Jahon | 16:30 / 24.05.2016
8956
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda amal qiluvchi hayratlanarli taqiqlar

Xitoy hukumati o‘z iqtisodiyotini jahon hamjamiyati uchun ochiq qilishni xohlashini ta'kidlashi barobarida, zamonaviy texnologiyalar va mediaga kirish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishda davom etmoqda. Quyida e'tiboringizga mamlakat hukumati tomonidan taqiq joriy qilingan o‘nlikni keltiramiz.
1. Instagram

Xitoy rahbarlari, mamlakatning ulkan iqtisodiyotida bozorlarga muhim ahamiyat qaratishga va'da bergani hamda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirayotganiga qaramay, ayrim sohalarda mamlakat yopiq eshiklar ortidagi davlat bo‘lib qolmoqda. Masalan, siz u yerda Instagram’dagi sahifangizdan foydalana olmaysiz! Suratga olish mumkin emas, axir!
Xitoy rahbariyati, 2014 yili Honkongda bo‘lib o‘tgan namoyishlardan so‘ng, suratlarni tarqatish ilovasini taqiqlab qo‘ydi. 

2. Twitter

Ushbu ijtimoiy tarmoq muxlislari, Xitoyga safar qilishdan avval, bunga e'tibor bersa yaxshi bo‘lardi. Xitoyda Twitter (TWTR, Tech30) har doim "xizmat doirasidan tashqarida".

Xitoy rahbariyatining ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan bunday jiddiy choralar ko‘rishiga, Arab bahori va 2009 yilgi Eron yashil inqilobida media tarmoqlarining tutgan o‘rni sabab bo‘lmoqda. 

3. Google

Ha, qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, siz Xitoyda dunyoning eng mashhur qidiruv xizmati Google, uning bo‘limlari, xususan, Gmail, YouTube ham qattiq nazorat va cheklov ostida ekanining guvohi bo‘lasiz. 

4. Facebook

Rasmiy Pekin, 2009 yildan Facebook’ning umid uchqunlarini so‘ndirib keladi. Va hozircha, ushbu ijtimoiy tarmoq faoliyati tiklanishidan darak yo‘q. Garchi Facebook asoschisi Mark Tsukerberg Xitoyga bir necha marotaba tashrif buyurgan va Si Tszinpin bilan qo‘l berib ko‘rishgan bo‘lsa-da, Pekin o‘z fikridan qaytayotgani yo‘q. 

5. Snapchat

Albatta, xorijdagi xitoyliklar ham vatanlariga qaytgach, Snapchat sahifasidan foydalana olmaydi. Ammo G‘arb media kompaniyalarining Xitoy bozoriga kirib kelishiga sun'iy to‘siqlarning yaratilishi, milliy tarmoqlarni rivojlantirishga turtki bo‘lmoqda. Xususan, Weibo anchagina ommabop, ko‘plab mahalliy xabar yuborish ilovalari gullab-yashnamoqda. 

6. Veb-saytlar

Pekin ma'muriyati istalgan vaqtda turli mazmundagi turli xil veb-saytlarni to‘sib qo‘yishi mumkin. Xususan, mamlakat kommunistik partiyasini tanqid qiluvchi saytlarga kirishning imkoni yo‘q. 

7. Xorijiy filmlar

Xitoy hukumati, bir yilda atigi 34 ta chet el filmiga mamlakat kinoteatrlarida namoyish etishga ruxsat beradi. Shu sabab, ko‘p hollarda, Hollivudning ko‘plab yangi blokbasterlari xitoylik kinoixlosmandlar nazaridan chetda qoladi.

Ruxsat berilgan filmlar ham, Kommunistik partiyasining jiddiy senzurasidan o‘tgachgina, Xitoy kinoteatrlariga yo‘l oladi. Masalan, tayvanlik rejissyor Eng Li eng yaxshi rejissyorlik ishi uchun Kino Akademiyasining sovrinini qo‘lga kiritganida, Xitoyda shov-shuv ko‘tarilgan edi. Ammo uning ijodiga mansub "Bukri tog‘" kartinasi Xitoyda umuman namoyish etilgani yo‘q. 

8. Elektron kitoblar va videolar

Pekin senzurasining yana bir nishoni xorijiy raqamli ma'lumotlar manbalaridir. O‘tgan oylarda, Apple kompaniyasining iBooks and iTunes xizmatlari hamda Disneyning onlayn video ko‘rish sayti to‘sib qo‘yildi. 

9. Kazinolar

XXR 1949 yildan boshlab qimorni qonun bilan taqiqlagan va shu davrdan beri kazinolar, turli xil qimorxonalar faoliyat ko‘rsatmaydi. Shunga qaramay, ayrim xitoyliklar noqonuniy qimorxonalar va lotereya o‘yinlari tashkil etishga jur'at etishadi. 

10. Kitoblar

Va nihoyat, kitoblar. Xitoy matbuot va nashriyotlar bosh boshqarmasi mamlakatda chop etiladigan barcha kitoblarni nashrdan chiqmasdan avval, jiddiy ko‘zdan kechiradi. Bunda senzura qoidalari amal qilishi aniq. Inson huquqlari, Tibet yoki kommunistik partiya haqidagi tanqidiy fikr va qarashlarga yo‘l yo‘q. Xitoy rasmiylarining daromadi, boyligi haqida so‘z yuritish ham mumkin emas. Shunday ekan, muallif senzuraga rozi bo‘ladi yoki 1,4 mlrd o‘quvchini yo‘qotadi.

Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.