Jahon | 00:00
863
4 daqiqa o‘qiladi

Hindiston farmatsevtika kompaniyasi Rossiyaga Amerika chiplarini yetkazib berayotgani ma’lum bo‘ldi

Aprel-avgust oylari davomida Shreya Rossiyaga Dell Technologies kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 300 million dollarlik 1111 ta superzamonaviy PowerEdge XE9680 serverlarini eksport qilgan.

Foto: Bloomberg

Xitoy va Honkong g‘arb mikrosxemalarining Rossiyaga yetkazilishida asosiy vositachiga aylandi. Ammo oxirgi yilda taqiqlangan texnologiyalar importi Hindiston orqali ham amalga oshirilmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davlat Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni egallamoqda.

Bundan tashqari, Hindiston superzamonaviy ehtiyot qismlarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Savdo operatsiyalarini kuzatib boradigan ImportGenius va NBD kompaniyalari ma’lumotlarini tahlil qilgan Bloombergʼning yozishicha, bu bilan 1995 yilda Rossiyaga farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib bergan Shreya kompaniyasi shug‘ullanmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning aprel—avgust oylari davomida Shreya Rossiyaga AQShning Dell Technologies kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 300 million dollarlik 1111 ta superzamonaviy PowerEdge XE9680 serverlarini eksport qilgan. Ularga sun’iy intellekt bilan ishlashga mo‘ljallangan Nvidia yoki Advanced Micro Devices protsessorlari o‘rnatilgan. 

Iyul oyida Amerika texnologik kompaniyasining mahalliy bo‘linmasi — Dell India bu yilgi eng katta yetkazib berishni amalga oshirgan — 738 ta server. Avgustda esa Shreya Rossiyaga 385 ta serverni yuborgan — bu eng yirik eksport partiyasi hisoblanadi. Uskunalarning o‘zi asosan Dell International Services India Private Ltd. buyurtmasiga asosan Malayziyadan olib kelinadi. Bloombergʼning qayd etishicha, o‘tgan davr mobaynida u yerdan 834 ta PowerEdge XE9680 server olib kelingan va ular Rossiyaga jo‘natilgan.

«Ta’kidlanishicha, sanksiya ostidagi tovarlarning Hindiston orqali eksporti 2023 yil dekabridan boshlab o‘sishi kuzatilmoqda», — deydi YeIning sanksiyalar bo‘yicha bosh vakili Devid O’Sallivan. Jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda u mazkur holatni Hindiston siyosati bilan emas, balki «ko‘p miqdorda to‘planib qolgan rupiy» bilan izohladi.

Rossiya neft yetkazib bergani uchun hind kompaniyalaridan pul olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda; chunki rupiy — konvertatsiya qilinmaydigan valuta bo‘lib, pullar Hindiston banklari hisobraqamlarida qoladi. Ikki tomonlama savdodagi nomutanosiblik juda katta: 2023 yilda Rossiya Hindistondan 5 milliard dollarlik tovar xarid qilgan bo‘lsa, 67 milliard dollarlik mahsulot sotgan — asosan xomashyo. Shu bois qo‘lga kiritiglan rupiylar bilan to‘lash mumkin bo‘lgan tovarlar miqdori ko‘p emas.

Vaziyatdan xabardor manbaning ta’kidlashicha, g‘arb davlatlari Hindiston Rossiyaga qurol ishlab chiqarishda foydalaniladigan mahsulotlarni xarid qilayotganidan norozi, shu boisdan oxirgi oylarda AQSh va YeI amaldorlari mamlakatga tashrif buyurgan va hind hukumatini bunday harakatlarga nisbatan chora ko‘rishga chaqirgan.

Shreya’ning asosiy biznesi — farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish. Savdo ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yanvardan 2024 yil avgustga qadar u Rossiyaga bu turdagi tovarlardan 22 million dollarlik sotgan.

Mavzuga oid