13 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Kambag‘allikdan chiqariladigan 1,2 million aholi, kambag‘al yoshlar uchun grantda o‘qish imkoniyati, nogironlarni qo‘llab-quvvatlashda yangi davr va O‘zbekistonda joriy etiladigan ijtimoiy karta — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
1,2 million aholi kambag‘allikdan chiqariladi
Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va kelgusi yil ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda kelgusi yilda 1,2 million aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, kasb-hunar, tibbiyot va yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.
Prezident bu yil amalga oshirilgan 34 muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni e’lon qildi. Kambag‘allik yuqori bo‘lgan mahallalarda 1 mingta oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bog‘cha o‘rinlarining 15 foizi kambag‘al oila farzandlari uchun ajratiladi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi.
Kambag‘al oilalardagi 4 ming 200 bolani bog‘cha ta’limi bilan qamrab olish bo‘yicha hududiy hokimlarga vazifalar yuklatildi.
Kambag‘al yoshlar uchun grantda o‘qish imkoniyati
Shuningdek, kambag‘al oilalar farzandlariga qo‘shimcha ta’lim imkoniyatlari yaratish masalasi muhokama qilindi. 2025 yilda 3,5 ming yosh oliygohlarga grant asosida qabul qilinishi qayd etildi.
Mutasaddilarga 1 martgacha to‘garaklar ochib, 118 ming kambag‘al yoshni chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish topshirildi. Bu xarajatlarning 80 foizi budjetdan qoplanadi.
Oliygoh rektorlari esa jami 4 ming yoshni o‘qitish jarayoniga bosh-qosh bo‘ladi. Prezident vazir Q.Sharipovga bu vazifalarni samarali bajarish uchun aniq topshiriqlar berdi.
Nogironlarni qo‘llab-quvvatlashda yangi davr
Yig‘ilishda nogironligi bor shaxslar bilan ishlash masalalari ko‘rib chiqildi. Joriy yilda nogironligi borlar soni Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga oshgani, ba’zi tumanlarda bu ko‘rsatkich 12 foizdan yuqori ekani ta’kidlandi.
Respublika bo‘yicha 33 ta tumanda nogironlarni reabilitatsiya qilish qamrovi 1 foizga ham yetmagani tanqid qilindi. Shu sababli, 2025 yilda reabilitatsiya ishlarini tubdan yaxshilash rejasi belgilandi. Barcha shifoxonalarda reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi, 12 ta markazda ergoterapiya, fizioterapiya va gimnastika qamrovi 5 baravar oshiriladi.
Qashqadaryoda reabilitatsiya tajribasi yo‘lga qo‘yiladi, 7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari tashkil etiladi. Koreya va Yaponiyadan ekspertlar mahalliy mutaxassislar malakasini oshiradi.
Reabilitatsiya samarasi nogironlarning harakati va muloqot qobiliyati yaxshilanishiga qarab baholanadi. Buning uchun shifokorlarga ustamalar beriladi.
2025 yilda 80 ming muhtoj insonga zarur protez vositalari yetkazib beriladi. Protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 30 taga, mablag‘i esa 1,5 barobarga oshirildi.
Bundan tashqari, 1 yanvardan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmatlari xarajatlari uchun 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, bunday shaxslarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million so‘mgacha grantlar taqdim etiladi. Bu kompaniyalar ish istagi bor odamlarni aniqlab, o‘qitib, korxona talablariga moslashtiradi va dastlabki 6 oy davomida hamrohlik qiladi.
O‘zbekistonda ijtimoiy karta joriy etiladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda fuqarolarning ijtimoiy xizmatlardan foydalanishini yengillashtirish maqsadida ijtimoiy karta joriy etilishi ma’lum qilindi.
Ijtimoiy karta orqali avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz, ta’lim xarajatlari uchun kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushiriladi.
Hozirda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjat talab etiladi. Ijtimoiy karta barcha hujjatlarning o‘rnini bosadi.
Tizim 1 iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi. 2025 yil yakuniga qadar ijtimoiy karta butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi.
Vazir jamoatchilik faolidan arz qildi
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi va jamoatchilik faoli Otabek Bakirovning 2023 yil iyunida yozgan tanqidiy posti bo‘yicha prokuratura va ichki ishlar organlariga shikoyat arizasi topshirdi. Mirzamahmudov postda o‘ziga nisbatan haqorat va obro‘sizlantirish holatlari borligini ta’kidladi.
Shikoyatga Bakirovning Sag‘bon podstansiyasidagi avariyalar va ta’mirlash ishlari haqidagi posti sabab bo‘lgan. Iqtisodchining qayd etishicha, post 1 yil-u 7 oy avval yozilgan bo‘lib, vazir arizasini 2024 yil oktyabr oyida taqdim etgan. Shuningdek, Bakirovning ta’kidlashicha, ariza vazir tomonidan rasmiy tarzda berilgan.
Shu bilan birga, Bakirov arizaning «Lolazor» podkastida vazir ishtirok etganidan 6 kun o‘tib kiritilganiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sag‘bon podstansiyasidagi muammolar yoritilganidan keyin uning mahallasi elektr ta’minotini boshqa podstansiyadan olmoqda.
Vazirning shikoyat arizasi hozirda Toshkent IIB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Mavzuga oid
21:31 / 12.12.2024
12 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:52 / 11.12.2024
11 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:29 / 10.12.2024
10 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:49 / 06.12.2024