Jahon | 08:07 / 05.06.2016
9263
3 daqiqa o‘qiladi

Snouden AQSh maxsus xizmati har bir yaponiyalik ortidan kuzatishini ma'lum qildi

AQShning Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) bilan hamkorlik qilgan pudratchi kompaniyaning sobiq xodimi Edvard Snouden barcha yaponiyaliklar AQSh hukumati tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ommaviy kuzatuv obektlari ekanliklarini ma'lum qildi. Snouden bu fosh qiluvchi ma'lumotlar bilan Tokiodagi xavfsizlik muammolari simpoziumi ishtirokchilari bilan Rossiyadan turib videoaloqa orqali bo‘lishdi, deb yozmoqda The Japan Times nashri.

"Ular siz qaysi dinga e'tiqod qilishingizni, nimani yaxshi ko‘rishingizni, kim haqida qayg‘urishingizni biladilar. Bizning vazifamiz har bir odamning hayot tarzini gavdalantirishdan iborat bo‘lgan", deb aytdi Snouden.

Snoudenning aytishicha, odamlar mobil telefon yoki kompyuter orqali uzatadigan barcha axborot qonuniy asoslarda AQSh razvedkasi tomonidan tahlil qilish uchun yig‘ilishi mumkin.

Snoudenning fikricha, Yaponiya uchun fuqarolarning maxfiylikni ta'minlash tizimini nazorat qilishdagi ishtirokining yo‘qligi hamda fuqarolar tomonidan hukumatni nazorat qilishning zaifligi jiddiy muammolar hisoblanadi.

Snouden Yaponiya hukumatiga bir qator sohalarda axborotni maxfiylashtirishga imkon beruvchi va bu sirni oshkor qilgan davlat xizmatchilari va uni olishga uringan jurnalistlarga qamoq jazosi bilan xavf soluvchi, 2013 yildagi davlat sirini qo‘riqlash haqidagi qonunni demokratiyaga xavf solishini aytdi.  

Uning aytishicha, bu bahsli qonunning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi ortida AQSh hukumati turgan, uning maqsadi MXAning Yaponiyadagi josuslik faoliyatiga ko‘mak berish bo‘lgan.

Snouden hukumat tomonidan bunday tahdidlarga qarshilik ko‘rsatish uchun OAV sohasida birlashishga chaqirdi.

Snouden, shuningdek, agar imkoniyat berilsa, vataniga qaytish istagini bildirdi. 

"Men barchasi kuzatiladigan va nazorat qilinadigan dunyoda yashamoqchi emasman", deb qo‘shimcha qildi Snouden va odamlar kelajak avlodlar uchun kuzatuvdan xoli bo‘lgan jamiyat shakllantirish ustida ishlashlari kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Snouden Yaponiyada 2009-2011 yillar yashagan. U MXA bilan Yokotadagi amerika bazasini kuzatish dasturi bo‘yicha shartnoma asosida ishlagan Dell Inc. kompyuter kompaniyasi xodimi bo‘lgan.

AQShda Snoudenga josuslik qilishda ayblov qo‘yilgan. Agar u vataniga qaytsa, 30 yillik qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin. 2014 yilda Rossiya hukumati unga 3 yillik yashash uchun ruxsat bergan.