning ayrim hududlarida elektr ta’minotida ham uzilishlar kuzatilishi ma’lum qilindi.

Toshkent tumani elektr ta’minoti korxonasining bildirishicha, tumanning bir qator mahallalarida, ushbu hududlardagi korxona va tashkilotlarda soat 8:00 dan 18:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘ladi.

Bunga sabab sifatida Bog‘or podstansiyasidan chiquvchi transformatorda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda ta’mirlash ishlari olib borilishi ko‘rsatilgan.

30 oktyabr, chorshanba kuni Toshkent viloyatida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi, tuman tushishi, harorat kechasi +2...+7, kunduzi +12...+17 daraja bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Malayziyadan quyosh panellari

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Selangor shtatining Kuala-Langat tumani Jyenjarom shaharchasi hududida joylashgan Sunview Group kompaniyasiga qarashli quyosh fotoelektr stansiyasiga tashrif buyurib, kompaniyaning loyihalar menejeri Jon Stid bilan uchrashuv o‘tkazdi.

32 gektar maydonda qurilgan ushbu stansiya shu yil iyul oyida qurib bitkazilgan. Stansiyaning umumiy quvvati 26 MW va umumiy elektr tarmog‘iga elektr energiyasi uzatmoqda.

Sunview Group va O‘zbekiston Energetika vazirligi o‘rtasida ikkita quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha dastlabki shartlarni belgilash to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Jon Stid Energetika vazirligi qoshidagi Yashil Energiya MChJ bilan ijtimoiy obektlar va davlat idoralariga panellarni o‘rnatish ishlarini boshlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Kompaniya Qashqadaryo viloyatida suv nasos stansiyalarini qayta tiklanuvchi elektr manbalari bilan ta’minlash loyihasi ustida ham ish boshlashga tayyorligini bildirdi.

Noqonuniy oltin qazuvchilarga qamoq jazosi

Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida noqonuniy ravishda oltin qazib olish holatlari ko‘p uchramoqda va bu insonlar o‘limiga ham sabab bo‘lmoqda. Bunday noqonuniy faoliyat uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Xususan, Jinoyat kodeksi 196-1 hamda 196-2-moddalar bilan to‘ldirilmoqda.

196-1-modda foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hamda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, shuningdek, juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, jazo yanada qat’iyroq bo‘ladi, jumladan keyingi bandga ko‘ra, jinoyatga qo‘l urganlar 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi ham mumkin

196-2-moddada esa foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bundagi jazo sanksiyalari ham avvalgi moddaniki o‘xshash.

Shuningdek, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, yer berish tartibini buzish bilan bog‘lik huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan.

Xususiy bandlik agentliklariga yengillik

Prezidentning “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2024 yil 1 dekabrdan boshlab, xususiy bandlik agentliklari litsenziya olishi uchun zaxira mablag‘lari miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha kamaytiriladi.

Mazkur zaxira mablag‘larini xususiy bandlik agentliklari agentlikning roziligisiz foydalanmaslik sharti bilan tijorat banklari depozitlariga joylashtiradi.

Agentlikning fuqarolarni tashkil etilgan holda tanlab olish, xorijga ishga jo‘natish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalari 2026 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.

O‘zbekistonga soliq to‘layotgan xorij kompaniyalari

O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 61 ta xorijiy kompaniya tomonidan 2024 yilning yanvar-sentabr oylarida 101,9 mlrd so‘m soliq to‘langan. 

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 barobar ko‘p. 

To‘langan soliqlarning 99,9 foizi elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 10 ta xorijiy kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p soliqni quyidagi uch kompaniya to‘lagan:

  • Meta — 41,1 mlrd so‘m;
  • Google — 26,1 mlrd so‘m;
  • Apple — 22,6 mlrd so‘m;

Mavzuga oid