19:55 / 08.09.2015
11003

Markaziy Osiyo Kurash Federatsiyasi tashkil etildi

5 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 24 yilligi va Kurash Xalqaro Assotsiatsiyalarining 17 yilliklari munosabati bilan Buxoro shahrida tashkil etilgan xalqaro turnir arafasida O‘zbekiston, Kozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston kurash federatsiyalari rahbarlari va vakillari tashabbusi bilan Markaziy Osiyo Kurash Federatsiyasi tashkil etildi. Buxoro viloyati Markaziy O‘yingohi majlislar zalida mazkur Federatsiyaning birinchi ta'sis kongressi bo‘lib o‘tdi.

Kongressda so‘zga chiqqan a'zo davlat federatsiyalari kurashni Markaziy Osiyo davlatlari orasida yanada keng rivojlantirish, muntazzam ravishda kurash bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatlari, ochiq va xalqaro turnirlar hamda o‘quv yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazishga kelishib olishdi.

Kongress davomida Markaziy Osiyo Kurash Federatsiyasining rahbar organlari ham saylandi.

Unga ko‘ra Markaziy Osiyo kurash federatsiyasi prezidenti etib bir ovozdan Buxoro viloyati Bolalar va o‘smirlar Olimpiya zaxiralari kolleji direktori lavozimida ishlab kelgan, xalqaro toifadaga hakam Xolmurotali Muborakov nomzodi saylandi.

Birinchi vitse-prezident etib Qozog‘iston kurash federatsiyasi prezidenti Bahrom Mo‘minov, vitse–prezidentlar Nurkan Osmanaliyev (Qirg‘iziston kurash federatsiyasi prezidenti), Mirza Qurbonov (Turkmaniston kurash federatsiyasi bosh kotibi), Murod Do‘simbetov (O‘zbekiston kurash federatsiyasi bosh murabbiyi) nomzodlariga ishonch bildirildi.

Markaziy Osiyo kurash federatsiyasi bosh kotibi sifatida Olim Hayitov faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

IKA matbuot xizmatining xabar berishicha, bugungi kunda sayoramizning 122ta davlatida kurash federatsiyalari, 5 qit'ada kurash konfederatsiyalari faoliyat yuritmoqda.

Qayd etilishicha, kurash – o‘zbekcha so‘z bo‘lib, halol yo‘l bilan maqsadga erishish degan ma'noni bildiradi. O‘tgan zamonlarda u milliy bayram, to‘y va ziyofatlarda namoyish etiladigan jismoniy ko‘ngilochar musobaqa sifatida mashhur bo‘lgan. U haqidagi ma'lumotlarni ko‘plab qadimiy adabiyotlarda ham uchratish mumkin.

Uch ming yil mobaynida Kurash Markaziy Osiyo hududidan tashqarida ma'lum bo‘lmagan. Mazkur hududdagi qardosh xalqlarning to‘yu bayramlari kurashsiz o‘tmagan.

O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida istiqlolning dastlabki yillaridanoq milliy qadriyatimizning ajralmas bo‘g‘ini hisoblangan kurashni jahon maydoniga olib chiqish ishlari boshlandi. 1998 yil 6 sentabr Kurash Xalqaro Assotsitsiyasi tuzilib, kurash sporti xalqaro sport turi sifatida tan olindi.

Top