Jamiyat | 20:05 / 24.09.2015
11694
7 daqiqa o‘qiladi

Instagram’siz shahzoda

Birlashgan Arab Amirliklarida ikkinchi shaxs hisoblangan, bosh vazir va Dubay amiri Muhammad ibn Rashid al-Maktumning katta o‘g‘li shayx Rashid ibn Muhammad al-Maktum 34 yoshga kirishiga bir yarim oy qolganida yurak xurujidan vafot etdi. Uning kichik ukasi hamda merosxo‘r Hamdan shunday yozadi: “Bugun qadrdon do‘stim va bolalikdagi birodarim, akam Rashidni yo‘qotdim. O‘rning bizga bilinadi”.

Bugun marhumning hayotiy dunyoda kim bo‘lgani haqida so‘z yuritamiz.

Britancha nazar

Instagram`dagi bor-yo‘g‘i ikki-uch qator ma'lumotlardan tashqari, Rashidning yoshligi haqida ko‘p narsa ma'lum emas. Arab amirlari va ularning merosxo‘rlari o‘zlarining hayotlari va boyliklarini omma oldida namoyish etishmaydi.

Amirning katta o‘g‘li Rashid uning birinchi va bosh xotini Hind binti Maktumdan dunyoga kelgan.

U va ukasi Hamdan milliy qadriyatlar asosida tarbiyalangan. Ularning tarbiyasida amirning ikkinchi rafiqasi, Iordaniya malikasi Hayi binti al-Husseynning ham ta'siri bo‘lgan.

Dubay merosxo‘ri shayx Rashid nomli ingliz tilidan saboq beruvchi maktabni tamomladi. Ana undan so‘ng otasi uni Buyuk Britaniyadagi Sendxerst harbiy akademiyasiga jo‘natadi. Ushbu akademiyada arab shayxlarining farzandlari o‘qishi odat tusiga kirgandi (Qatarning hozirgi amiri, Bahrayn qiroli, Bruney va Ummon sultonlari shu yerda tahsil olishgan).

Merosdan mahrum qilinish

Rashid ibn Muhammad otasining ishini davom ettirishga har tomonlama tayyorgarlik olib borardi: hukumatni boshqarish, iqtisodiy maslalar shular jumlasidan edi. Ammo kutilmaganda 2008 yilning 1 fevralida vaziyat birdan o‘zgardi. Katta o‘g‘il taxtdan voz kechishini e'lon qildi. Amir uning o‘rniga kichik o‘g‘li Hamdanni merosxo‘r etib tayinladi. Endi Hamdan amir o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borardi. Ish shu darajaga yetib bordiki, Rashidga hukumat boshqaruvi vakillari orasidan ham joy topilmadi.

Kutilmagan bu qadamning tashlanishini shunchaki bir tomosha sifatida e'tirof etishdi. Chunki diplomatlar va arab-mutaxassislarining qayd etishlaricha, amirning ikkinchi o‘g‘li otasining yonida doimiy bo‘lar, kameralar uni suratga olishar, mahalliy matbuot esa faqatgina u haqda yozardi. Xo‘sh, shunday ekan, katta o‘g‘il Rashidning bu qaroriga nima sabab bo‘ldi?

BAAdagi AQSh bosh konsuli Devid Vilyamsning “Vikiliks” orqali e'lon qilingan telegrammasi bu masalaga oydinlik kiritdi. Manbaning oshkor etmagan holda ma'lum qilishicha, Rashid saroy xizmatchilaridan birini o‘ldirib qo‘ygan. Bu esa, o‘z navbatida, amirning jahlini chiqargan va u meros masalasi bo‘yicha qarorini qayta ko‘rib chiqishiga turtki bo‘lgan.

Sport bilan hamnafas

Olib borilgan piar-kampaniya amirlik hamda butun dunyoga o‘z samarasini berdi, shahzoda Hamdan matbuot suyuklisiga aylandi. Dayver va parashyutchi, lochin bilan ov qilishni yoqtiruvchi, qo‘l ostida arslon va oq yo‘lbarslari bor, snoubordchi va Fazza taxallusi bilan she'r yozuvchi shoir, ajoyib chavandoz, ot sporti musoboqalarining bir necha karra chempioni, qimmatbaho avtomobil va yaxtalar sohibi Hamdan ibn Muhammad bularning barini Instagram`dagi o‘z sahifasida muntazam yoritib boradi. Hamdan qo‘li ochiq inson sifatida ham tillarga tushgan. U nogiron va kasal bolalar uchun ko‘plab mablag‘ ajratadi. Shu bois unga “Oloviddin” deb ism qo‘yishgan.

Mana bu fonda Rashid biroz kamtarroq ko‘rinadi (shunday bo‘lishi tabiiy, chunki Rashidning kapitali 2 mlrd dollardan kam, Hamdanniki esa 18 mlrd dollar). Rashidning Instagram`da hatto sahifasi ham yo‘q. Matbuot unga e'tibor bermadi deb aytib bo‘lmaydi. 2005 yildan buyon besh yil davomida “20 nafar eng ehtirosli arab erkaklari” ro‘yxatiga kirib keldi. 2010 yilda “Eskvayr” jurnali uni “20 nafar shohona qonga munosib shaxslar” ro‘yxatiga kiritdi.

Rashid ibn Muhammad taxtdan mahrum etilgach, butun e'tiborini sportga qaratdi. al-Maktumning barcha oila a'zolari otlarga qiziqadi, Rashid ham bu muhabbatdan mosuvo emas. Zabeel Racing International otlar korporatsiyasi unga tegishli bo‘lib, BAA yoki chet elda o‘tkazilgan ot musoboqalarida zafar quchmagan. Unda jami 428 medal mavjud. Rashidning sport olamidagi eng yuqori ko‘rsatkichi, 2006 yilda Dohada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida qo‘ylga kiritgan ikkita oltin medali hisoblanadi. Rashid 2008—2010 yillarda BAA Olimpiya qo‘mitasining prezidenti bo‘ladi, ammo o‘zining aytishicha, vaqti yetmasligi sabab, bu lavozimdan bo‘shab ketadi.

Olijanob oiladagi mashmashalar

Arab shayxlari o‘z ichki masalalarini omma e'tiboriga tushishini istashmaydi, ammo neft bilan bog‘liq ishlar yevropaliklar diqqat markazida turadi. Rashid bilan ham xuddi shunday bo‘ldi.

2011 yilda britan sudiga amirning Britaniyadagi saroyi xizmatchisi Olantunji Faleyye arz bilan murojaat etdi. Uning aytishicha, u irqiy hamda diniy tomondan kamsitilgan: shayx oila a'zolari unga “al-abd al-asvad” — “qora qul” deb murojaat etishib kelgan va uni “ahmoqona, past va jirkanch e'tiqod” egasi, ya'ni nasroniy deb haqorat etishgan.

Sud guvoh tariqasida saroy xizmatchilaridan yana biri — Ejil Muhammad Alining so‘zlarini eshitib ko‘rdi. Uning ta'kidlashicha, Rashid giyohvand bo‘lib, yaqinda reabilitatsiya kurslaridan o‘tgan.

Ammo bu va bunga o‘xshash mojarolar Dubaydagi qirollik uyininng nufuziga putur yetkaza olmaydi. U OAV va ijtimoiy tarmoqlar ortidan millionlab dollar olib keluvchi vositaga aylanib qolyapti xolos. Rashidning Facebook`dagi sahifasida ma'lum bo‘lishicha, uning vafotidan so‘ng, ko‘pchilik, ayniqsa, kambag‘al mamlakatlar aholisi bu qayg‘uni xuddi o‘zlariniki singari qabul qilishgan.

XABARDOR.UZ / Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi.